12:25 / 23.03.2020
3 720

«Italiya, Yevropa va AQSHdagi vaziyat biz uchun saboq bo‘lishi kerak»

«Italiya, Yevropa va AQSHdagi vaziyat biz uchun saboq bo‘lishi kerak»
Italiyadagi vaziyat
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov bugundan boshlab davlat va nodavlat muassasalariga niqobsiz, qo‘lni antiseptik vositalar bilan tozalamasdan kirish taqiqlanganini ma’lum qildi.

– Respublika komissiyasining qarori bilan bir qator tadbirlar amalga oshirilyapti. Jumladan, bevosita koronavirus infeksiyasiga chalingan shaxslarni erta aniqlash, aholidan ajratish, kasal bilan muloqotda bo‘lganlarni va epidemik noxush hududlardan kelgan fuqarolarni alohidalash, ularni 14 kun mobaynida tibbiy kuzatuvda ushlab turish tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Bu tadbirlarning barchasi birgina maqsadda – kasallik keng jamoatchilik orasida tarqalib ketishining oldini olishga qaratilgan. Hozirgi kunga kelib mamlakatimizda qariyb 18 mingga yaqin shaxs tibbiy kuzatuv ostida. Biz mana shu karantin tadbirlarini to‘liq ado etishimiz kerakligini, bu borada har birimiz mas’ul ekanimizni unutmasligimiz kerak.

Kechadan boshlab Toshkent shahrida jamoat transportlari qatnovi to‘xtatildi. Demak, mana shu karantin tadbirlariga bevosita Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari shaxsan mas’ul ekanligi Respublika komissiyasi qarori bilan belgilab qo‘yildi. Bundan tashqari karantin tadbirlariga rioya etilishi ustidan jiddiy nazorat o‘rnatilishi kerakligi yana bir bor eslatildi.

Bugundan boshlab davlat va nodavlat muassasalariga niqobsiz, qo‘lni antiseptik vositalar bilan tozalamasdan kirish taqiqlandi. Har birimiz zarurat bo‘lmasa ko‘chaga chiqishimiz kerak emas. Ko‘chaga chiqishga ehtiyoj bo‘ladigan bo‘lsa, albatta, niqobda bo‘lishimiz shart. Biz mana shu ishlarimiz bilan karantin tadbirlari ishtirokchisiga aylanamiz. Agar uydan ishga ketayotgan bo‘lsak, to‘g‘ri ishga, agar ishdan uyga qaytayotgan bo‘lsak, to‘g‘ri uyga borishimiz kerak. Har birimiz epidemiyaga qarshi tadbirlarga o‘z hissamizni qo‘shadigan bo‘lsak, berilayotgan tavsiyalarga to‘liq rioya qilsak vaziyatni barqaror ushlab qolamiz.

Italiyadagi, Yevropa davlatlaridagi, AQSHdagi vaziyat biz uchun saboq bo‘lishi kerak. Kasallikning global darajada avj olib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun har birimiz javobgarmiz. Biz nafaqat o‘zimiz, oilamiz, yaqinlarimiz, balki har bir inson salomatligi uchun mas’ul ekanimizni unutmasligimiz kerak. Sizdan tibbiyot xodimlari tavsiyalarini bajarish talab qilinadi, xolos.

Zimmangizga boshqa hech qanday vazifa yuklatilayotgani yo‘q. Davlatimiz rahbari bevosita bu ishlarni shaxsan nazoratga olgan. Davlat, hukumat darajasida tadbirlar davom etayotgan ekan, bevosita shunga daxldor, mas’ul bo‘lgan sohalar mehnatini qadrlashimiz kerak. Har birimiz mana shu ishda faol ishtirokchiga aylanamiz degan umiddamiz, dedi mutaxassis.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Italiya, Yevropa va AQSHdagi vaziyat biz uchun saboq bo‘lishi kerak»