08:33 / 04.03.2020
4 942

Namanganga kirib kelgan xitoyliklar «do‘konlarda bozor-o‘char qilib yurgani» tasdiqlanmadi

Namanganga kirib kelgan xitoyliklar «do‘konlarda bozor-o‘char qilib yurgani» tasdiqlanmadi
Foto: Uychi tuman hokimligi axborot xizmati
Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatining Uychi tumaniga bir guruh xitoyliklar kirib kelgani va do‘konlarda bemalol bozor-o‘char qilib yurgani haqida ma’lumotlar tarqaldi. «Daryo» muxbiri Azizbek Abduvaliyev vaziyatga oydinlik kiritdi.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yil fevral oyi oxirida chindan ham 5 nafar Xitoy fuqarosi Dubay va Moskva orqali avval Toshkent, so‘ng Namanganga kelgan. Mahalliy aholi bundan xabar topgach, koronavirus tarqalishi xavfidan tashvishga tushib, mutasaddilarga noroziligini bildirgan.

Foto: Uychi tuman hokimligi axborot xizmati
Uychi tuman hokimligi axborot xizmatiga rahbari Muhammadali Qambarovning aytishicha, holatni o‘rganish uchun tuman hokimi Muhammadayub Apaqov boshchiligida sektor rahbarlari, mutasaddi idoralar va jamoatchilik vakillari ishtirokida ishchi guruh tuzilgan. Ushbu ishchi guruh 2 mart kuni xitoylik mutaxassislar mehnat qilayotgan korxonalar joylashgan Axsi qishlog‘idagi «Yuksalish» mahallasiga borilgan. Sanoat korxonalaridagi vaziyat o‘rganilib, ishlab chiqarish jarayonlari ko‘zdan kechirilgan.

Foto: Uychi tuman hokimligi axborot xizmati
Shundan so‘ng mahalla faollari va murojaatchilar ishtirokida muloqot o‘tkazilib, hududdagi vaziyat, tibbiy nazorat bo‘yicha ma’lumot berilgan, aholini qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarilgan.

Uychida ovoza bo‘lgan xitoyliklarning 3 nafari «Nafis charm» MCHJda faoliyat olib boradi. Xorijiy kapital ishtirokidagi ushbu korxona ulushining 37 foizi xitoylik investorga tegishli.

Umidjon Otamirzayev. Foto: «Daryo»
— Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidek, xitoylik ishchilar birdaniga Namanganga kirib kelgani yo‘q. Teri mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonamiz 2011 yil fevralida faoliyatini boshlagan bo‘lsa, Vang Zxong o‘sha yili avgustida kelgan. Ukasi Vang Jin 2016, Zxang Xaoping esa 2012 yildan beri ishlab kelyapti, — deydi korxona ish boshqaruvchisi Umidjon Otamirzayev. — Uchchalovi ham texnolog: jihozlarimizga qaraydi, mahsulot sifatini nazorat qiladi. Anchadan beri shu yerda bo‘lgani uchun o‘zbek tilini ham o‘zlashtirib olgan. «Bemalol bozor qilib yurgan ekan» degan gaplar noto‘g‘ri, chunki bunga hojat yo‘q. Alohida yotoqxona qilib berilgan, barcha kerakli narsalarni o‘zimiz olib kelib beramiz.

Umidjon Otamirzayevning aytishicha, o‘tgan yili Xitoy, Turkiya va Ukrainaga 7 million dollarlik mahsulot eksport qilgan salkam 200 kishilik korxona uchun bunday malakali mutaxassislar kerak. Ular o‘tgan yili 25 dekabr kuni vataniga ta’tilga ketib, qariyb 2 oy davomida ortiga qaytolmagan payt ishlab chiqarish ham to‘xtab qolgan. Korxona kuni kecha, 2 mart kuni o‘z faoliyatini tiklagan.

Foto: Uychi tuman hokimligi axborot xizmati
Viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi Rustamjon Hamroqulovga ko‘ra, Xitoy fuqarolari Dubay, Moskvada va Toshkent xalqaro aeroportida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Ish joyiga yetib kelgan kuni tibbiy ko‘ruvdan o‘tkazilganda sog‘lom ekanliklari tasdiqlangan va 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olingan.

Shu hududda yashovchi fuqarolarning e’tirozlaridan so‘ng viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi ishchi guruhi tomonidan 2020 yil 2 mart kuni mazkur 5 nafar xorijiy fuqarodan virusologiya laboratoriyasida tekshirish uchun namunalar olingan. Tekshiruv xulosalarida musbat natijalar aniqlanmagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Namanganga kirib kelgan xitoyliklar «do‘konlarda bozor-o‘char qilib yurgani» tasdiqlanmadi