23:13 / 30.03.2020
2 360

«Agar virus kirib kelmaganida edi…» – Koronavirus orzungizga to‘siq bo‘la oladimi?

«Agar virus kirib kelmaganida edi…» – Koronavirus orzungizga to‘siq bo‘la oladimi?
Maqolamizni boshlashimizdan oldin oldimizga bir maqsadni qo‘ydik. Ya’ni hech qanday raqamlarsiz, statistikalarsiz faqat rejalashtirilgan, qalbning eng tubiga saqlab qo‘ygan orzularingiz, maqsadlaringiz va rejalaringiz haqida so‘z yuritmoqchimiz. Chunki sizda orzular yetarlicha. Ular tirik. Faqat amalga oshishini kutmoqda xolos!

Xitoyning Uhan provinsiyasida 2020 yil qish oylarida koronavirus degan infeksiya tarqala boshladi. Tez orada u butun dunyoni egalladi. Qarabsizki, kichkina bir zarra xuddi dunyoni ostin-ustin qilgandek. Barcha aviaqatnovlar, temiryo‘llar, mashinalar harakati, savdo-sotiq, bog‘lar, kinoteatrlar faoliyati to‘xtadi. Davlatlar tashqi dunyodan uzildi. Hamma ota-ona o‘z farzandlarining xavfsizligi haqida qayg‘urmoqda…

Endi sizning orzularingiz haqida
Yurtimizda bahor fasli hukm surmoqda. Tabiat uyg‘ongan. Hammayoq yashilga burkangan. Qushlar sayrashi-yu varraklar parvozi odamga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishlashi turgan gap. Qish sovuq havosidan zerikib endi bahorga chiqqanimizda bu kichik zarra bizni ham chetlab o‘tmadi. Virus bizgacha yetib keldi. U bizning oramizda. Xo‘sh, bu kichik zarra bizning orzularimizni amalga oshishiga to‘sqinlik qila oladimi? Bir ovozdan, qat’iy – yo‘q! Nega deysizmi? Sababi oddiy – orzularimiz tirik. Amalga oshirishimiz uchun hamma imkoniyat bor.

Qish faslining izg‘irinli kunlarida barchamiz dilimizga tugib qo‘ygandik. Bahor kelsa, oilam bilan tog‘ga chiqaman. Tabiatning go‘zalligidan bahra olaman. Farzandlarim, yaqinlarim, do‘stlarim bilan mazza qilib dam olaman.

Bahor kelsa, anchadan buyon rejalashtirib qo‘ygan sayohatlarimga chiqaman. Dunyo kezaman. Turli davlatlar va madaniyatlar bilan tanishaman. Yaqinlarimga sovg‘a-salomlar olib kelaman.

Bahor kelsa, to‘ylar qilaman. Ko‘p yillardan beri ko‘nglimga tugib qo‘ygan orzum nihoyat ushaladi. O‘g‘il uylantiraman, qiz chiqaraman.
Ota-onamni haj safariga olib borishni rejalashtirganman. Nihoyat ularning orzulari ushalish arafasida.

Orzularimiz endi amalga oshmaydimi?

Bu savolga javob topishdan oldin hayot so‘zining ma’nosiga ta’rif bermoqchiman. Hayot nima o‘zi? Hayot – borliq, tabiat, go‘zallik. Va kurash ham. Hayot bu – sabr. Bugun esa bu so‘zga boshqacharoq ta’rif bermoqchiman. Hayot bu – tozalik, shaxsiy gigiyena. Ha, u bugun o‘z tusini o‘zgartirdi: hayot – tozalik va shaxsiy gigiyena.

«Agar virus kirib kelmaganida, orzularimni amalga oshirar edim», deyishga shoshilmang. Ular albatta amalga oshadi. Qanday deysizmi? Juda oddiy. Hayot so‘zining bugungi kundagi ma’nosini anglab yetsak bo‘lgani.

Yoki yozning jaziramasini ham uyda o‘tirib o‘tkazmoqchimisiz? Albatta, yo‘q. Biz orzularimizni amalga oshirishimiz kerak. Buning uchun kichkina bir sinovdan o‘tib olsak bo‘lgani.

Virusni dushman deb hisoblasak, uni mag‘lub etish uchun harbiylar yoki shifokorlar, kuchli qurollar shart emas. Virus tomonga o‘tib, unga sotilmasak bo‘lgani.

Ha, bugun siz va biz – bu dushmanga qarshi kurashuvchilarmiz. Hukumat bu infeksiyaga qarshi turish uchun katta kuch va mablag‘ sarflamoqda. Karantin uzoq davom etsa, salbiy oqibatlari ham ko‘proq bo‘lishi tayin. Va bu albatta sizning orzularingiz va yaqinlaringizning orzulariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Bugun orzularga ega har kim – katta sahnada. O‘zimizni ko‘rsatish vaqti keldi. Bugun biz qahramon bo‘lishimiz mumkin. Axir virus tarqalish zanjirini uzish juda sodda formulaga asoslangan. Ya’ni u odamdan-odamga yuqadi. Biz shu yuqish zanjirini qancha tez uzsak, shuncha orzularimizga yaqinlashamiz.

Qisqa qilib aytganda, virus tomonga o‘tib, uning xizmatkoriga, ya’ni virus tashuvchisiga aylanmasligimiz kerak ekan.

Ota-onamiz, yaqinlarimiz, aka-uka, amma-xola, tog‘a-jiyan, bobo-buvi, farzandlarimiz uchun, ularning kelajagi va orzu-umidlari uchun bugun uyda bo‘lishimiz va zanjirning tarqalib ketmasligining oldini olishimiz kerak. Ana shunda pandemiyadan tezroq qutulib, yana oldingidek hayotimizni davom ettiramiz.

Orzularimizni amalga oshiramiz.
Xulosa o‘rnida barcha yurtdoshlarimizga aytishni istardik: uyda qolib, qahramonlik ko‘rsating. Turli yumushlar bilan odamlar orasida bo‘lib, xalqimiz va yaqinlaringizga xiyonat qilmang. Uyda qoling!

Rahmatilla Isroilov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Agar virus kirib kelmaganida edi…» – Koronavirus orzungizga to‘siq bo‘la oladimi?