13:23 / 22.03.2020
3 125

O‘zbekistonda 65 yoshdan oshganlarga zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslik tavsiya etildi

O‘zbekistonda 65 yoshdan oshganlarga zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslik tavsiya etildi
O‘zbekistonda 65 yoshdan yuqori va surunkali kasali bor bo‘lganlarga uydan tashqariga chiqmaslik tavsiya etiladi. Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishi oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining navbatdagi majlisida shu haqda qaror qabul qilingan.

Tibbiy himoya vositalari, xususan, niqoblarning tanqisligini sun’iy vujudga keltirib, narxini oshirgan «tadbirkor»larga qat’iy choralar ko‘riladi.

Mamlakatimiz fuqarolarining sog‘lig‘ini himoya qilish maqsadida zarur bo‘lmagan hollarda, ayniqsa 65 yoshdan yuqori va surunkali kasali bor bo‘lgan yurtdoshlarimiz uyidan tashqariga chiqmasliklari va ko‘chaga chiqqanda – shaxsiy himoya vositalari (niqob)da bo‘lishlari tavsiya etiladi.

Barcha savdo va dexqon bozorlarida savdo qilish nuqtalarida kasallik profilaktikasi maqsadida aholining yaqin masofada bo‘lishlarini oldini olishga qaratilgan choralar ko‘riladi.

Eslatib o‘tamiz, 23 martdan mamlakatda yangi karantin choralari joriy etiladi:

Respublika chegara hududlaridagi mavjud chegara o‘tkazish punktlari 23 mart kuni soat 00:01dan boshlab barcha shaxslar uchun (O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketayotgan boshqa mamlakat fuqarolaridan tashqari) yopiladi.

23 martdan boshlab Toshkent shahridagi barcha korxona va muassasalarga (mulkchilik shaklidan qat’i nazar) asosiy ish faoliyatiga ta’sir etmagan holda ishchi va xodimlarni qonunchilikda belgilangan tartibda mehnat ta’tiliga chiqarish, qolgan ishchilarning faoliyatini maksimal darajada masofadan turib (onlayn yoki distansion tarzda) tashkil etiladi.

Xodim va ishchilar o‘z ish joyida shaxsiy himoya vositalari (niqob)da bo‘lishi talab etiladi, shuningdek karantin choralarini buzganlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy choralar qo‘llaniladi.

Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlarida 23 martdan jamoat joylarida shaxsiy himoya vositalari (niqob)siz bo‘lgan shaxslarga «ogohlantirish» beriladi.

25 mart kuni soat 6:00dan boshlab ushbu holat qayd etilsa – bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari (223 ming so‘m) miqdorida, mazkur holat yana qaytariladigan bo‘lsa – bazaviy hisoblash miqdorining uch barobari (669 ming so‘m) miqdorida jarima qo‘llaniladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda 65 yoshdan oshganlarga zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslik tavsiya etildi