19:09 / 30.03.2020
3 872

Qotilga aylanmang. Karantinga ketsangiz kartoshkalaringiz ham kerak bo‘lmaydi

Qotilga aylanmang. Karantinga ketsangiz kartoshkalaringiz ham kerak bo‘lmaydi
Birgina mavzu butun dunyodagi eng muhim jarayonlarni ham, muammolarni ham chetga surdi – koronavirus. Butun dunyo shu haqida gapirayotgan bir pallada, mavzuga sal batafsilroq kirishdan oldin bir holatga e’tibor qaratish kerak.

1918 yilda «Ispanka grippi» deb ataluvchi virus butun dunyoni chulg‘ab, o‘n millionlab insonni hayotdan olib ketgan. Qayerdadir o‘qidim: ayni kunlarda bunday og‘riqli oqibatlarning oldini olishda zamonamizning bosh yutug‘i — internetning kashf etilgani katta o‘rin tutmoqda. Ya’ni, davlatlar o‘rtasidagi muloqot, ma’lumot almashishning tezligi vaziyatga aniqroq, ertaroq baho berish imkonini bermoqda.

Demak, koronavirusga qarshi bugungi jangda axborotning aniqligi, tezligi, foydaliligi katta ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston aholisi qaysidir ma’noda onlayn va offlayn insonlarga bo‘linib qolgandek. Ijtimoiy tarmoqlarga kirsangiz, hamma vaziyatni tushungan, ko‘pchilik uyda o‘tiribdi, oilaviy karantin joriy qilgan, imkon qadar boshqalarni ham shunga chaqirmoqda.

Ko‘chaga chiqsangiz — hamma o‘z holicha, deyarli hamma, kamida Telegram tarmog‘iga ulangan bo‘lsa-da, axborotlar turlicha, aniq manbalar haqida ma’lumotlar kam. Natijada, mish-mishlar ko‘paydi, «bozorlar yopilarmish», kabi asossiz xabarlar oqibatida, ko‘p joylarda xaosning ikkinchi to‘lqini kuzatildi.

Shu nuqtayi nazardan, ko‘pchilik televideniyega bog‘liq ekani, u yerda berilayotgan axborotlarga ko‘proq ishonishini e’tiborga olib, bu mavzu kengroq yoritilishini istardim.

Ha, odamlarni (ayniqsa, ayollarni) uyda o‘tirishga qiziqtirish uchun qo‘ldan kelguncha harakat qilyapsizlar, chala qolgan, hattoki taqiqlangan turk seriallarini ham asta-sekin qaytaryapsizlar, lekin ushbu vaziyatda telekanallarning ijtimoiy mas’uliyati bu bilan cheklanmasligi kerak.

Koronavirus xavfi, karantin foydalari, bu mavzudagi to‘g‘ri tushuntirishlar, xabarlar, targ‘ibotlar ayniqsa, televideniyeda, xususan xususiy telekanallarda ham ko‘payishi kerak, nazarimda.

Koronavirus nima uchun xavfli?
Aslini olganda, virusning o‘zi u qadar qo‘rqinchli emas, og‘irlik darajasi, o‘lim ehtimoli yuzasidan bir qator oddiy, biz bilgan va biz qo‘rqmaydigan kasalliklardan ko‘p ham farq qilmaydi. Ammo butun dunyoni mana shunday vaziyatga keltirib qo‘ygan omil — koronavirusning oson yuquvchi ekani, hamda kasallikning dastlabki bosqichlarining yashirin o‘tishidir. Ya’ni, siz muloqot qilayotgan insonning kasal ekanini bilmaysiz, hatto uning o‘zi ham buni bilmayotgan bo‘lishi mumkin.

Koronavirus shunchaki bir inson bilan yaqindan turib suhbatlashganda, qo‘l berib so‘rashganda va hatto u qo‘li bilan ushlagan temir, pul, eshik tutqichi, umuman, har qanday turdagi buyumlarni bilmagan holda ushlash orqali ham yuqishi mumkin. Ya’ni, bir o‘zingiz ko‘chaga chiqib, oddiy temir ustunga suyanib yoki magazin eshigini ochib ham, virus yuqtirib olishingiz mumkin.

