23:07 / 09.03.2020
2 570

AQSH ingliz tili o‘qituvchilari malakasini oshirish uchun 5 mln dollar ajratadi

AQSH ingliz tili o‘qituvchilari malakasini oshirish uchun 5 mln dollar ajratadi
Foto: Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati
9 mart kuni Toshkent shahridagi Lotte mehmonxonasida Xalq ta’limi vazirligi va Amerika kengashlari bilan hamkorlikda «English speaking nation: Secondary Teacher Training (ESN:STT)» dasturi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi ingliz tili o‘qituvchilarining malakasini oshirishga qaratilgan ushbu loyihaga AQSH tomonidan dastlabki 5 million dollar ajratiladi, deb xabar bermoqda Kun.uz nashri.

Tadbirda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov hamda AQSH elchisi Daniel Rozenblyum ham qatnashdi. Vazir loyiha haqida batafsil axborot berdi.
«Loyihaning maqsadi – O‘zbekistondagi ingliz tili o‘qituvchi-trenerlariga va o‘rta maktab ingliz tili o‘qituvchilariga kasbiy-professional rivojlanish uchun imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.

ESN:STT dasturi doirasida umumta’lim maktablarining 15 000 nafar pedagoglari hamda 1000 nafardan ortiq trener o‘qituvchilari ishdan ajralmagan holda o‘quvchilarning ingliz tilidagi bilim va mahoratini oshirish, shu bilan birga sifatli ta’lim berishga ko‘mak beruvchi metodlarni o‘rganadi.

Uch yillik dastur trenerlarni tayyorlash va umumta’lim maktablarning ingliz tili o‘qituvchilari uchun malaka oshirishning kaskad modeli (qisqa muddat ichida ko‘p sonli mutaxassislarni tayyorlash), ta’lim beruvchilar orasida o‘zaro kasbdoshlik ko‘magini shakllantirishga qaratilgan trenerlik dasturlarini o‘z ichiga oladi.

Dastur uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda TESOL xalqaro uyushmasi va Jorj Meyson universiteti (GMU) tomonidan olib boriladigan intensiv o‘quv dasturida qatnashish uchun har biri 40-45 nafar umumta’lim maktablarining ingliz tili o‘qituvchilaridan iborat ikkita guruh tanlab olinadi.

Har bir guruh TESOLning 140 soatlik, jumladan O‘zbekiston umumta’lim o‘rta maktablarida 20 soatlik majburiy amaliyot o‘tashni o‘z ichiga olgan asosiy sertifikat dasturida ishtirok etadi. Seminar-amaliyotlari mamlakatimiz umumta’lim maktablarida TESOL hamda Jorj Meyson universiteti tomonidan ikki hafta davomida olib boriladi.

To‘liq o‘quv kursini tugatgandan so‘ng nomzodlar TESOL asosiy sertifikatiga ega bo‘ladi va O‘zbekistonning asosiy o‘qituvchi-trenerlari jamoasiga kiritiladi. Eng kuchli o‘qituvchi-trenerlar ESNning mahoratli trenerlari bo‘lishi uchun qo‘shimcha treninglarda qatnashishi mumkin.

Ikkinchi bosqichda asosiy o‘qituvchi-trenerlar (CT) Trenerlarni tayyorlash institutida 10-12 hududdagi kasbdosh mentorlar (RPM) guruhiga trening o‘tkazadi va ularga mentorlik qiladi.

Uchinchi bosqichda CTlar trenerligi va rahbarligi ostida RPMlar bir yil davomida 10 nafar maktab o‘qituvchilarini o‘qitib, ularga trenerlik qiladi. Shu tarzda uchinchi yil yakuniga qadar 15000 nafar o‘qituvchilarni o‘qitishga erishamiz», – dedi Shermatov.

Ochilish marosimida qatnashgan AQSH elchisi Daniel Rozenblyumning ta’kidlashicha, qo‘shma loyiha o‘qituvchilarning malakasini oshirishga xizmat qilishdan tashqari, o‘quvchilarning til bo‘yicha sifatli ta’lim olishlariga kengroq imkoniyatlar yaratadi.

Shuningdek, mamlakat iqtisodiyoti yuksalishi uchun ham bu dasturning ahamiyati katta, chunki ta’lim orqali kelajakka sarmoya kiritilmoqda.
Xalq ta’limi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston maktablarida 33 mingdan ziyod ingliz tili fani o‘qituvchisi bor.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » AQSH ingliz tili o‘qituvchilari malakasini oshirish uchun 5 mln dollar ajratadi