20:30 / 31.03.2020
3 324

«Korzinka»da kartoshka narxi qancha? Supermarket rahbari Zafar Hoshimov bunga javob berdi

«Korzinka»da kartoshka narxi qancha? Supermarket rahbari Zafar Hoshimov bunga javob berdi
Koronavirus epidemiyasi tarqalgach, ijtimoiy tarmoqlarda kunda-kunora vahimali xabarlar tarqalmoqda. Bu esa hozirgi sharoitda aholi kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi.

Korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i asoschisi va rahbari Zafar Hoshimov shu mavzuda fikr bildirib, aholini provokatorlardan ogoh bo‘lishga chaqirdi.
«Bir narsaga rosa hayronman. O‘zi bir murakkab vaqtlardan o‘tayotgan bo‘lsak, odamlarning asabi shusiz ham ancha tortilgani aniq. Nega shu holatda ba’zilar xalqning yana jig‘iga tegish, odamlarni yanada g‘azablantirish bilan mashg‘ul bo‘lar ekan-a?

Biri kontrfilening rasmini olib, «Korzinkada mol go‘shti 84 ming so‘m bulibdi
», deb yozsa, boshqasi yosh «barracha» kartoshka narxini olib, «Korzinkada kartoshka 18 ming so‘m bo‘libdi», deb jar solsa...

Bu vahima xabarlarning hech birida na xolislik va na haqgo‘ylik bor. Odamlar asabi tortilganidan foydalanib, o‘ziga piar qilish bilan ovora bu insonlar, lekin amallarining qanday oqibatlarga olib kelishidan ular mutlaqo bexabar, chog‘i. Men shu yerda atayin Ikkinchi jahon urushi davrida vahima va provokatsiya tarqatuvchilar haqidagi plakat suratini joylashtirdim. Shoyad, shu kimsalarga saboq bo‘larmikan, degan umiddaman.

Ular bu amallarini qasddan kilgan deyishimning boisi, kichkina rangsiz 3sm x 7sm narxnomalarni ko‘rib, katta A4 formatdagi sap-sariq narxnomani ko‘rmaslikning aslo imkoni yo‘q.

Nahotki 83990 so‘mlik antrekot rasmini olgan inson, yonidagi 48990 so‘mlik chiroyli mol go‘shtining rasmini ko‘rmagan bulsa yoki 17990 so‘mlik yap-yangi yosh kartoshkani suratga olib, uni dostonlarga tushirayotgan insonlar, mayli, barracha yosh kartoshkaning farqiga borishmas, lekin qanday qilib tog‘ bo‘lib uyilib yotgan 3500 so‘mlik kartoshkani payqamay o‘ta olishgan ekan?

Bu postim bu kabi provokatsiyalar mualliflariga emas (ularga Alloh bas kelsin), mening aziz o‘quvchilarim, Sizlarga atalgan. Hushyor bo‘ling, bunday fitna-nayranglarga uchmang. Aminmanki, go‘zal sabr va xayrli amallarimiz ila bu mashaqqatlarni tez orada yengib o‘tamiz va ko‘rmagandek bo‘lib ketamiz.

Uyingizni behojat tark etmang, o‘zingizni va yaqinlaringizni ehtiyot qiling», – deb yozadi Zafar Hoshimov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Korzinka»da kartoshka narxi qancha? Supermarket rahbari Zafar Hoshimov bunga javob berdi