Aynan mana shuning uchun yuqtirishlar sonining geometrik progressiya bilan o‘sib borishi kuzatilmoqda. Bunday sur’atda o‘sib boruvchi har qanday kasallik ham, har qanday kuchli davlatning imkoniyatlarini cheklab qo‘yishi turgan gap.

Binobarin, biz shu paytgacha havas qilib kelgan va moliyaviy tomondan baquvvat hisoblangan AQSH, Italiya, Ispaniya, Fransiya, Germaniya va Shveysariya kabi mamlakatlarki, bu virus bilan kurashda katta qiyinchiliklarga duch kelishmoqda ekan, biz kabi meditsina va ijtimoiy ta’minot darajasi yetakchi bo‘lmagan davlatlarda koronavirus bilan kurashish yanada qiyinlashib ketadi.

Shuning uchun ham, eng avvalo, vaziyatni nazoratdan chiqarmaslikka urinish bugungi holatda eng to‘g‘ri qarordir.

Aholining harakatlanish imkoniyatlarini cheklash, imkon qadar uydan chiqmasliklarini ta’minlash, go‘yoki, ularning erkinligini bo‘g‘ishdek ko‘rinsa-da, bugungi kunda virus bilan kurashishda eng samarali yo‘l sifatida baholanyapti va hatto eng demokratik davlatlar ham bu usulga murojaat qilishga majbur bo‘lishmoqda.

Karantin nima uchun kerak?
Xo‘sh, koronavirus bilan kurashda karantinning o‘rni nechog‘lik muhim? E’tibor bersangiz, nafaqat bizda, balki butun dunyoda ham koronavirus vaksinasi, uni davolovchi dorilar, jarayonlardan ham ko‘ra, muloqotni cheklash, uyda o‘tirishga bo‘lgan chaqiriqlar ko‘proq — mamlakatlar asosiy moddiy va targ‘ibot kuchini aynan karantinni amalga oshirishga qaratishmoqda. Demak, virus bilan kurashishda eng muhim qurol va vosita — karantin, ya’ni, kasallikning boshqa odamlarga yuqishini cheklash va kamaytirishdan iboratdir.

Masalan, bugunga kelib, O‘zbekistonda virusni yuqtirib olganlar soni 145 kishiga yetdi. Ulardan ikki nafari vafot etdi. Yetti kishi tuzaldi. Demak, hozirda 136 inson koronavirus infeksiyasidan davolanmoqda. Shuningdek, ular bilan muloqot qilgan insonlar va chet eldan kelgan minglab yurtdoshlarimiz shubha ostida karantinda saqlanmoqda. Ularning soni bir necha o‘n mingni tashkil qilyapti, to‘g‘rimi?

Agar muammo faqat kasallarni tuzatish bo‘lganda, ushbu 140 kishi, shuningdek, shubha ostidagi va balki virus yuqtirib olgan bir necha yuz kishi jahon standartlari asosida davolanishadi, ma’lum vaqt o‘tgach, uylariga ketishadi — bo‘ldi. Bizning nima aloqamiz bor, dersiz.

Gap shundaki, karantinga olinganlar virus yuqtirib olishi mumkin bo‘lganlarning hammasi emas. Yuqorida aytganimizdek, virus yuqtirib olishning yo‘llari ko‘p va bu yo‘llarning hammasini nazoratga olish ilojciz. Chunki virusning inkubatsiya davri 14 kungacha cho‘ziladi. Kasallik alomatlari mana shu muddat ichida namoyon bo‘ladi.

Virus aniqlangan shaxsning oila a’zolari yoki ma’lum davrda muloqotda bo‘lgan tanishlari karantinga olingani bilan, boshqa yo‘llar bilan ham bilmagan holda ulardan virusni qabul qilib olgan insonlar borligi aniq.

Qisqa qilib aytganda, hozir tashqarida ham o‘zi virus tashuvchi ekanligini bilmaydigan odamlar bor. Ularning boshqalarga ham yuqtirib yurgan bo‘lishlari ehtimoli yuqori. Karantinning vazifasi aynan shu – o‘sha viruslar harakatini imkon qadar cheklash.

