17:30 / 27.03.2020
11 133

Koronavirusdan erkaklar ko‘proq vafot etmoqda. Shifokorlar buning sababini topishdi

Koronavirusdan erkaklar ko‘proq vafot etmoqda. Shifokorlar buning sababini topishdi
Foto: «Chine Nouvelle»
Koronavirusdan ayollarga qaraganda erkaklar ko‘proq o‘lim topmoqda. Mazkur ko‘rsatkich mintaqa va mamlakatlar bo‘yicha farqlanadi. Masalan, Janubiy Koreyada COVID-19 infeksiyasidan vafot etganlarning 54 foizini erkaklar tashkil etadi, Italiyada esa bu ko‘rsatkich birmuncha yuqori —70 foiz. Raqamlarda tafovut bo‘lishi mumkin, ammo umumiy manzara bir: kuchli jins vakillari noziq xilqat egalariga qaraganda virusdan ko‘proq aziyat chekmoqda. Ushbu holat Global Health 50/50 tashkiloti tomonidan ilmiy asosda tadqiq etildi.

Amerikalik mutaxassislarga ko‘ra, erkaklar aksar nosog‘lom turmush tarziga odatlangan. Ular ayollarga qaraganda ko‘proq chekadi, spirtli ichimlik iste’mol qiladi. Bu esa ularning infeksiyaga qarshi immunitetini zaiflashtiradi. Masalan, Xitoyda tamaki chekish ko‘rsatkichi erkaklar orasida 50, ayollar orasida esa 3 foizni tashkil etadi. Italiyada ham erkak kashandalar ikki baravar ziyodroq. Tahlillarga ko‘ra, COVID-19 infeksiyasini yuqtirgan ko‘p sonli erkaklar chekish illati tufayli juda tez fursatda sun’iy nafas oldirish uskunasiga ehtiyoj sezmoqda.

Koronavirus o‘pka, yurak-qon tomir kabi surunkali kasalliklarga chalingan bemorlar o‘limini tezlashtirayotgani sir emas. Ushbu xastaliklar esa asosan erkaklar orasida tarqalgan. Deylik, Italiyada erkaklar ayollarga qaraganda qon bosimi xastaligiga ko‘proq chalinadi. Xitoylik erkaklar esa qandli diabetga moyil. Bu kabi omillar COVID-19 infeksiyasi asoratlari juda og‘ir kechishiga sabab bo‘lmoqda.

Soha mutaxassislariga ko‘ra, avvalroq tarqalgan SARS, MERS kabi viruslar ham ko‘proq erkaklar hayotiga daxl qilgan. Bu holat ayollarning immun tizimi mustahkamligi bilan ham izohlanadi. Ayollar nasl davomchilari bo‘lgani bois Yaratgan ularga bir necha barobar kuchli immun tizimi ato etgan.

Global Health 50/50 xulosasiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha koronavirusdan vafot etayotgan erkaklar ayollardan ikki karra ko‘proqdir. Mutaxassislar gender bo‘yicha ko‘rsatkichlar davolash-muolaja jarayonida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlaydi.

S.Salim

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Koronavirusdan erkaklar ko‘proq vafot etmoqda. Shifokorlar buning sababini topishdi