18:32 / 24 марта 2020
1 510

«Koronavirus bilan ovora bo‘lib, yonimizdagi boshqa muammolarni eslamay qo‘ydik»

«Koronavirus bilan ovora bo‘lib, yonimizdagi boshqa muammolarni eslamay qo‘ydik»
“Hammamiz koronavirus bilan ovora bo‘lib qolgan bir vaqtda yonimizda yechimini kutib turgan boshqa muammolar haqida eslamay ham qo‘ydik“, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev.

Uning fikricha, aprel oyidan kitob tayyorlash, chop etish va realizatsiya qilish bilan bog‘liq ishlar uchun 15 foizlik qo‘shimcha qiymat solig‘ining joriy etilayotgani aholining kitobxonligini oshirish bo‘yicha olib borayotgan harakatlarga to‘siq bo‘lishini ko‘pchilik, shunchaki jim kuzatib turibdi.

“Soliq va moliyachilarimiz bu kitob narxiga ta’sir qilmaydi, deb ishontirishga harakat qilgani bilan aslida ancha muncha ta’sir qilishi ko‘rga ham ma’lum bo‘lib turibdi. Aholimizning kitobxonlik darajasiga monand dunyodagi bestseller asarlar ham bizda bor yo‘g‘i ming yoki ikki ming tirajda chop etilayotgan bir paytda kitob tannarxining qo‘shimcha qiymat solig‘i hisobiga qimmatlashuvi o‘zidan bir qator asoratlar qoldiradi.

Birinchidan, kitobga to‘lov qobiliyati past aholi qatlami kitobdan yana ham uzoqlashadi.
Ikkinchidan, ilm fan yo‘nalishidagi bozorbop bo‘lmagan kitoblarni chop etish yanada kamayadi.

Uchinchidan, kitob uchun xaridor topish ilinjida kitoblarni sifatli chop etish, ma’no mazmuni bilan professionallarni jalb etib ishlash kamayadi. Chunki bu ishlar qo‘shimcha mablag‘ talab qiladi.

To‘rtinchidan, “Namangan kitob olami“ kabi kitob savdosiga ixtisoslashgan nuqtalar foyda yo‘qligi uchun ular kabi bog‘chaga yoki boshqa daromadbop savdo ob’ektiga aylanadi.

Beshinchidan, daromad ozligi sabab shundoq ham anqoning urug‘idek bo‘lgan tuman va shahar markazlaridagi kitob bilan bog‘liq savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari kamayib, uning o‘rniga ommaviy ko‘ngilochar o‘yin-kulgi maskanlari ko‘payishi avj olishi mumkin.

Oltinchidan, Prezidentning besh tashabbusi doirasida joylardagi maktab va boshqa ta’lim markazlariga mas’ullar tomonidan narxiga mos ravishda ko‘proq kitob berish bahonasida arzon va sifatsiz kitoblar sovg‘a qilish amaliyoti yanada oshadi. Sifatli va klassik asarlardan iborat kitoblar qimmatligi bois rastalarda qoladi yoki umuman chop etilmaydi, deydi deputat.

“Bu ishlarni kuzata turib tabiiy savol tug‘iladi: yillar davomida milliy mahsulot va milliy g‘urur, degan gaplar bilan avtomobil zavodiga turli to‘lov va soliqlardan imtiyoz berishga rozi bo‘lgan davlat va jamiyatimiz nahot o‘z avlodlarining kelajagi, o‘zligini saqlash yo‘lida xizmat qiladigan kitob uchun shunday qurbonlik bera olmasa. Kitob o‘qimagan avlodda milliy g‘urur, milliy o‘zlik, ajdodlarga hurmat, vatanparvarlik bo‘ladimi?

Balki oshirib yuborgandirman, biroq ayrimlarga yoqmasa ham bu shaxsiy fikrim. Va hali ham bo‘lsa, kitob narxining oshishiga sabab bo‘ladigan omilni bartaraf qilishga vaqt borligiga ishonaman.

Fursatdan foydalanib, barcha darajadagi mas’ullarimiz, shu yurt kelajagi, avlodlarining bilim va tafakkuri uchun befarq bo‘lmagan rahbarlar, deputatlar va ziyolilarimizdan kitob yo‘lida imtiyozlar berilishini faol qo‘llab quvvatlashga chaqirib qolaman.

Boshqasini bilmadim-u, biroq kitob barcha turdagi soliq va to‘lovlardan ozod bo‘lishi shart!“, deb yakunlanadi deputatning murojaati.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)