Tasavvur qiling: hamma uyda o‘tiribdi. Tashqi muloqot har qanday shaklda mavjud emas. Shunda, ma’lum vaqt o‘tib, o‘sha koronavirus yuqtirgan odamlar oshkor bo‘ladi. Kasallikning yashirin davri o‘tib, kimda virus bo‘lsa, alomatlar chiqa boshlaydi. U uyiga «tez yordam» chaqiradi, koronavirusga test topshiriladi, agar virus aniqlansa, uni davolash uchun olib ketishadi.

Karantinning foydasi shundaki, undan «kimlar bilan ko‘rishding, qayerlarga bording?» deb so‘nggi kunlardagi harakatlari so‘rab o‘tirilmaydi, chunki u uyda o‘tirgan. Faqat oila a’zolariga yuqtirgan bo‘lishi mumkin, ularni ham tekshirib, kerakli ishlarni amalga oshirish oson. Ya’ni, bir insondan virus yuqtirishi mumkin bo‘lgan potensial nomzodlar – qo‘shni, gapjo‘ra, mehmonga kelgan qarindosh, bozordagi sotuvchi, ofisdagi hamkasb, taksichi, avtobusdagi yo‘lovchi, to‘yxonadagi tanish, bemor ushlagan temirni ushlagan notanish, umuman nazorat qilib bo‘lmaydigan darajada ko‘p bo‘lgan yuzlab insonlar guruhi emas, faqat oila a’zolari qoladi, xolos.

Albatta, real hayotda hammani uyga qamashning iloji yo‘q. Ko‘pchilikning bemalol uyda o‘tirishlarini ta’minlash uchun ham ba’zi kasb egalari ko‘chaga chiqishga, o‘zaro muloqot qilishga majbur. Shunchaki matematik hisob bilan ham, imkon qadar ko‘pchilikning karantinga amal qilishi koronavirus yuqtiradiganlarning bir necha barobar kamaytirishini anglash qiyin emas.

Qirq yil qirg‘in kelsa ham...
So‘nggi paytlarda eng ko‘p eshitayotganimiz ibora — «qirq yil qirg‘in kelsa ham, ajali yetgan o‘ladi».

O‘tmish sarkardalaridan biri jangga kirish oldidan, lashkarni shu qadar tayyorlab, har bir mayda detallargacha e’tibor berarkanki, buni ko‘rganlar «nima, bu odam Allohning madadiga, barchasi unga bog‘liqligiga ishonmaydimi?» deb o‘ylab qolarkan. Tayyorgarlikdan so‘ng, Allohga yuzlanib duo qilarkan. Uni eshitganlar «nima, bu odamning qo‘shini jangga mutlaqo qurolsiz, daraxt barglarini ushlab, kirib ketyaptimi?», deb o‘ylar ekan.

Ya’ni, har qanday oqibatni kutishdan oldin, sababiyatlarni ham qilib qo‘yish har kimning, har qanday e’tiqoddagi kishining burchidir.

Bundan tashqari, siz balki, virusdan qo‘rqmassiz, statistikaga ko‘ra, immuniteti kuchli, asosan yoshlarda bu kasallik yengil o‘tishi mumkinligi haqidagi xabarlarni o‘qigandirsiz. Lekin shu bilan birga, virus tashuvchi bo‘lib qolishingiz mumkinligini unutmang. Sizga hech narsa qilmaydi, lekin uyingizdagi bolangizga, eng yomoni, keksa ota-onangiz yoki qarindoshingizga yuqtirib qo‘yishingiz mumkin.

Ma’lumki, virus yoshi ulug‘, surunkali kasalligi bor odamlarda ancha og‘ir kechadi va o‘lim holatlarining ko‘pi aynan mana shunday insonlarda kuzatilmoqda. Masalan, Italiyada o‘limlarning nisbatan ko‘p ekanining izohlaridan biri sifatida, u yerda keksalar an’anaviy tarzda yoshlar, farzandlari bilan birga yashashi ham aytildi. Bizda ham shunday-ku?

Qiziq holat — to‘ylar 23 martdan boshlab o‘tkazilmaydi, deyildi. 22 mart kuni hamma to‘y qildi. Bir to‘yxona bir kunda 6–7talab to‘y o‘tkazishganini ham eshitdim.

