20:27 / 21.03.2020
6 818

Karantinda ish haqi yoki ta’til to‘lovlari qanday bo‘ladi?

Karantinda ish haqi yoki ta’til to‘lovlari qanday bo‘ladi?
Nozim Husanov
Karantin sharoitida mehnat munosabatlari qanday tashkil etiladi? Karantinga olingan fuqaroga kasallik varaqasi beriladimi, yo‘qmi? Karaantin munosabati bilan berilgan mehnat ta’tili to‘lovlari necha foiz bo‘lishi kerak? Xorijga chiqa olmay qolgan mehnat muhojirlari ishsizlar safini kengaytirgan bir vaqtda, ishsizlik muammosiga qanday yechim bor? BMMV rahbari Nozim Husanov shu kabi savollarga javob berdi.

Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk marotaba milliy miqyosda tibbiy karantin joriy qilindi. Shu bois, barcha turdagi tashkilotlar va ishchi-xizmatchilarning o‘zaro mehnat munosabatlarida qator savollar paydo bo‘ldi. Barcha transport aloqalarining to‘xtatilishi bois, qish mavsumida xorijdan vatanga qaytgan mehnat muhojirlari mamlakat ichkarisidagi ishsizlar safini kengaytirdi. Kun.uz muxbiri karantin holatidan kelib chiqqan turli savollar bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanovga murojaat qildi.

Karantin holatiga doir mehnat qonunchiligi
Karantin chorasi O‘zbekistonda birinchi marta qo‘llanilmoqda. Shuning uchun ham juda ko‘plab savollar paydo bo‘ldi: bu davlat tashkilotlarida ham, tadbirkorlar tomonidan ham bo‘lyapti. Vazirlikning ishonch telefonlariga, saytiga aynan karantin vaqtida mehnat munosabatlarini qanday shakllantirish bo‘yicha juda ham ko‘plab savollar bo‘ldi. Prezidentimiz kasallikning iqtisodiyotga salbiy ta’sirlarini kamaytirish chora-tadbirlari bo‘yicha farmoni qabul qildi.

Mazkur farmonda mehnat munosabatlarini takomillashtirish bo‘yicha ham qator yengilliklar va tadbirlarni amalga oshirish belgilandi.

Respublikadagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktablar va oliy ta’lim muassasalarida karantin e’lon qilindi va farzandlarimiz uyda o‘tirishiga to‘g‘ri kelmoqda. Kimningdir uyida farzandlarga qarovchisi bor, kimdadir yo‘q, otasi yoki onasidan biri birga bo‘lishi kerak. Ushbu farmon orqali, mehnat qonunchiligi talablaridan kelib chiqqan holda yana bir imkoniyat berildiki, bog‘cha tarbiyasi yoshida bo‘lgan yoxud umumta’lim o‘rta maktabning 1-4 sinflarida o‘qiydigan farzandlarning yo otasi, yoki onasi, yo bo‘lmasa, vasiyiga mehnat ta’tili beriladi.

Idora va tashkilotlar tomonidan beriladigan yengilliklarda qaysi xodimlar ustuvorlikka ega?
Har bir idora-tashkilotlar, pensiya yoshidagi keksa ishchilar, homilador ayollar, nogironligi bor yoxud ishlay oladigan ammo surunkali xastaligi bor xodimlari bo‘lsa, ularga masofadan ishlash yoki qisqa muddatli ishlash imkoniyatlarini yataqdim etishlari zarurligi farmonda belgilab o‘tildi. Bu ham xodimlarning o‘z sog‘liqlarini saqlashlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Xususiy tadbirkorlik sub’ektlari xodimlariga ta’til bersa, pul to‘laydimi?
Prezident farmonida mulkchilik shaklidan qat’inazar barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda mehnat ta’tili berish tartibi qo‘llanilishi belgilab o‘tilgan.

Karantinga olingan fuqarolarga kasallik varaqasi beriladimi yoki ta’til?
Bu bo‘yicha ham ishonch telefonimizga ko‘plab murojaatlar tushayotgandi. Chunki, karantinga olingan fuqarolar 14 kun maxsus saqlanish joylarida bo‘lishi belgilab o‘tilgan. Farmonda belgilanganidek, karantinga olingan fuqaro ishlovchi bo‘lsa, unga kasallik varaqasi beriladi. U bo‘yicha esa, ish haqining 100 foizi to‘lab berilishi nazarda tutildi.

Amaliyotda, xodimning ish stajidan kelib chiqqan holda kasallik varaqasi bo‘yicha ish haqi 60-80 foizni tashkil etgan. Lekin, karantin vaqtida oilaning biror ishlovchi a’zosi, yoki 14 yoshgacha bo‘lgan farzandi karantinga olingan taqdirda, unga qarovchisi ishlaydigan bo‘lsa, unga ham kasallik varaqasi rasmiylashtiriladi va ish haqining 100 foizi to‘lanadi.

