20:53 / 27.03.2020
3 746

Koronavirus bilan qayta kasallanish mumkinmi?

Koronavirus bilan qayta kasallanish mumkinmi?
Foto: Getty Images
Koronavirus bilan og‘rigan bemorlarning ba’zilari tuzalib ketgan deb hisoblandi, ammo takroriy tahlillarda virusga ijobiy reaksiya qayd etildi. Odatda, shamollashni keltirib chiqaradigan koronavirus infeksiyasidan so‘ng immunitet rivojlanadi. Covid-19 qo‘zg‘atuvchisining farqi nimada?

Shifokorlarni ogohlikka chaqirgan birinchi holatlardan biri tokiolik 70 yoshdan oshgan kishi bilan kuzatildi.
Fevral oyida u Covid-19 bilan xastalanib, yuqumli kasalliklar bo‘limiga yotqizilgan, ammo muvaffaqiyatli tiklangan, odatiy hayotga qaytgan va hatto jamoat transportida yurgan.

Biroq, bir necha kundan keyin uning ahvoli yana yomonlashadi, harorati ko‘tariladi va u kasalxonaga qaytishga majbur bo‘ladi.
Yaponiyaning NHK telekanali xabar berishicha, u yana koronavirus uchun tekshiruvdan o‘tdi va natija ijobiyligi shifokorlarni hayratlantirdi.

Vaholanki bu Yaponiyadagi yagona holat emas, qayta infeksiyalanish yoki koronavirusning qaytishi juda kam hollarda bo‘lsada kuzatilmoqda. Virusologlar buning sababini tushuna olishmayapti.

Virus qaytalanadi
Ispaniya milliy biotexnologiya markazining virusologi Luis Enhuanesning BBC’ga aytishicha, koronavirusdan davolangan bemorlarning kamida 14 foizida qayta o‘tkazilgan tahlillardan keyin ham virus aniqlangan.

Uning fikriga ko‘ra, gap virusni qayta yuqtirish haqida emas, balki allaqachon kasallikdan tuzalgan odamning tanasida virusning yangi ko‘payishi haqida ketmoqda.

«Mening izohim, boshqa ko‘plab ehtimoliy tushuntirishlar qatorida, shunga taqaladiki, umuman olganda ushbu koronavirus populyatsiyada unga nisbatan immunitetni keltirib chiqaradi, ammo ba’zi odamlarda bu immunitet sust, — deydi Enhuanes. — Bu immunitet pasayishi bilan tanada qolgan virus qaytalanadi».

GETTY IMAGES
Virus tanada qoladi
Ba’zi viruslar tanada uch oy yoki undan ko‘proq vaqt saqlanib qolishga qodir.

«Bemor tahlildan o‘tib, avval ijobiy, so‘ngra salbiy reaksiyani ko‘rsatsa, shifokorlar odatda unda immunitet rivojlangani va infeksiya alomatlari takrorlanmasligini taxmin qilishadi, — deydi Enhuanes. — Ammo immun tizimining harakatiga kamroq ta’sirchan bo‘lgan to‘qimalarda infeksiyaning ba’zi qo‘zg‘atuvchilari saqlanib qolishi mumkin».

Covid-19 qo‘zg‘atuvchilarida esa ushbu qayta qo‘zg‘alishni aks ettiruvchi ijobiy reaksiya kasallikdan tuzalishdan keyingi juda tez vaqt ichida kuzatiladi va bu fakt virusologlarni xavotirga solmoqda.

Olimlarning boshi qotgan
Ma’lumki, inson immun tizimi turli infeksiyalarga turlicha munosabatda bo‘ladi.
Masalan, qizamiqqa qarshi bolalikda o‘tkazilgan birgina emlash odatda umrbod immunitet hosil qilish uchun yetarli.
Biroq, ba’zi mamlakatlarning sog‘liqni saqlash organlari zamonaviy vaksinadan foydalangan holda ma’lum bir yoshda qayta emlanishni tavsiya qilishadi.

GETTY IMAGES
Vaksinalar unchalik samarali bo‘lmagan boshqa viruslar mavjud va shuning uchun takroriy emlashlar muntazam ravishda olib borilishi kerak.
Gripp virusining mutatsiyasi tufayli, masalan, bunday emlash har yili takrorlanishi zarur.

Muammoni tushunishga urinish
Covid-19’ni keltirib chiqaradigan yangi koronavirus hali yetarli darajada o‘rganilmagan va olimlar infeksiya qaytalanishi tabiatini aniqlab yetishgani yo‘q.

Madridning Karl III nomidagi Sog‘liqni saqlash instituti xodimi Izidoro Martinesning fikricha, koronavirus bilan qayta zararlanish mumkin bo‘lsa ham, Covid-19 holatida virusga ijobiy reaksiya salbiy reaksiyadan so‘ng juda tez vaqtda paydo bo‘lishi g‘alati.

«Agar uzoq muddatli immunitet paydo bo‘lmasa, bir yoki ikki yil o‘tgach, keyingi epidemiya paytida siz yana infeksiyalanasiz. Bu normal holat, — deydi Martines. — Ammo yaqindagina tuzalgan odamning virus bilan qayta kasallanishi juda noyob holat hisoblanadi. Bizga ma’lum bo‘lishicha, bu koronavirus gripp kabi kuchli va tez o‘zgarmaydi».

Virusning vaqtincha faollashishi
Uning izohi Enhuanesning nuqtayi nazariga yaqin.
«Ehtimol, davolanishdan so‘ng o‘tkazilgan tahlillardagi manfiy natijadan keyin qisqa vaqt ichida koronavirusga yana ijobiy reaksiya kuzatiladigan bemorlarda infeksiya to‘liq yo‘q bo‘lishdan oldin vaqtincha faollashadi», — deydi virusolog.

Biroq, ikkala mutaxassis ham Covid-19 virusining tabiatini tushunish uchun qo‘shimcha tadqiqotlar talab qilinishini ta’kidlamoqda.
Olimlar ushbu yo‘nalishda izlanishlarni davom ettirishmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Koronavirus bilan qayta kasallanish mumkinmi?