«Oziq-ovqat bozorlari berkiladi», degan mish-mish (noto‘g‘ri) tarqaldi, hamma bozorga chopdi…

Bir oylik kartoshka g‘amlash uchun ming odamnining ichiga turtinib-surinib kirib chiqsangiz-u, xudo ko‘rsatmasin, virus yuqtirib (chunki o‘zingiz bu ehtimolni ming barobar oshiryapsiz) olsangiz, siz ham, oilangiz ham, karantinga olinasiz. U yerda bu kartoshkalaringiz kerak bo‘lmaydi. Kasalxonaning ovqatlarini va dorilarini iste’mol qilasiz, shuni tushuning.

Falon kundan boshlab, bir joyga to‘planish taqiqlanadi, deyilganda, «shu sanadan oldin mumkin, xavfsiz», degan ma’noni anglatmaydi. Ya’ni, 23 martdan cheklov qo‘yilsa, biz virus aynan 23 mart kuni kelarkan, 22 mart kuni xavf yo‘q, demasligimiz lozim. Axir o‘sha taqiqlar ham virusdan cho‘chib joriy qilinyapti, nega endi virusdanmas, taqiqdan qo‘rqishimiz kerak?

O‘ylab ko‘ring, «menga virus yuqmaydi» yoki «meni virus o‘ldirmaydi» deb, ertaga piyoda bozor qilishdan qo‘rqib, mashinangizga to‘rtinchi qop kartoshkani yuklash uchun magazin eshigini ochasiz, orqangizdan esa, pensiyasiga yegulik olgani bir o‘zi kelishga majbur bo‘lgan qariya kiradi. Siz, yosh, baquvvat, immuniteti kuchli, boy inson o‘zingiz bilmagan holda, keksa, nochor, surunkali kasalligi bor, kambag‘al cholning qotiliga aylanib qolishingiz mumkin!

Televizorda, saytlarda yoki Telegram kanallarida chiqayotgan xabarlarga e’tibor bering.

Fransiyadan kelgan ayol... Umradan kelib, 120 kishiga osh bergan hoji... Namanganda vafot etgan onaxon. U Istanbuldan kelgan qizidan yuqtirgan. Londondan kelib, koronavirus aniqlangan odamning oilasi... Vafot etgan 39 yoshli bemor Fransiyadan kelgan haligi opadan yuqtirib olgan.

Farg‘onada yana bir bemor aniqlanibdi, u haligi 120 kishilik marosimda qatnashgan ekan. Karantindan qochib ketgan ayol bor-ku, u falon kuni Istanbuldan kelgan do‘stidan koronavirus yuqtirib olgan ekan. Dubaydan kelgan bemor esa, ikki sherigi bilan mashina bozorga chiqqan ekan. Sheriklarini ham karantinga olishgan...

Tanish gaplar, to‘g‘rimi? Uyda, ko‘chada, ijtimoiy tarmoqlarda mavzu bo‘layotgan bu qahramonlar bizga tanishdek, qachon, kim, nechanchi bo‘lgani, kimdan yuqtirganini ham bilamiz, ta’qib qilamiz. Ular bizning qarindoshimiz yoki tanishimiz emas, lekin muhokama qilyapmiz.

Bilasizmi, bu ham bir ne’mat. Hozircha. Ispaniya, Italiya kabi mamlakatlarni, nari borsa, ana Turkiyani ko‘ring. Bunaqa gaplar ortda qolgan. U yerlarda koronavirusga chalingan, undan o‘layotganlar kim, nima, qayerdan, qanday, yo‘q, shunchaki, raqamga aylanishgan. Tasavvur qiling, har biri inson, kimningdir jon yaqini bo‘lgan, kimlarningdir hayotini butkul o‘zgartirib yuborayotgan o‘limlar oddiy raqamlarga aylangan. Bir kun falon ming, ikkinchi kun falon ming va hokazo.

Zarur ishlar, quruq qolinayotgan daromadlar, ha mayli, ertaga yegulikdan muammo bo‘lish xavfi o‘sha dahshatlar oldida hech narsa emas. Shuning uchun ham, vaziyatdan kamroq talafotlar bilan chiqishimizni istasangiz, odamlar bilan kamroq muloqot qiling. Uyda o‘tiring.

Qahramon Aslanov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qotilga aylanmang. Karantinga ketsangiz kartoshkalaringiz ham kerak bo‘lmaydi