09:43 / 27.03.2020
4 498

Ayol — ona, ayol — o‘g‘ri

Ayol — ona, ayol — o‘g‘ri
Sabohat (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ertalabdan uy yumushlari bilan shug‘ullandi. Turmush o‘rtog‘i va ikki o‘g‘li ishga chiqib ketishgandi. Kechqurun soat 8 dan o‘tganida kir yuvish uchun domning oldiga tushdi. Uy eshigini yopdi-yu, uzoqqa ketmayotgani bois qulflab o‘tirmadi.

Ikki soatlardan so‘ng tash­qaridagi ishini tamomlab, uyga kirmoqchi bo‘layotganida o‘g‘li Ikromjon kelib qolib, idishlari va yuvilgan kirlarini uyga olib kirishda yordam berdi. Kechki smenaga otlangan o‘g‘liga tuxum qovurib berib, ko‘rpa-to‘shaklarni tikish uchun bolalar xonasiga kirdi. Qarasa, o‘ng tomondagi kiyim javonining eshigi ochiq.

— Manavi shkaf nimaga ochiq yotibdi, bolam? — so‘radi o‘g‘lidan.
Ikromjon yelka qisdi:
— Men ham uyga siz bilan birga kirdim-ku…

Sabohatning yuragi shig‘ etdi. Javondagi plastmassa idishni ochib qaradi. Ichiga solib qo‘ygan tilla ziragi va uzugi yo‘q edi. Apil-tapil butun uyni ko‘zdan kechirdi. Hech qayerdan taqinchoqlarini topa olmadi.

Qo‘shnisi Muhayyoning eshigini taqillatdi.
— Qo‘shni, mabodo yo‘lagimizga begona odam kirganini ko‘rganingiz yo‘qmi?
— Yo‘q, — dedi hovliqib qolgan Muhayyo. — Tinchlikmi?
— Yo‘q-da, pastga kir yuvgani tushuvdim. Qaytib chiqsam, shkafim ochiq yotibdi. Tillalarim yo‘q. Siz ham narsalaringizni bir tekshiring. O‘g‘ri oralaganga o‘xshaydi…

Muhayyo ham yugurib, taqinchoqlarini qo‘ygan joyiga qaradi. Ular yo‘q edi. Ertasi kuni ayollar tuman ichki ishlar bo‘limiga xabar berishdi…
* * *
Sharofat Kitob shahridagi ijara uyiga ko‘chib bordi. Ikki xonali shinamgina kvartira oilasidan ajrashgan, bir farzandli ayol uchun yetarli edi.

Bir kuni kechga yaqin ovqatga unnayotgan Sharofat tomat so‘rab uchinchi qavatga chiqdi. Qo‘shnisi Muhayyoning eshigini taqillatdi. Hech kim javob bermadi. Eshikni asta tortib ko‘rdi. Qulflanmagan ekan. Uyga kirib, dahlizning o‘ng tomonida joylashgan xonaga o‘tdi. Ko‘zguli shkafni ochdi. Stakanda bir dona sariq metaldan ishlangan zanjir va uzuk turgan ekan. Shartta olib, qo‘yniga tiqdi.

Ertasi kuniyoq taqinchoqlarni Shahrisabz shahridagi «Arabon» bozoriga olib borib, bir notanish ayolga 1 400 000 so‘mga sotib yubordi.

Pulning bir qismini kvartira egasiga ijara haqi sifatida berdi, qolganini esa bozordagi o‘rniga patent uchun to‘ladi. Oradan bir necha kun o‘tgan bo‘lsa-da, Muhayyo narsalari o‘g‘irlanganini sezmadi.

Bir kuni Sharofat qo‘shnisi Sabohatning eshigini tekshirsa, ochiq qolgan ekan. U yoq-bu yoqqa alanglab, o‘zini ichkariga urdi. Shkafni titkilab, qandaydir qutichani topdi. Ichidagi uzuk va zirakni olib, uyiga yugurdi…
* * *
«Hovli olma, qo‘shni ol» deydilar. Sabohat va Muhayyo o‘g‘ri o‘z domlaridagi qo‘shnisi Sharofat ekanini eshitganlarida tavba deb yoqa ushlashdi. Keyin­roq esa tavbani Sharofatning o‘zi aytishiga to‘g‘ri keldi. U tavba-tazarru bilan qo‘shnilaridan uzr so‘rab, ularga yetkazilgan zararni qoplab berdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kitob tumani sudi binosida Nishon tumani sudi raisi raisligida o‘tgan sud majlisida uning qilmishiga qonuniy baho berildi. Sharofat Mahmudova qo‘shnilari Muhayyo Qosimovaning 2 500 000 so‘mlik, Sabohat Norboyevaning 2 300 000 so‘mlik tilla taqinchoqlarini o‘g‘irlagani dalillar bilan o‘z isbotini topdi. Sudlanuvchi besh yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Hukm shartli hisoblanib, ikki yil sinov muddati belgilandi.

Qo‘shnichilik xalqimizda ulug‘vor qadriyat hisoblanadi. Bu qadriyat azaldan e’zozlab kelinadi. O‘zbekchilikda sov­chilarning bo‘lg‘usi qudalarni eng avvalo qo‘shnilari va mahallasidan surishtirish odati bor. Bu bejiz emas. Qo‘shnisigaki biror yordami tegmagan kishidan yaxshilik kutish dushvor.

O‘ylanib qolasiz. Nahotki, Sharofat bu oddiygina haqi­qatdan bexabar bo‘lsa?

Yana bir gap. Ayolga oqila, hayoli, iboli, chevar, pazanda… singari sifatlar qandoq yarashadi. Endi shularning yoniga o‘g‘ri degan tamg‘ani qo‘yib ko‘ring-a… Beixtiyor etingiz jimirlab ketadi.

Sharofat endi bu xususda jiddiyroq o‘ylab ko‘rar?!

O‘lmas ASHUROV,
Nishon tumani prokuraturasi tergovchisi
lavozimida ish o‘rganuvchi

Manba: Huquq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ayol — ona, ayol — o‘g‘ri