23:53 / 06.03.2020
6 172

Virus Rossiyaga xavf sola boshladi. So‘nggi ma’lumotlar

Virus Rossiyaga xavf sola boshladi. So‘nggi ma’lumotlar
VALERY SHARIFULIN/TASS
Moskvada yana 5 kishida koronavirus aniqlandi, yana bir holat Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida qayd etilgan. Ayni vaqtda dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 100 mingdan oshib ketdi.

Epidemiologik tadqiqotlar markazi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu virus aniqlangan barcha rossiyalik bemorlar so‘nggi ikki hafta ichida Italiyada bo‘lishgan. Hozirda ularning barchasi infeksion bo‘limlarga joylashtirilgan.

Bungacha Rossiyada virusdan zararlanishning to‘rt holati qayd etilgandi — Tyumenda, Baykal orti o‘lkasida, Sankt-Peterburgda va Moskvada.
Bundan tashqari, Rossiyaning uch fuqarosi «Diamond Princess» kruiz laynerida virus yuqtirib olgan.

Moskva ta’lim va fanlar departamenti ma’lum qilishicha, 10 mart kunidan e’tiboran koronavirus tarqalgan mamlakatlardan kelgan talabalar poytaxtdagi oliy ta’lim muassasalarida o‘qishga qo‘yilmaydi va ular o‘z turar joyida ikki haftalik karantinda bo‘ladi - ular masofadan turib ta’lim olishlari mumkin.

Koronavirus Rossiyada qanday paydo bo‘lmoqda?
Dushanba kuni koronavirusga qarshi kurash shtabi va «Rospotrebnadzor» infeksiya Italiyadan qaytgan rossiyalikda aniqlangani haqida ma’lum qilgandi.

«2 mart kuni Italiyadan kelgan Rossiya fuqarosida Covid-2019 koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, ushbu yosh yigit Italiyada ta’tilda bo‘lganida, 2020 yilning 21 fevralida virusni yuqtirib olgan», deyilgandi shtab xabarida.

Ushbu fuqaro Rossiyaga 23 fevral kuni qaytgan va Moskva oblastidagi uyida yashashda davom etgan, 27 fevral kuni esa poliklinikaga murojaat qilgan, uni infeksion shifoxonaga jo‘natishgan.

Moskva meri Sergey Sobyanin o‘sha kuni shifokorlar ushbu bemor bilan birga Italiyadan Moskvaga reys orqali kelgan yana 13 nafar yo‘lovchini hamda bemorning yaqinlari bo‘lgan 11 kishini shifoxonaga yotqizishgani haqida ma’lum qildi.

5 mart kuni Moskvada koronavirus tarqalishi tahdidi tufayli «yuqori shaylik rejimi» joriy etildi. Poytaxt meri imzolagan farmonga ko‘ra, so‘nggi kunlarda 11 davlatdan (Buyuk Britaniya, Germaniya, Eron, Ispaniya, Italiya, Xitoy, Norvegiya, AQSH, Fransiya, Shveysariya va Janubiy Koreya) kelgan moskvaliklar ikki hafta davomida o‘zini o‘zi izolyatsiya qilishi kerak.

Farmonda qayd etilishicha, tibbiyot muassasalari, ko‘p qavatli turar joylar, jamoat transporti va boshqa xizmatlarda yuqori shaylik rejimi amal qiladi.

Shuningdek, Peterburg iqtisodiy forumi tashkilotchilari koronavirus tufayli 3-6 iyun kunlariga belgilangan tadbirni bekor qilishgan. Ayni vaqtda Sankt-Peterburgdagi Mechnikov nomidagi davlat shimoli-g‘arbiy tibbiyot universitetining 700 nafardan ortiq talabasi karantinga olingan. Bunga italiyalik talabada koronavirus kuzatilgani sabab bo‘lgan.

Mechnikov nomidagi davlat shimoli-g‘arbiy tibbiyot universiteti / REUTERS
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, virusdan zararlanish holatlari 100 mingdan oshib ketgan. 55694 kishi tuzalib ketgan, 3412 kishi vafot etgan.
Juma kuni Peru, Butan, Vatikan, Serbiya va Kamerun kabi davlatlar ham o‘z hududida koronavirusdan zararlanish holatlari aniqlanganini tasdiqladi.

