17:55 / 05.03.2020
2 627

Tuhmat va haqorat: Jurnalistlar boshqalardan ko‘ra og‘irroq jazoga giriftor etilishi adolatdanmi?

Tuhmat va haqorat: Jurnalistlar boshqalardan ko‘ra og‘irroq jazoga giriftor etilishi adolatdanmi?
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tuhmat yoki haqorat uchun jurnalistga jinoiy javobgarlikni bekor qilishni, bunday holatlarda qo‘llanadigan jarimalar miqdorini keskin kamaytirishni hamda fuqarolar davlat xizmatchisini haqorat qilgan holatlarda og‘irlashtiruvchi jinoiy javobgarlikni bekor qilishni taklif etmoqda.

O‘zgaga tuhmat yoki uni haqorat qilish hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydigan gunoh ish. Lekin jurnalist zoti ayrim vaziyatlarda maqola va materiallarini shoshilinch tarzda, faktlarni to‘la tekshirmasdan ommaviy axborot vositasida e’lon qilib yuborishi mumkin.

Aytaylik, maqoladagi qahramon (aksariyat hollarda ular amaldorlar bo‘ladi) yozilgan narsalarni kontekstdan yulib, haqorat deb qabul qilishi yoki tuhmatda ayblab, jurnalistni sudga berishi mumkin. Bu holat amaliyotda juda ko‘p kuzatiladi.

Mana shunday hollar yuz berganida amaldagi Jinoyat kodeksiga ko‘ra jurnalistni oddiy fuqarodan boshqacharoq, og‘irroq jazolar qarshi oladi. Masalan, tuhmat uchun oddiy fuqaro ozodlikdan mahrum etilmaydi, lekin jurnalist hatto qamalishi ham mumkin...

Keling, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga ko‘z yugurtiramiz.

E’tibor bering: 139-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoxud ommaviy axborot vositalari orqali tuhmat qilish — BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha (44 mln 600 ming so‘mdan 89 mln 200 ming so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolash;

140-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra, nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoxud ommaviy axborot vositalari orqali haqorat qilish — BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha (44 mln 600 ming so‘mdan 89 mln 200 ming so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilab qo‘yilgan.

Ya’ni oddiy fuqaro ham, deylik, amaldor ham avval ma’muriy javobgarlikka tortilib, bu qilmishini bir yil ichida takrorlaganidan so‘ng Jinoyat kodeksining birinchi qismi bo‘yicha ayblansa, jurnalist to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi qism bilan og‘ir jazoga tortiladi.

Eng qizig‘i, amaldorlarni haqorat qilgan fuqarolarga ham Jinoyat kodeksida og‘ir jazo nazarda tutilgan.

Jinoyat kodeksi 140-moddasining 3-qismi «a» bandiga ko‘ra, haqorat qilish jabrlanuvchining o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda amalga oshirilgan bo‘lsa — ya’ni, oddiy fuqaro aytaylik hokimni, yoki stadionda IIB xodimini haqorat qilsa — BHMning 400 baravaridan 600 baravarigacha (89 mln 200 ming so‘mdan 133 mln 800 ming so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi nazarda tutilgan.

Lekin yuqorida ham tilga olganimizdek, hokimiyat vakili va boshqa amaldorlar oddiy fuqaroni haqorat qilgan holatda ham ular faqat ma’muriy javobgarlikka tortiladi, xolos.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan ilgari surilayotgan takliflarga ko‘ra, JKning 139-140-moddalaridan ikkinchi bandni olib tashlash, ya’ni jurnalistlar ham birinchi marta tuhmat va haqorat uchun jinoiy javobgarlikka tortilmasdan, oddiy fuqarolar singari ma’muriy javobgarlikka tortilishini taklif qilmoqda.

Shuningdek, amaldorlarni va xizmat vazifasini bajarayotgan davlat idorasi xodimlarini haqorat qilgan fuqarolar uchun og‘irlashtiruvchi jinoiy javobgarlikdan voz kechish taklifi ham bildirilmoqda.

Shuhrat Shokirjonov tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tuhmat va haqorat: Jurnalistlar boshqalardan ko‘ra og‘irroq jazoga giriftor etilishi adolatdanmi?