18:53 / 19.03.2020
1 219

Alisher Xo‘jayev MTRKning to‘laqonli raisi etib tayinlandi

Alisher Xo‘jayev MTRKning to‘laqonli raisi etib tayinlandi
Hukumat qarori bilan Alisher Xo‘jayev O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi (MTRK) raisi etib tayinlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, shu munosabat bilan u MTRK raisi vazifasini bajaruvchi lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek, Madamin Safarov MTRK raisi o‘rinbosari etib tayinlandi. Hozirga qadar ushbu lavozimda Sardor Mirzakarimov faoliyat yuritib kelgan.

Eslatib o‘tamiz, Alisher Xo‘jayev 2005 yil aprelidan 2017 yil boshiga qadar O‘zMTRK rahbari bo‘lgan, 2017 yil boshida ishdan ketgan va uning o‘rniga Xurshid Mirzohidov tayinlangandi. Mirzohidov bu lavozimda yarim yil, 2017 yil avgustiga qadar faoliyat yuritdi. So‘ng Bobur Alixonov bir oyga yaqin vaqt davomida televideniyega rahbarlik qildi, biroq 2017 yil avgust oyi oxirida u lavozimdan olindi. O‘sha yil avgustning so‘nggi kunlari Alisher Xo‘jayev MTRK raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Alisher Xo‘jayev 1963 yili Toshkent viloyatida tavallud topgan, 1985 yili Samarqand davlat universitetini tamomlagan.

U 1985—1993 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tekshirish institutlari, ishlab chiqarish birlashmalarida faoliyat olib borgan, 1993—1996 yillarda NKK firmasida tizim muhandisi bo‘lib ishlagan.

Alisher Xo‘jayev 1996 yildan rahbarlik lavozimlarida faoliyat yurita boshlagan. 1996 yildan 1998 yilga qadar «KomUzAziya» kompaniyasida, 1998—2001 yillarda esa UzPAK kompaniyasida bosh direktor lavozimida mehnat qilgan.

2001—2002 yillarda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari, 2002—2005 yillarda O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligining (hozirgi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi) rahbari o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Shundan keyin, 2005 yil 15 aprelidan O‘zbekiston Teleradiokompaniyasiga rahbarlik qilishni boshlagandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)