15:05 / 24.03.2020
5 331

Chegaralar yopilgach, O‘zbekistonda qolib ketgan rossiyalik qiz hikoyasi

Chegaralar yopilgach, O‘zbekistonda qolib ketgan rossiyalik qiz hikoyasi
O‘zbekiston 16 martdan boshlab boshqa davlatlar bilan barcha aviareyslarni bekor qildi, mamlakatga avtotransportda kirish-chiqish yo‘llari ham yopildi. Rossiyaga parvozlar faqatgina charter reyslar orqali amalga oshirilmoqda. Mamlakatda qolib ketgan rossiyaliklar qattiq karantin, elchixona sustkashligi va rejalashtirilmagan chiqimlarga duch kelyapti.

Sayohatchilar o‘zga yurtda favqulodda holat rejimida yashamoqda: ko‘chaga faqat oziq-ovqat uchun chiqish mumkin, mehmonxona va ijrachilar istalgan vaqtda ularni ko‘chaga chiqarib yubora oladi. TJournal rossiyalik sayohatchining O‘zbekistonda duch kelgan qiyinchiliklari haqida yozdi.

16 mart kuni to‘rt nafar do‘stimiz bilan dam olish uchun O‘zbekistonga keldik — bizning samolyotimiz mamlakatga kirgan so‘nggi reys bo‘lib qoldi. Bundan bir kun oldin O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha birinchi holat qayd etilgani haqida xabar topgandik. S7 aviakompaniyasi vakillari uchsak bo‘ladimi deb so‘raganimizda, ular ‘Rejaga ko‘ra uchamiz, hech qanday muammo bo‘lmaydi’, deyishdi.

Samarqandga qo‘nganimizdan so‘ng, bizga aviakompaniya ortga qaytuvchi reysni bekor qilgani, chipta puli esa 30 kun ichida qaytarilishi haqida yozilgan xabar keldi. Biz Rossiya elchixonasi bilan bog‘lanib, yurtimizga qaytish uchun anketalarni yubordik, ammo ular hech qanday yordam berolmasliklarini bildirdi. Bir yarim soat ichida bog‘lanishga muvaffaq bo‘lgan aviakompaniya vakillari ham xuddi shu javobni qaytardi. O‘zbekistondagi elchixonaning aytishicha, ular faqatgina charter reyslar haqida xabar beradi, shu sababli ularning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini kuzatib borishimiz kerak ekan. Rossiyaga qachon qayta olishimiz mumkinligi haqida hech narsa deyishmadi.

20 mart kuni yana bir bor elchixonaga qo‘ng‘iroq qilib, qayerda yashashimiz kerakligini so‘radik — ijaraga olgan kvartiramiz muddati tugayotgan edi. Ular ‘qarindosh yoki do‘stlarnikida yashab turish’ni maslahat berdi. Ajoyib javob, axir har kimning istalgan davlatda besh nafar mehmonni belgilanmagan muddatga kutib oladigan qarindoshlari yoki do‘stlari bor.

Shaharda hech qanday vahima bo‘lmasa-da, sotuvchilar va ko‘plab mahalliy aholi niqoblarda yurar, suhbatlar faqat koronavirus haqida edi. Shaharda muhit tinch bo‘lishiga va qarindoshlar qo‘llab-quvvatlovi borligiga qaramay, safar maksimal darajada yoqimsiz bo‘ldi. Elchixona va aviakompaniyadagilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri bizning keraksiz ekanligimizni va hech qanday yordam kutish kerak emasligini ma’lum qildi. Internetdan foydalana olmaydigan keksalar bu kabi vaziyatdan qanday chiqqan bo‘lishi mumkinligini o‘ylashning o‘zi qo‘rqinchli.

Chegaralar yopilganidan so‘ng, barcha reyslar faqat Toshkentdan uchayotgani vaziyatni murakkablashtirdi — Samarqanddan poytaxtgacha to‘rt soatlik yo‘l. Samolyotda bo‘sh joy borligi to‘g‘risida ma’lumot esa parvozdan ikki soat oldin paydo bo‘ladi. Toshkentga kelishga va reyslarni shu yerdan kuzatishga majbur bo‘ldik.

Uzbekistan Airways’ning charter reyslari orqali Moskvaga qaytdik — aviakompaniya avvaliga reysi bekor qilingan yo‘lovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazdi, shundan keyingina bo‘sh o‘rinlar sotildi. Biz samolyotda qolgan oxirgi besh o‘rinni sotib oldik — har bir chipta 30 ming rubldan sotildi, bu ikki tomonga qatnash uchun sotilgan chiptalardan ham qimmatroq.

Uzbekistan Airways’dan tashqari ‘Aeroflot’ bilan ham uchish mumkin edi. Ikki marta qo‘nishni amalga oshirish orqali ikki kun davom etadigan parvoz uchun chipta narxi 83 ming rublni, to‘g‘ridan-to‘g‘ri reysdagi biznes-klass uchun chipta esa 159 ming rublni tashkil etdi.

O‘zbekistonda pulsiz qolganlar nima qilishi kerak — bilmadim. Elchixona evakuatsiya uchun maxsus bortlar haqida gapirayotgan bo‘lsa-da, biroq aslida har bir yo‘lovchi chiptalarni o‘zi sotib olmoqda, elchixona hech qanday yordam ko‘rsatgani yo‘q.

21 mart kuni uyga qaytib keldik. Samolyotda kimyoviy himoyalangan kostyum kiyib olgan styuardessa bizga anketalar tarqatdi, Moskva aeroportida esa teplovizorlar bilan tana haroratimizni o‘lchashdi. Endi ikki hafta uy karantinida o‘tirishimiz kerak.

Dasha, Rossiya
[right][/right]

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Chegaralar yopilgach, O‘zbekistonda qolib ketgan rossiyalik qiz hikoyasi