18:52 / 11.03.2020
4 426

Koronavirus vahimasi: Qo‘rquvni yengish uchun kasallik haqida nimalarni bilish kerak?

Koronavirus vahimasi: Qo‘rquvni yengish uchun kasallik haqida nimalarni bilish kerak?
Foto: Getty Images
Koronavirusning sayyorada tarqalishi haqidagi ma’lumotlar yangiliklar orasida birinchi o‘rinni egallamoqda, turli davlatlar karantin joriy etmoqda va bularning barchasi ba’zi joylarda insonlarni g‘ayritabiiy qarorlar qabul qilishga undayapti — masalan, ko‘plab miqdorda hojatxona qog‘ozi sotib olish yoki alkogol kasallikdan himoyalaydi deb hisoblash.

Quyida koronavirusdan keragidan ortiqcha hayiqmaslik uchun u haqida nimalarni bilish kerakligi haqida eslatib o‘tiladi.

Albatta, yangi xavfli infeksiyani e’tiborsiz qoldirish mumkin emas — turli davlatlar rasmiylari virusning ko‘pincha juda qat’iy bo‘lgan oldini olish choralarini ko‘rib to‘g‘ri qilishmoqda.
Ammo vahima qo‘zg‘ashning ham hojati yo‘q. Yo‘riqnomalarga amal qilib, shaxsiy gigiyena haqida o‘ylash yaxshiroqdir.

Koronavirus nima?
Odam va hayvon organizmida kasallik uyg‘otuvchi viruslarning katta oilasi. Bir qancha koronaviruslar nafas yo‘llarini kasallantiradi: oddiy shamollash ko‘rinishidan tortib, SARS (boshqa nomi, atipik pnevmoniya)ga o‘xshagan og‘ir sindromlar keltirib chiqaradi.
Yangi aniqlangan virus COVID-19 (Coronavirus decease 2019) 2019 yil dekabr oyida Xitoyning Uxan shahrida tarqalishni boshlagan.

Hammamiz o‘lamizmi? Yo‘q
Shifokorlar Covid-19’dan o‘lim darajasi oddiy grippnikiga qaraganda yuqoriroq ekanligini tan olishmoqda. Ammo aniq raqamlar va boshqa tafsilotlarga e’tibor berish zarur.
Jons Hopkins nomidagi Amerika tadqiqot universiteti koronavirus tarqalishining interaktiv va tezkor xaritasini tuzdi.

Amerikaliklar tomonidan to‘plangan ushbu ma’lumotlar, xususan, yangiliklarda nisbatan kamdan-kam yoziladigan tafsilotlarni eslatib turadi: virus yuqtirib olganlarning yarmidan ko‘pi (66 mingdan ortiq kishi) allaqachon tuzalib ketgan.

Ro‘yxatga olingan bemorlarning taxminan 80 foizida kasallik yengil shaklda kechadi.
Chorshanba kuni tonggi holatga ko‘ra, dunyoda 121 mingdan ortiq kasallanish holati qayd etildi (shu jumladan, Xitoyda — 81 ming), vafot etganlar soni 4 378 nafar (shu jumladan, Xitoyda — 3 159). Shunday qilib, o‘lim darajasi 3,6 foizni tashkil qiladi.

Vafot etganlarning aksariyati boshqa kasalliklar bilan ham og‘rigan juda keksa yoshdagi odamlardir, yoshlar uchun koronavirusdan o‘lish xavfi nolga yaqinligi juda ko‘p marta yozildi.

Bundan tashqari, o‘lim darajasini baholashda yana bir jihatni hisobga olish kerak. Shifokorlarning ta’kidlashicha, ba’zi bemorlarda kasallik shu qadar yengil shaklda kechadiki, ular buni oddiy shamollash deb o‘ylashadi va shifokorga murojaat qilishmaydi. Agar ushbu bemorlarni aniqlash va sanash mumkin bo‘lsa, unda o‘lim darajasi sezilarli darajada pasayishi mumkin.

Masalan, Angliyaning bosh sanitar shifokori, professor Kris Uittining so‘zlariga ko‘ra, agar barcha bemorlar aniqlansa, ushbu mintaqadagi o‘lim darajasi 1 foizni tashkil qiladi.

