20:13 / 10.03.2020
4 329

Juda ham qo‘rqib ketmaslik uchun koronavirus haqida nimalarni bilish kerak?

Juda ham qo‘rqib ketmaslik uchun koronavirus haqida nimalarni bilish kerak?
Koronavirus Janubiy Amerikaga ham yetib bordi. San-Paulu aeroporti, Braziliya./EPA
Koronavirus tarqalishi haqidagi xabarlar qariyb so‘nggi ikki oydan beri barcha axborot nashrlarining yangiliklar tasmasida yuqori qatorlarda turibdi. Turli davlatlar unga qarshi karantin me’yorlarini kiritdi.
Allaqayerdadir odamlar bu kasallik vasvasasidan g‘alati harakatlarga qo‘l ura boshladi, masalan, hojatxona qog‘ozlarini g‘amlashga kirishib ketdi.

Quyida koronavirusdan unchalik ham qo‘rqmaslik uchun u haqda nimalarni bilish kerakligini eslatib o‘tamiz.
Albatta, yaqindagina paydo bo‘lgan bu kasallikning xavfini kamaytirib ko‘rsatish to‘g‘ri ish emas. Shuning uchun unga qarshi qat’iy choralarni qo‘llagan turli davlatlar hukumatlari bu borada haq.

Shu bilan birga undan dahshatga tushishga ham asos yo‘q. Yaxshisi, unga qarshi usullardan foydalanish va shaxsiy gigiyena haqida qayg‘urish lozim.

Hammamiz o‘lamizmi? – Yo‘q.
Shifokorlarning ma’lum qilishicha, Covid-19 virusidan zararlangan kishilarning o‘lim ko‘rsatkichi oddiy grippga solishtirganda o‘n baravar yuqori. Ammo bu o‘rinda mutlaq raqamlarga va boshqa mayda jihatlarga e’tibor berish kerak bo‘ladi.

AQSHning Jons Hopkins Universiteti koronavirus tarqalishini ko‘rsatib turadigan interfaol va yetarlicha tezkor ravishda yangilanadigan onlayn xaritani ishlab chiqdi.

Amerikalik tadqiqotchilar yig‘ib borayotgan bu ma’lumotlar yangiliklarda juda kamdan-kam eslatilayotgan holatni – virus bilan kasallanganlarning yarmidan ortig‘i (hozirgacha 64 046 kishi) allaqachon tuzalib ketganini ko‘rsatadi.

Koronavirus bilan zararlangani rasman tasdiqlanganlarning 80%ida kasallik yengil shaklda kechayapti.

2020 yil 10 mart, seshanba kuni tongida dunyoda bu virus bilan kasallanganlar soni 115 mingdan ortgan bo‘lsa (ulardan 81 mingi Xitoyda), o‘lganlar soni 4 000 dan oshdi (ulardan 3 000 nafardan ortig‘i Xitoyda). Shunda o‘lim darajasi 3,5% atrofida bo‘ladi.

Koronavirus tufayli vafot etayotganlarning katta qismi keksa yoshdagilar va boshqa kasalliklar bilan ham og‘rigan kishilar ekanligi, yoshroq odamlar uchun esa bu virusdan o‘lish tahdidi deyarli nolga tengligi haqida juda ko‘p marta yozildi.

Bundan tashqari, o‘lim darajasini hisoblaganda yana bir holatga urg‘u berish kerak. Shifokorlarning aytishicha, virusdan zararlangan ko‘plab kishilarda kasallik shunchalik yengil o‘tganidan uni payqab bo‘lmaydi, kasallikni oddiy shamollash kabi o‘tkazib yuborishadi. Agar kasallikni mana shu tarzda o‘tkazib, tuzalib ketayotganlarning aniq sonini bilish imkoni bo‘lsa, unda yuqorida keltirilgan o‘lim darajasi (3,5%) keskin kamayadi.

Misol uchun, Angliyaning bosh sanitar shifokori, professor Kris Uitti ushbu kasallikdan o‘lim darajasini 1% atrofida deb hisoblaydi.

Xo‘sh, nima qilish kerak?
Shifokorlarning kuzatishlariga ko‘ra, ayni paytda yangi virus havo-tomchi yo‘li orqali – u bilan kasallangan bemor bilan yaqin aloqada bo‘lganda, masalan, bemor sizga ikki metrdan kamroq masofada turib aksirganda yoki siz tomonga so‘lak aralash tupurganda o‘tishi mumkin.

Bundan tashqari, koronavirus eshik tutqichi, metrodagi eskalator tutqichi kabi qattiq yuzalar orqali ham odamdan odamga o‘tish ehtimoli bor – bunday holatda virus o‘zi tushgan joyda ikki kun va undan ko‘proq ham yashaydi.

Shuning uchun shifokorlar qo‘lni tez-tez yuvib turishni, qo‘lni yuvganda har safar diqqat bilan, kamida 20 soniya davomida ishqalashni, antiseptik vositalardan foydalanish va qo‘l bilan yuzga tegmaslikni tavsiya qilyapti. Bu tavsiyalarning oxirgisini bajarish deyarli imkonsiz: aksariyat odamlar qo‘lini yuziga beixtiyor tekkizaveradi. Shunday ekan, qo‘lni tez-tez yuvib turish yaxshi chora bo‘ladi.

Xitoy va Sharqiy Yevropada hali yanvar oyidayoq yangi virusdan alkogol yordamida tuzalish mumkinligi haqida uydirmalar paydo bo‘lgandi. Bu mish-mishlar asossizligini olimlar o‘shandayoq aytishgan: alkogol aslida immun tizimini kuchsizlashtiradi, undan qo‘l va turli buyumlarning yuzasini dizenfeksiya qilish uchungina foydalanish mumkin.

Koronavirusga chalinganimni qanday aniqlashim mumkin?
Qisqa va lo‘nda aytganda buning faqat birgina yo‘li bor – laboratoriya testidan o‘tish.
Ko‘pchilikda bu kasallik quruq yo‘tal va isitma bilan boshlangan, faqat 5% odamlardagina burun oqishi (tumov) kuzatilgan.

Hozirda ko‘plab davlatlarning hukumatlari va shifokorlari o‘zini Covid-19 virusi bilan zararlangan deb gumon qilgan kishilarga bevosita shifokorning oldiga bormay (hech kimni zararlamaslik uchun), ularga qo‘ng‘iroq qilishi kerakligini maslahat beryapti.

Koronavirusga qarshi vaksinani qachon ishlab chiqishadi?
Olimlar Covid-19 virusiga qarshi vaksinani imkon qadar tezroq ishlab chiqishga harakat qilyapti. Biroq yangi dori namunalarini tuzish va sinovdan o‘tkazish jarayoni ko‘p vaqt oladi va eng yaxshi holatda vaksina taxminan bir yildan keyin tayyor bo‘lishi mumkin. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra ungacha hozirgi kasallik tarqalishi allaqachon to‘xtagan bo‘ladi.

Unda vaksina nega kerak? Vaksina – profilaktika vositasi sanaladi. Hozir u yo‘q ekan, shifokorlar yangi koronavirus bilan kasallanganlarda bungacha mavjud bo‘lgan virusga qarshi preparatlarni qo‘llab, amalda qanday natija berishini kuzatib boryapti. Yaqin haftalar ichida yetarlicha ma’lumot yig‘ib bo‘linsa, shifokorlar Covid-19 virusining og‘ir shakliga chalinganlarni qaysi vosita bilan davolash mumkinligini bilib olishadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Juda ham qo‘rqib ketmaslik uchun koronavirus haqida nimalarni bilish kerak?