10:05 / 23.03.2020
3 420

O‘smirni o‘rtagan dard nima?

O‘smirni o‘rtagan dard nima?
Kimlar o‘z farzandini tashvishga qo‘ymoqda?
Dugonam tez-tez shifoxonaga qatnaydigan bo‘lib qoldi. Avvaliga o‘zi ko‘rinishga borgandir-da, deb o‘yladim. Keyin bilsam, qizi bilan birga borayotgan ekan. Bir kuni ularni yo‘lda uchratib qolib, hol-ahvol so‘radim. Shunda u 6-sinfda o‘qiydigan qizini darslaringni tayyorlagin, deb uyiga jo‘natdi-da, meni bir chetga tortdi. Ko‘zlaridagi horg‘inlikdan qandaydir ko‘ngilsizlik sezilib turardi.

– O‘rtoqjon bilasanmi, mana bir oyki uyimizda tinchlik yo‘q. Erim har kuni ichib keladi. Bu ham yetmagandek, hamma yoqni boshiga ko‘tarib janjal qiladi. Avvallari hech bunday qilmasdi. Ishdan bo‘shadi-yu, bekorchi oshna-og‘aynisiga qo‘shilib, yarimkechagacha choyxonada o‘tiradigan odat chiqardi. Mayli, deb bunga ham ko‘nikib qolgandim. Eng yomoni, uydagi asabbuzarliklardan keyin qizimning tobi qochadigan bo‘lib qoldi. Mana, o‘n kundan buyon shifoxonaga qatnab, muolaja olyapmiz.

Bu suhbatni anchagacha yodimdan chiqarolmay yurdim. Chindan ham oiladagi notinchlik farzand sog‘lig‘iga ta’sir ko‘rsatishi juda ayanchli holat, shunday emasmi? O‘smir qiz qalbidan qanchadan-qancha iztiroblar o‘tkazganini his qilish mushkul emas. Ota yoki onaning o‘ylamay qilgan birgina xatosi farzandlar ongida bir umrga qora dog‘ bo‘lib, muhrlanib qolsa-ya? Bu ularning ruhini sindirmaydimi? Tengdoshlari orasida boshini egmaydimi? O‘zini to‘liq baxtli his qilib yashashiga xalal bermaydimi?

– O‘smirlik juda nozik davr. Shuning uchun ham ko‘p ota-onalar yonimizga maslahat so‘rab kelishadi, – deydi Yakkasaroy tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, psixolog Dilfuza SULTONOVA. – Ayniqsa, oilalarda yuzaga kelayotgan kelishmovchiliklar o‘smir yoshdagi bolaga kuchli salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu bolalarning dardi ichida bo‘lib qoladi. Barchasi yig‘ilib-yig‘ilib, har xil ayanchli oqibatlarga olib kelishi ham hech gap emas.

Ajrashish yoqasiga kelib qolgan oilalar ishida ekspert bo‘lib ishtirok etganimizda, doim xayolimda bir fikr charx uradi: endi o‘rtadagi bolalar taqdiri nima bo‘ladi? Afsuski, har qancha mulohaza qilmaylik, durustroq javob topish qiyin. Bola hali yoshdir, lekin u o‘syapti-ku. To‘g‘ri, och-yalang‘och qolib ketmaydi. Lekin nimani o‘ylab katta bo‘lyapti, dilida nima tugib ulg‘ayyapti? Ota-onalarga, ertaga sizga qarab, nima qilib qo‘ydingiz, nega otamdan yoki onamdan mahrum qildingiz deb so‘rasa, qanday javob berasiz, deyman.

Bu oila taqdiriga ham ayriliq bitilgan ekan. Ona ikki norasida go‘dagini turmush o‘rtog‘iga qoldirib, ajrashishni istadi. O‘sha vaqtda bolalarning biri to‘rt, biri ikki yoshda edi. Ota qayta uylandi. Farzandlar ham ayolga mehr qo‘yib, voyaga yetishdi. Hozir ular litsey o‘quvchilari. Ayni o‘smir yoshda. Buni qarangki, bundan bir necha yil avval bo‘lgan ishlar endi farzandlarning tashvishiga aylandi. O‘z onasining tashlab ketgani, ularning qalbini qattiq iztirobga solmoqda. Psixolog qabuliga yordam so‘rab kelgan otasi o‘gillarining arzimas narsaga ham asabiylashishi, o‘z xonasiga qamalib olib, boshqalar bilan gaplashishni istamasligi, serzarda bo‘lib qolganidan tashvishda ekanini aytdi. Mutaxassis bolalar bilan suhbatlashganda esa hammasi kundek ravshan boʻldi. Bolalar o‘z onasining qilgan ishini o‘ylab siqilar, o‘zlariga dardkash qidirib qiynalishardi. Garchi yonida yuvib-tarab, katta qilgan ayol bo‘lsa-da, o‘z onasining o‘rnini bosa olmayotgandi. Shunday vaqtda hatto ota ham ular bilan dildan suhbatlashmagani qattiq pand bergandi.

Bunday vaziyatlarda o‘g‘il bolalarga ko‘proq otalar yaqin bo‘lgani yaxshi. Psixologlarning ta’kidlashicha, bolaga o‘n yoshdan boshlab, do‘stdek muomala qilgan ma’qul. Shunda u qalbidagi kechinmalarini o‘z yaqinlari bilan o‘rtoqlashib, muammolariga ham birga yechim topishga o‘rganadi.

Yuqoridagi qahramonlarimiz endigina balog‘at yoshiga yetgan. Lekin ularni o‘ylantirayotgan, qiynayotgan muammolar yuki anchagina ogir. Alam qiladigani esa bolalarni begonalar emas, o‘z yaqinlari tashvishga qo‘yayotgani. Ertaga bu o‘smirlar ham oila qurishadi, farzandli bo‘lishadi. Shunda ular o‘z yaqinlarini baxtli qila olarmikan? Bolalariga ota yoki ona mehrini berolarmikan? Biz qush uyasida ko‘rganini qiladi, degan iborani ko‘p qo‘llaymiz. Bundan xulosa qilishimiz mumkinki, bugun bir oilada boshlangan salbiy illat xuddi zanjir kabi boshqasiga ulanib ketaveradi.

Shahnoza RAHIMXO‘JAYEVA,

Manba: “Oila davrasida”

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘smirni o‘rtagan dard nima?