Ayni vaqtda eng ko‘p zararlanish holatlari Xitoyning materik qismi (80 576 holat, 3042 o‘lim), Janubiy Koreya (6593 holat, 43 o‘lim), Eron (4747 holat, 124 o‘lim) hamda Italiya (3858 holat, 148 o‘lim) davlatlarida qayd etilgan. Koronavirusdan zararlanishning kamida bir holati tasdiqlangan davlatlar soni 90dan oshadi.

Jahondagi vaziyat
Britaniyada juma kuni koronavirusdan zararlanishning yana 48 holatini aniqlashdi - bu mamlakatda infeksiya tarqala boshlaganidan buyon eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichidir. Ayni vaqtga kelib virusdan zararlanganlarning jami soni - 163 nafar.
6 mart kuni bir bemor - surunkali kasalligi bor bo‘lgan 70 yoshli ayol Redingdagi shifoxonada vafot etgan.

Shuningdek, juma kuni Bakinhempshir grafligining Milton-Kins shahridagi shifoxonada olamdan o‘tgan 80 yoshli bemor o‘limiga ham koronavirus sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda. Tibbiyot xodimlari tahlil natijalarini kutishmoqda. Ushbu bemorga qaragan tibbiyot xodimlari karantinga jo‘natilgan.

British Airways aviakompaniyasi ikki xodimi koronavirusga gumonlanayotgani haqida xabar bergan. Ular izolyatsiya qilingan.

Juma kuni Vatikan o‘z hududida koronavirusga chalinishning ilk holatini tasdiqladi. Bemorning shaxsi ochiqlanmagan, faqat u Vatikandagi poliklinikaga murojaat qilgani ma’lum. Vatikan Sog‘liqni saqlash va gigiyena boshqarmasi dezinfeksiya qilish chora-tadbirlarini amalga oshiradi.

Shuningdek, Serbiya cog‘liqni saqlash vazirligi mamlakat hududida COVID-19 koronavirusidan ilk zararlanish holatini tasdiqladi: Subotitsada 43 yoshli erkak virus yuqtirgan, u yaqinda Budapeshtdan qaytgandi, u ayni vaqtda shifoxonaning alohida palatasiga joylashtirilgan, holati qoniqarli deb baholanmoqda.

Slovakiya bosh vaziri Bratislavada 52 yoshli erkakda virus aniqlanganini ma’lum qildi, u yaqin orada mamlakatdan tashqariga chiqmagan, ammo uning o‘g‘li Venetsiyada bo‘lib qaytgan.

Chexiyada 12 bemor qayd etilgan, ularning barchasi Italiya shimoliga safarlar bilan bog‘liq.
Niderlandiyada koronavirusdan ilk o‘lim holati qayd etildi: Rotterdam shifoxonasida 86 yoshli erkak olamdan o‘tdi. Bu mamlakatda jami 82 kishida Covid-19 aniqlangan.

Italiyada 5 mart kuni yana 41 kishi vafot etgan va bu mamlakatda virus qurbonlari soni 148 kishini tashkil etmoqda. Hukumat hozircha infeksiya tarqalishi oldini ololmayapti: so‘nggi bir kunda 800 kishida virus aniqlangan va bemorlar soni 3 858 kishiga yetgan.

Italiyaning Paduye shahrida ko‘chadayoq test o‘tkazilmoqda / EPA
Fransiyada virus yuqtirganlar soni 423 nafar bo‘lib turibdi, yetti kishi koronavirusdan vafot etgan. Mamlakatda 150 maktab yopilgan. Fransiya Milliy assambleyasi a’zosi Jan-Lyuk Reyser koronavirus bilan kasallangan, u og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan. Fransuz hukumati 100 ml idishdagi qo‘l uchun gelga maksimal narx belgilagan - 3 yevro. Bu narx 31 mayga qadar amalda bo‘ladi.

Misr sog‘liqni saqlash vazirligi juma kuni Nil daryosi orqali Luksordan Asuan shahriga kelgan kema yo‘lovchilarining 12 nafarida virus aniqladi, ammo ularning hech birida tashqi belgilar bo‘lmagan. Bungacha mamlakatda 3 kishida virus aniqlangandi, bemorlardan biri sog‘ayib ketgan.

AQSHda payshanba kuni vertolyot orqali San-Fransisko qirg‘oqlari yaqinida karantin holatida turgan «Grand prinsess» kruiz layneriga kasallikni aniqlash to‘plamlari tushirildi, kemada jami 3,5 ming kishi bor, ulardan 142 nafari britaniyaliklar.

