12:30 / 12.03.2020
2 579

O‘zbekistonda mahkumlarga qator huquqlar berilishi kutilmoqda

O‘zbekistonda mahkumlarga qator huquqlar berilishi kutilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 11 mart, chorshanba kuni, bo‘lib o‘tgan navbatdagi yalpi majlisida deputatlar tomonidan o‘nlab masalalar ko‘rib chiqildi. Xususan, «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi 631-sonli qonun loyihasi ham qizg‘in muhokama qilindi. Bu haqda «Daryo» xabar bermoqda.

Yig‘ilishda aytilishicha, mazkur qonun loyihasi hukumat tomonidan kiritilgan bo‘lib, u 4 ta moddadan iborat. Loyihani ishlab chiqishda 2019—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar inobatga olingan. Shu bilan birga ilg‘or xorijiy tajriba hamda xalqaro standartlar o‘rganilib, Ispaniya, Turkiya va Yaponiya davlatlari tajribalaridan foydalanilgan.

Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Solihovning ta’kidlashicha, loyiha qabul qilingach, quyidagi tartiblar amaliyotga joriy etilishi kutilmoqda:

mahkumlarning shaxsiy xavfsizlik huquqini ta’minlash mexanizmi takomillashtiriladi. Jumladan, mahkum o‘z xavfsizligini ta’minlashni so‘rab, muassasa yoki organning har qanday xodimiga ariza, xabar bilan murojaat etish huquqiga ega bo‘ladi. Murojaatni ko‘rib chiqish davrida mahkum vaqtinchalik xavfsiz joyga joylashtirilishi, unga nisbatan xavfsizlik choralarini qo‘llash to‘g‘risida yoki ularni qo‘llashni rad etish bo‘yicha 3 sutka ichida, kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda esa darhol qaror qabul qilinishi ko‘zda tutilyapti;

tintuv va ko‘zdan kechirish jarayonida mahkumlarga nisbatan jismoniy kuch va maxsus vositalarni ishlatish taqiqlanmoqda;

uzoq muddatli uchrashuv mahkumlar iltimosiga ko‘ra, qisqa muddatli uchrashuv, videomuloqot yoki telefon orqali so‘zlashuv bilan almashtirilyapti. Qisqa muddatli uchrashuv esa videomuloqot yoki telefon orqali so‘zlashuv bilan almashtirilishi mumkinligi nazarda tutilmoqda;

mahkumlarni rag‘batlantirish maqsadida yangi modda ishlab chiqildi. Unga muvofiq, rag‘batlantirish masalalarini ko‘rib chiqadigan maxsus komissiyani tuzish, uning tarkibi, komissiya faoliyatida jamoatchilik ishtiroki hamda muddati aniq belgilanyapti;

tarbiya koloniyalarida jazoni o‘tayotgan voyaga yetmagan mahkumlarning ota-onalari va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga cheklanmagan miqdorda uchrashuvga ruxsat berish rejalashtirilyapti;

homilador va bolasi bor mahkum ayollarga qo‘shimcha huquqlar berilmoqda. Xususan, mahkum ayollarga voyaga yetmagan farzandlari bilan bir yil davomida 4 marotaba muddati 5 sutkagacha bo‘lgan uzoq muddatli uchrashuv berilishi rejalashtirilyapti. Manzil koloniyada esa muassasa hududi doirasidan tashqarida, qoidaga ko‘ra, ishdan bo‘sh vaqtda cheklanmagan holda yashash imkoniyati bilan uzoq muddatli uchrashuv berish belgilanmoqda;

mahkum ayollarga 3 yoshga to‘lmagan bolalarini jazoni ijro etish koloniyalari qoshidagi bolalar uyiga joylashtirishga va ishdan bo‘sh vaqtda ular bilan cheklanmagan miqdorda birga bo‘lishga ruxsat berilishi mumkin.
Majlisda qonun loyihasi atroflicha ko‘rib chiqilib, birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda mahkumlarga qator huquqlar berilishi kutilmoqda