12:16 / 24.03.2020
3 323

O‘zbekistonda 13 858ta umumiy ovqatlanish korxonasi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda 13 858ta umumiy ovqatlanish korxonasi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi
Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi axborot xizmati
O‘zbekistondagi barcha umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyati vaqtinchalik to‘xtatildi. Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishi oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi joriy yilning 19 mart kuni mamlakat hududidagi barcha umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyatini vaqtincha to‘xtatish haqida qaror qabul qilgan edi.

DSQ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu qarordan kelib chiqib Davlat soliq qo‘mitasiga Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya bilan birgalikda vaqtinchalik faoliyati to‘xtatilayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini cheklovlarga amal qilishi ustidan nazorat o‘rnatish vazifasi topshirildi.

20-22 mart kunlari Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birga olib borilgan chora-tadbirlar natijasida respublikada mavjud 13 858 ta umumiy ovqatlanish korxonasi (yoki filiali) to‘liq qamrab olinib, ularning faoliyati vaqtincha to‘xtatilishi ta’minlandi.

Jumladan, Toshkent shahridagi mavjud 2644 ta, Samarqand viloyatida 2081 ta va Buxoro viloyatida 1187 ta umumiy ovqatlanish ob’ekti faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu respublika bo‘yicha eng yirik ko‘rsatkichlar.

Bu borada eng past ko‘rsatkich Sirdaryo, Navoiy va Jizzax viloyatlariga to‘g‘ri keldi. Sirdaryoda 387 ta, Navoiyda 465 ta hamda Jizzaxda 467 ta umumiy ovqatlanish ob’ekti faoliyati vaqtinchalik to‘xtatildi.

Ayni paytda tayyor ovqatlarni yetkazib berish xizmati ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini davom ettirmoqda. Umumiy ovqatlanish korxonasi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan barcha tadbirkorlik sub’ektlari ham mazkur xizmatni taqdim etishi mumkin.

DSQning eslatishicha, talablarning bajarilmasligi qonuniy choralar ko‘rish va belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda 13 858ta umumiy ovqatlanish korxonasi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi