22:30 / 25.03.2020
2 645

Advokatlar telefonining “nazorat qilinishi” haqidagi norma atrofidagi muhokamalar

Advokatlar telefonining “nazorat qilinishi” haqidagi norma atrofidagi muhokamalar
Oliy Majlis Senati tomonidan ma’qullangan yangi qonun bilan prokurorning roziligiga ko‘ra advokatning telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali amalga oshiriladigan so‘zlashuvlari, uzatiladigan xabarlari va ma’lumotlarini nazorat qilish belgilanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi raisi Alim Ernazarov advokatlarga murojaatnoma e’lon qilib, mazkur qonun advokatlar hamjamiyati bilan hisoblashmasdan qabul qilinayotganidan norozilik bildirdi. Unda, jumladan, shunday deyiladi:

Albatta, bugun Senat tomonidan ma’qullangan, advokatlik faoliyatimizga tegishli o‘zgarishlarga mening ham qat’iy e’tirozim borligini bildiraman. Bu holatdan, advokat va Advokatlar palatasi Raisi sifatida - noroziman. Qonun hujjatlarida, advokatlarga tegishli qonun hujjatlari loyihasi, Advokatlar palatasi Raisi tomonidan imzolanishi (rozilik olinishi) belgilangan. Birok, qonunchilarimiz tomonidan bu tartibga rioya qilinmadi. Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi Rais Alim Ernazarov, yuqorida eslangan qonun loyihasiga imzo (viza) qo‘ymagan.

O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi, advokatlarimiz jipsligida advokatlik faoliyatida xalqaro standartlarni tadbiq etishga harakat qiladi
”.

Ushbu xabar axborot makonida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgach, Adliya vazirligi rasman tushuntirish berib, vaziyatni bir oz oydinlashtirdi. Ma’lum bo‘lishicha, gap “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasi (“Advokatning daxlsizligi”) yangi tahriri haqida ekan.

“Ijtimoiy tarmoqlarda Senat tomonidan ma’qullangan advokatlarga oid qonun hujjatiga kiritilgan tahririy o‘zgartirish noto‘g‘ri talqin qilinayotgani va turli tushunmovchiliklarga sabab bo‘layotgani kuzatilmoqda. Ushbu vaziyat yuzasidan quyidagicha izoh beriladi.

Avvalo ushbu tartib endi joriy qilinmayotgani, balki 1998 yildan beri amalda ekanini e’tiborga olish lozim.
Qolaversa, hujjatga bor-yo‘g‘i tahririy o‘zgartirish kiritilmoqda, tartib o‘zgarmayapti.

Ushbu axborotni ommaga tarqatayotgan manbalarni mohiyatga mos kelmaydigan chalg‘ituvchi sarlavhalar orqali ommaning hissiyotlari bilan o‘ynashmaslikka chaqiramiz”, deyiladi vazirlikning rasmiy xabarida.

Vazirlikning izohi bilan Senat axborot xizmatining mavzuni chala-chulpa yoritib noprofessional harakat qilgani anglashilgan bo‘lsada, ijtimoiy tarmoqlardagi norozilik bosilmadi. Aksariy advokatlar va yuristlardan iborat foydalanuvchilar Qonunning 6-moddasi ma’naviy eskirganligini, yangi tahririda ham mohiyatan o‘zgarmaganini va xalqaro huquq mezonlariga zidligini ta’kidlashmoqda. Qolaversa, qonunchilikka ters o‘laroq, uning advokatlardan yashirincha qabul qilinayotgani bo‘yicha e’tirozlar ham o‘rinlidir.
Xolmurod Isanov, yuridik fanlar nomzodi

Advokatning telefon so‘zlashuvlarini eshitishga, advokatga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va u gumonlanuvchi sifatida ishga jalb etilgan hollardagina va faqat sud tomonidan ruxsat berilishi mumkin. Boshqa barcha hollarda mazkur norma xalkaro huquq me’yorlariga zid hisoblanib, milliy qonunchiligimiz obro‘siga putur yetkazadi. Ayni chog‘da advokatlarga turli tazyiqlar o‘tkazish uchun huquqiy zamin yaratib beradi.
Nasim Xidirov, advokat

Prokuror va advokatning tengligi degan balandparvoz gaplar ko‘p, amalda esa, advokatlarning sudlarga telefon va noutbuk olib kirishiga ruxsat berilganligini hisobga olmasak, qolgani eski tos, eski hammom. Masalan, alohida qonun bilan 8 yanvar Prokuratura xodimlari kuni etib belgilandi, kasb bayrami sifatida nishonlanib kelmoqda. Advokatlar ham necha yildan beri Advokatlar kunini belgilash to‘g‘risida qonunchilikka takliflar bildirib kelmoqda. Lekin bu takliflar har safar "yo‘qolib" qolayapti. Adliya vazirligi ham prokuratura tomonda, qo‘llab-quvvatlab bayonot bilan chiqibdi. Endi faqat Prezident veto qo‘yish huquqiga ega, bo‘lmasa qonun kuchga kiritiladi. Ushbu qonunga kiritilgan o‘zgartirish natijasi kelajakda ayanchli bo‘ladi. Prokuratura advokaturaninng ustidan butkul hukmronlikni o‘rnatib, mustaqil advokatura yo‘q bo‘ladi hisob. Bugungi kunda 34 mln aholiga 4000 advokat, ya’ni har 8500 ta kishiga 1 nafar (Paxtachi tumanida bu ko‘rsatkich 40000 aholiga 1 nafar) advokat to‘g‘ri keladigan zamonda bu ko‘rsatkichning yanadi oshishiga va advokatlar soni kamayishiga olib keladi xolos. Deputat va senatorlarimiz esa qarsak chalish bilan ovora. Afsus...
Sherzod Kurbanov, advokat

Deputat va senatorlarimiz Prezident farmonida advokatlarga daxldor qonun hujjatlari Advokatlar palatasi bilan kelishilishi lozimligi belgilanganidan bexabarmilar? Yoki bilsalar ham nazar-pisand qilishmaydimi? Mening fikrimcha, muammo qonunni qabul qilish yoki qilmaslikda emas, balki loyihasi muhokamaga qo‘yilmagaganligida va Palata kelishuvidan o‘tkazilmaganligidadir. Konstitsiyaviy sudga murojaat qilinsa, balki (zora) ushbu holatlar inobatga olinar?..
Tohirbek Tojiboyev, advokat

Nimaga sud emas, prokuror roziligi bilan deyilgan. Prokurorlarning bizga tazyiq o‘tkazishiga tayyor bahona bo‘ladi-ku bu. Advokatlar palatasini bu masalada qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu fojia haqida tezda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat tayyorlash kerak. Qonun chiqaruvchilar Prezidentning farmonini teskari qilib bajarayotganligini mana shu holat misolida isbotlab beramiz. Qonunda advokatlarning ular himoyasi ostidagi shaxs bilan xoli uchrashuvi belgilanib turgan bir paytda, ularning telefonini eshitish nimasi?!!

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Advokatlar telefonining “nazorat qilinishi” haqidagi norma atrofidagi muhokamalar