06:00 / 25 марта 2020
651

Senat raisi: Karantin davrida boquvchisiz insonlar va qariyalarga moddiy yordam berilishi kerak

Senat raisi: Karantin davrida boquvchisiz insonlar va qariyalarga moddiy yordam berilishi kerak
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva 24 martdagi yalpi majlisda so‘z olib, karantin davrida aholining zaif qatlamini o‘z holiga tashlab qo‘ymaslik masalasiga e’tibor qaratdi.

«Hozirgi kunda karantin qoidalariga binoan barcha aholi o‘z uyida. E’tiboringizni bir aholi qatlamiga qaratmoqchiman, ya’ni yakka-yolg‘iz, boquvchisiz insonlar, ayniqsa, qariyalarni yoddan chiqarmaslik kerak. Ularning orasida turli xizmat ko‘rsatish sohalarida ishlab, kundalik ehtiyojlari uchun ishlab yurganlar bor. Hozir esa bu imkoniyatlari ham vaqtincha to‘xtatilgan.

Shu munosabat bilan mana shu toifadagi aholi qatlamlari, keksalarimiz qarovsiz qolmasligiga, ehtiyojmand insonlar yanada muhtoj bo‘lib qolmasligiga ahamiyat qaratmog‘imiz zarur. Ularga oziq-ovqat, dori-darmon masalalarida yordam tashkil etilsa, to‘g‘ri bo‘lar edi
», dedi u.

Tanzila Norboyeva aholini karantin davrida to‘y qilmaslikka va ma’rakalarni diniy idoralar tavsiyasiga asosan o‘tkazishga chaqirdi.

Senat raisi o‘quvchi va talabalar uchun televideniye orqali masofaviy o‘qishlar tashkil qilinganini olqishlab, xuddi shunday tartibda kasb-hunar o‘rgatishni ham yo‘lga qo‘yish mumkinligini ta’kidladi.

Masalan, tomorqadagi ishlar, moliyaviy xizmatlardan foydalanish, biznes-reja tuzish va boshqa shu kabi oilaviy tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish sohasidagi mehnat turlari bo‘yicha onlayn o‘quvlar tashkil etish taklif qilindi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)