Karantin tufayli ta’tilga chiqqan xodim ish haqi 100 saqlab qolinadi
Mehnat kodeksiga ko‘ra, xodimning roziligi bilan ish haqi saqlanmagan ta’til berish mumkin. Xodim, istasa, o‘z arizasiga binoan, ta’til puli to‘lanmaydigan ta’tilga chiqishi, yoki mehnat ta’tili taqvimi bo‘yicha ta’tilga chiqishi ham mumkin. Shu bilan birga, karantin munosabati bilan ta’tilga chiqarilishi ham mumkin. So‘nggi holatda ish haqi 100 foiz saqlanib qolinishi prezident farmonida belgilab berilgan.

Xorijga keta olmay qolgan mehnat muhojirlari ishsizlar safiga qo‘shildi. Ularni ish bilan ta’minlash muammosi qanday hal etiladi?
Bu masala haqiqatdan ham dolzarb tus oldi. Sababi, qo‘shni mamlakatlarimiz Qozog‘iston va Rossiya o‘z chegaralarini yopdi, mehnat muhojirlarimizning ushbu davlatlarga ketish mavsumi edi. Ularni ish bilan ta’minlash kerak.

«Obod qishloq», «Obod markaz» va «Obod mahalla» dasturlari qabul qilingan bo‘lib, ularni mart oyidan boshlab amalga oshirish, bu ishlarga ko‘plab fuqarolarni jalb qilish nazarda tutilgan. Raqamlarda aytadigan bo‘lsak, mart-aprel oylarida jamoat ishlariga 26 ming kishini jalb qilishimiz, ularning ishlarini moliyalashtirish uchun ayni jamg‘armadan 19 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan edi.

Prezident farmoni bilan mana shu oylarda bu mablag‘larni ikki yarim baravardan ortiqqa oshirib, 70 mingdan ortiq fuqaroni jamoatchilik ishlariga jalb qilish, bu maqsadga qariyb 60 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirish imkoniyati berildi.

Bundan tashqari, aksariyat fuqarolarimiz viloyatlar, tumanlar qishloqlarida istiqomat qilishadi. O‘sha hududlarda qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yerlarda xohish bildirgan fuqaroga 20 sotixdan yer ajratilib, kooperativ usulda xo‘jalik birlashma tashkil etiladi. Birlashma a’zolari ishsiz, band bo‘lmagan aholi tarkibidan tanlab olinadi va ularga jamg‘arma hisobidan 2 mln 300 ming miqdorida subsidiya berish mexanizmi ham bor. Mazkur farmon bilan ushbu subsidiya miqdorini 2-3 baravar oshirish imkoni yaratildi.

Shu bilan birga, ko‘plab fuqarolarimiz o‘zlarining shaxsiy tomorqalarida faoliyat olib borishlari uchun subsidiya berish imkoniyatimiz ham bor.

Buning uchun fuqarolar qayerga, kimga murojaat qilishlari kerak?
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining joylardagi bo‘limlari bilan birgalikda mahallama-mahalla yurib, shunday fuqarolarning ro‘yxatini tuzib, ularga yuqoridagi xizmatlar taklif qilinmoqda. Bu jarayon boshlangan, prezident farmoni esa, bu jarayonni yanada jadallashtirdi.

Yana bir yo‘nalish bor, vazirligimiz huzuridagi jamg‘arma orqali 3ta bankdan oilaviy tadbirkorlik yo‘nalishida mablag‘lar taqdim etish. Axir, mehnat muhojirligida ishlab yurgan, ammo bugungi kunda O‘zbekistonda bo‘lganlarning ayrimlarida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish borasida qandaydir g‘oyasi, rejasi bo‘lishi mumkin. Ular shuni amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, prezident farmonining yana bir ijobiy tomoni shundaki, ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish uchun qo‘shimcha mablag‘lar ajratish ko‘zda tutilgan. Bu yil boshida tasdiqlangan investitsion dasturlarga qo‘shimcha ravishda, viloyatlar, chekka tumanlardagi maktabgacha ta’lim muassasalari, o‘rta umumta’lim maktablari, sog‘liqni saqlash muassasalarini qurish bo‘yicha yangi qo‘shimcha dastur qabul qilindi. Bu kabi qurilish ob’ektlariga ham joylardagi ishsiz, band bo‘lmagan fuqarolarni jalb qilish nazarda tutilgan.

Vazirlikda karantin qoidalariga qanchalik rioya qilinmoqda?
Har bir idora rahbari – o‘zimidan boshlashi kerak. Prezident ham ta’kidlab o‘tdilar, o‘zimiz o‘rnak bo‘lishimiz kerakligini. Shuning uchun ham vazirlikda, ish vaqtidan so‘ng, shartnoma asosida xlor bilan dezinfeksiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, vazirlikka kelgan xodimlar yoki fuqarolar qo‘llarini dezinfeksiya qilishi uchun vositalar, niqoblar tayyorlab qo‘yilgan. Bunday imkoniyat har bir qavatda mavjud. Qolaversa, farroshlarning kun davomida ishlashi yo‘lga qo‘yildi. Ular eshik dastaklari bo‘ladimi, zinapoya tutqichlari bo‘ladimi, har bir joyni e’tibordan chetda qoldirmay, maxsus aralashmalar bilan artib chiqmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Karantinda ish haqi yoki ta’til to‘lovlari qanday bo‘ladi?