Unda nima qilish kerak?
Hozirgi vaqtda shifokorlarning kuzatuvlariga ko‘ra, yangi virus yaqin muloqotda havodagi tomchilar orqali yuqadi — masalan, sizdan ikki metrdan kam masofada bo‘lgan va aksirayotgan (yoki kichik tupuk sachratib gapirayotgan) odam sizga virusni yuqtira oladi.

Bundan tashqari, koronavirusni qattiq yuzadan yuqtirish mumkin (eshik tutqichi yoki metroda eskalator tutqichi) — bunday sirtlarda u ikki kun yoki undan ham ko‘proq yashay oladi.

Shuning uchun shifokorlar tez-tez va kamida 20 soniya davomida qo‘llarni yuvishni, antiseptikdan foydalanishni va qo‘llar bilan yuzga teginmaslikni tavsiya qilishmoqda.
Oxirgisi aslida deyarli imkonsiz: ko‘pchilik odamlar beixtiyor yuzlariga teginishadi, shuning uchun qo‘llarni tez-tez yuvish kerak.

Xitoy va Sharqiy Yevropada yanvar oyidayoq yangi virusdan qutilishda alkogol yordam beradi, degan yolg‘on tarqalgandi. Xabarning asossizligi o‘sha vaqtda isbotlangan: alkogol immunitet tizimini susaytiradi, undan faqatgina qo‘l va tashqi yuzalarni dezinfeksiya qilishda foydalanish yaxshiroqdir. Faqat eritmadagi spirt konsentratsiyasi 60 foizdan iborat bo‘lishi kerak va ichimliklarda bu ko‘rsatkich juda kam bo‘ladi.

Kasallik belgilari
Isitma, lanjlik va quruq yo‘tal. Ba’zi kasallarda uchraydigan simptomlar: burun bitishi, tumov, mushak og‘riqlari, tomoq og‘rig‘i va ich surishi. Bu simptomlar boshlanishida yengil seziladi va shiddatli bo‘lmaydi. Virusni yuqtirib olganlarning ayrimlari yuqoridagi bu asoratlarni og‘ir his qilmasliklari mumkin.

Kasallanganlarning 80 foizi esa maxsus muolajalarsiz tuzalishadi. Yuqtirganlarning olti nafardan bir nafari og‘ir kasallanadi va nafas olishi qiyinlashadi. Qariyalar va boshqa tibbiy muammolari bor bo‘lgan shaxslarda yuqori qon bosimi, yurak kasalliklari va diabet kuzatiladi.

Kasallikka chalinganlikni qanday sezish mumkin?
Qisqasini aytganda, yagona usul bu laboratoriya sinovidir.
Ko‘p hollarda kasallik quruq yo‘tal va isitma bilan boshlanadi, burun oqishi bemorlarning taxminan 5 foizidagina paydo bo‘ladi.

Ko‘plab mamlakatlardagi shifokor va rasmiylar o‘zida Covid19’ga shubha uyg‘ongan insonlardan kasalxonaga borishni emas (hech kimga yuqtirmaslik uchun), balki ularga qo‘ng‘iroq qilishni tavsiya qilishmoqda yoki qat’iy so‘rashmoqda.

Vaksina qachon paydo bo‘ladi?
Olimlar bor kuchlarini sarflashmoqda, ammo yangi dorilarni yaratish va sinovdan o‘tkazish tartibi shundayki, vaksina kamida bir yildan so‘ng tayyor bo‘ladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, u vaqtga borib hozirgi avj olish to‘xtagan bo‘ladi.

Ammo vaksina kasallikni oldini oluvchi vosita va u yo‘q bo‘lgan hozirgi vaqtda shifokorlar viruslarga qarshi mavjud preparatlar bemorlarga qanday ta’sir qilishini o‘rganishmoqda. Kelgusi bir necha haftada yetarli miqdordagi ma’lumotlar to‘planishi bilan shifokorlar eng kamida Covid-19 kechishi nisbatan og‘ir o‘tayotgan bemorlarni nima bilan davolash yaxshiroq bo‘lishini tushunishga imkon tug‘ilishiga umid qilishmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan batafsil ko‘rsatmalar:

1. Qo‘lni muntazam sovun bilan yuvish yoki spirtli salfetkalar bilan artish.
Nima uchun? Sovunli suv yoki spirt moddasi viruslarni tez o‘ldiradi.