«Grand prinsess» kruiz laynerida 3,5 mingdan ortiq kishi karantinda / EPA
Fevral oyida ushbu laynerda Meksikaga sayohat qilgan 71 yoshli erkak 3 mart kuni Los-Anjelesda vafot etdi, unda o‘limidan keyin COVID-19 aniqlangan. U bilan bir vaqtda kruiz laynerda sayohat qilgan yana ikki kishi ayni vaqtda Shimoliy Kaliforniyadagi shifoxonaga koronavirus tashxisi bilan yotqizilgan. 4 mart kuni kema karantinga olindi.

Vashington shtatining Sietl shahri atrofidagi hududda 20ta yangi holat qayd etildi. Bu shtatdagi bemorlar soni 70 nafarga yetdi.
Sietldagi ayrim firmalar, xususan Microsoft va Amazon o‘z do‘konlarini yopgan va xodimlaridan vaqtincha uydan ishlab turishni so‘ragan.

Rod-Aylend shtatida 200 kishi karantinga joylashtirilgan, shu yerlik o‘quvchilar yaqinda Italiyada bo‘lib qaytgandi; uch o‘quvchida COVID-19 aniqlangan.
Bu vaqtda Oq uy mamlakatda koronavirusni aniqlash uchun zarur bo‘lgan tibbiy qurilmalar yetishmovchiligi mavjudligini tan olmoqda.

Vitse-prezident Mayk Pens hukumat bu haftada 1 mln dona diagnostik qurilmalar yetkazib berish bo‘yicha va’dasini bajara olmasligini bildirgan.
AQSHda 14 kishi koronavirus qurboni bo‘lgan, bemorlarning jami soni 233 kishi.

Starbucks ko‘p martalik krujkalardan voz kechdi

GETTY IMAGES
Starbucks tarmog‘i ko‘p marta ishlatiladigan krujkalardan foydalanishni vaqtinchalikka to‘xtatdi.
Starbucks ma’muriyatining ta’kidlashicha, idishini o‘zi bilan olib keladigan mijozlar uchun skidkalar o‘z o‘rnida qoladi, ammo ichimlik ularga bir martalik qog‘oz stakanlarda quyib beriladi.

Britaniyadagi ikkita temir yo‘l kompaniyasi - Great Western Railway va LNER ham ko‘p marta foydalaniladigan idishlardan voz kechgan va bir martalik idishlardan foydalanishga o‘tgan.

Oziq-ovqat yetarlimi?

Britaniya supermarketlardagi ahvol / AFP
Britaniya hukumati matbuotni koronavirus ommaviy tarqalib ketgudek bo‘lsa ham, oziq-ovqat tanqisligi yuzaga kelmasligiga ishontirmoqda.
Mamlakat sog‘liqni saqla vaziri Mett Henkokning Bi-bi-si muxbiriga aytishicha, odamlar keragidan ortiq oziq-ovqat mahsulotlari sotib olmasliklari kerak.

«Eng asosiysi - biz supermarketlar bilan barcha kerakli ishlarni qilamiz, agar odamlar o‘zini izolyatsiya qilishiga to‘g‘ri kelsa, biz ularga zarur narsalarni yetkazib beramiz», - degan vazir.

Supermarketlardan birining rahbari vazirning so‘ziga izoh berib, ayni vaqtda talab eng ko‘p bo‘lgan mahsulotlar makaronlar, yormalar va konservalar ekanini qayd etib o‘tgan. U hukumat aholi talabini qondira olishi va mahsulotlarni o‘z vaqtida yetkazib berishga ulgurishi mumkinligiga shubha bildirgan.

«Mett Henkok nimanidir o‘ylab qo‘ygandir, u «biz supermarketlar bilan birgalikda barchasini qilamiz» dedi. Lekin biz hukumatdan bu borada hech qanday gap eshitmadik», degan mamlakatdagi supermarketlardan birining ijrochi direktori.

Londondagi Boots tarmog‘i dorixonalaridan biri bo‘shab qolgan / PA MEDIA
Juma kuni bosh vazir Boris Jonson koronavirusdan vaksina tayyorlash uchun 46 mln funt ajratilishini ma’lum qilgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Virus Rossiyaga xavf sola boshladi. So‘nggi ma’lumotlar