19:09 / 31.03.2020
6 239

Ko‘rshapalak va koronavirus: biz bilishimiz kerak bo‘lgan ilmiy haqiqatlar

Ko‘rshapalak va koronavirus: biz bilishimiz kerak bo‘lgan ilmiy haqiqatlar
«Koronavirus odamlarga ko‘rshapalaklardan yuqdi deyilmoqda. Nima deb o‘ylaysiz, ular qanday yuqqan bo‘lishi mumkin?» degan savol bilan murojaat qilgan edik. So‘rovnomada 1835 nafar kishi ishtirok etgan.

Ovozlar quyidagi nisbatda taqsimlangan:
33 foiz odam virus ko‘rshapalakni yeganda yuqqan deb javob bergan.
35 foiz odam esa virus to‘g‘ridan-to‘g‘ri odamga yuqmaydi, oraliq xo‘jayin orqali yuqadi deb javob berishgan.
27 foiz odam esa ushbu virus laboratoriyada yaratilganisha ishonishini bildirgan.
5 foiz odam esa ko‘rshapalakni ushlash natijasida virus odamga yuqqan deb javobni belgilangan.

O‘zi aslida koronaviruslar odamga qanday yuqadi?
Koronaviruslar bu issiqqonli hayvonlar, ya’ni qushlar va sutemizuvchilarda yashovchi viruslar bo‘lib, olimlar SARS-CoV-2 koronavirusining asl manbasi Xitoyda uchrovchi ot ko‘rshapalaklar ekanligiga shubha qilishmaydi. Lekin shunisi borki, hech qachon ko‘rshapalakning virusi odamga to‘g‘rdan-to‘g‘ri yuqmaydi, uni ushlaganingizda ham, pishirib yeganingizda ham. Virus ko‘rshapalakdan odamga yuqishi uchun orada vositachi bo‘lishi kerak. Buni biz fan tilida oraliq xo‘jayin deb ataymiz. Virus dastlab mana shu oraliq xo‘jayinga o‘tadi, ana undan keyin undan odamga o‘tadi. Shunda ham oraliq xo‘jayinni yeyish shart emas, uni ushlash kifoya.

Yanvar oyining 22-kuni Journal of Medical Virology jurnalida SARS-CoV-2 koronavirusining oraliq xo‘jayini ilonlar ekanligini haqida maqola chop etildi. O‘sha vaqtda juda ko‘p virusologlar bu versiyaga o‘z e’tirozlarini bildirganlar, sababi ilonlar sovuqli hayvon va ularda koronaviruslar yashamaydi. Shundan keyin fevral oyining dastlabki kunlarida Nature jurnalida yana bir tadqiqot ishi chop etildi. Unda SARS-Cov-2 ning oraliq xo‘jayini pangolinlar ekanligi haqida yoziladi. Bu endi ancha haqiqatga yaqin versiya edi.

Lekin shunday bo‘lsada, oraliq xo‘jayin boshqa bo‘lishi mumkin degan versiya saqlanib qoladi. O‘tgan hafta 22 mart kuni Journal of Proteome Research jurnalida yana bir tadqiqot ishi chop etildi. Unda yuqoridagi ikki versiya ilmiy-tanqidiy o‘rganilib chiqib, virus genomi qaytadan o‘rganildi va odam va ko‘rshapalakdagi SARS-CoV-2 koronavirusi 91% holatda pangolinlardagi virus bilan o‘xshash ekanligi qayd etildi. Ushbu tadqiqot ikkinchi versiyaning to‘g‘riligini yana bir bor tasdiqlab berdi.

Mana endi siz aslida koronaviruslar odamga qanday yuqqani bilasiz. Nima uchun bular haqida yozmoqdaman. Aqlli, dunyoqarashi keng, zamonaviy ilm-fan yangiliklaridan xabardor odam ayrim «sariq pressa»lardagi ishonchsiz ma’lumotlarni o‘qib unga ishonib ketmasdan, masalaga ilmiy asosda, haqqoniy yondashishga harakat qiladi. Zamonaviy jamiyatda bu Sizning holatdan naqadar xabardor ekanligingizni bildiradi.

Koronavirusning laboratoriyada yaratilgani haqidagi gap bu qo‘pol qilib aytganda bog‘cha bolalarning gapi, sababi biz hozir XXI asrda yashayapmiz. Dunyoda AQSH yoki Xitoy mutaxassislaridan kam bo‘lmagan va davlati ushbu ikki davlat orbitasiga tushib qolmagan olimlar anchagina, agar u yoki bu davlat bir-biriga ziyon yetkazish uchun laboratoriyada virus yaratib pandemiya keltirib chiqarganda edi, ana o‘sha mutaxassislar allaqachon buni aniqlab aytishgan bo‘lar edi. Qolaversa birorta virusolog koronavirusning laboratoriyada yaratilganini tasdiqlamagan, bu haqidagi taxminlarni ular keskin rad etishgan. O‘ylaymanki, siz ham olimlarga ishonasiz va shunga qarab xulosa qilasiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ko‘rshapalak va koronavirus: biz bilishimiz kerak bo‘lgan ilmiy haqiqatlar