2. Aksirayotgan yoki yo‘talayotgan odamga bir metr masofada yaqin bo‘lmaslik.
Nima uchun? Virusni yuqtirgan bemor aksirish yoki yo‘talish orqali havoga virusli tomchilarni sochadi va unga yaqin turgan boshqa inson bu tomchilar bilan nafas olib virus yuqtirishi mumkin.

3. Ko‘z, burun va og‘izga qo‘l bilan tegmaslikka urinish.
Nima uchun? Qo‘l tekkan joyga virusli tomchilar yopishgan bo‘lishi mumkin. Qo‘lga yopishgan virusli tomchilar ko‘z, og‘iz va burun orqali kishining ichiga kirib olishi va butun organizmni kasallantirishi mumkin.

4. O‘zingiz va atrofingizdagi odamlar yo‘talayotganida va aksa urayotganida og‘iz va burunlarini dastro‘mol, salfetka yoki yenglari bilan yopishi kerak.
Nima uchun? Bu respirator gigiyenasi bo‘lib, og‘izdan sochilayotgan virusli tomchilarni havoga sachratmaslikka urinishni anglatadi.

5. Virus kasalligi simptomlarini o‘zingizda sezsangiz, uydan chiqmasdan, shifokorga xabar bering va tibbiy xodimlarning tavsiyalariga amal qiling.
Nima uchun? Milliy va mahalliy tibbiy mutasaddilar yashash joyingizdagi vaziyatni bilishadi. Telefon orqali xabar bersangiz, tibbiy xodim aniq ko‘rsatma berib turadi. Bundan tashqari, siz virus tarqalishi oldini olgan bo‘lasiz.

6. Covid19 to‘g‘risidagi yangiliklardan boxabar bo‘lib turing.
Nima uchun? «Bilim kuchdir» tamoyili bu vaziyatda juda qo‘l keladi. Ishonchli manbalarda virusning tarqalish vaziyati, tahlikalar, simptomlar, profilaktik va davolanish muolajalari haqida xabarlar berib boriladi.

7. Covid19 eng ko‘p tarqalgan hududlar haqida xabardor bo‘lib turing va u yerlarga borishdan tiyiling, ayniqsa, yoshi kattalar va diabet, yurak, o‘pka kasalliklari bor insonlar bundan saqlanishi lozim.
Nima uchun? Virus tarqalgan hududlarda kasallikni yuqtirib olish ehtimoli yuqori bo‘ladi.

8. Agar virus tarqalgan yurtlarning biridan qaytgach, 14 kun ichida tanangiz harorati 37.3 yoki bundan balandroq bo‘lsa, yoki tumov asoratlarini sezsangiz, mutlaqo tuzalib ketmaguningizgacha uydan chiqmang. O‘ta zarur holatlarda, masalan, oziq-ovqat olish uchun, og‘iz va burningizni yopadigan tibbiy niqob taqib tashqariga chiqing.
Nima uchun? Boshqalar bilan uchrashib yurish va hatto tibbiy muassasalarga qatnashdan tiyilish kasallik keng tarqalishi oldini oladi.

9. Agar holatingiz og‘irlashib borsa, masalan, isitma tushmasligi, yo‘tal va nafas olish qiyinlashishi kuzatilsa, mahalliy tibbiy xizmatga xabar bering va ularga yaqin orada qaysi mamlakatlarga borib kelganingiz yoki kaysi chet mamlakatlarga chiqib kelgan odamlar bilan muloqotda bo‘lganingiz haqida xabar bering.
Nima uchun? Tibbiy xodim sizga tezkor muolaja ko‘rsatmalarini beradi va bu chora kasallikning keng tarqalishi oldini oladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Koronavirus vahimasi: Qo‘rquvni yengish uchun kasallik haqida nimalarni bilish kerak?