20:18 / 02.04.2020
2 340

«Vabo – bandalarni sinash, jazolash yoki poklash uchun yuboriladi» – Rahmatulloh qori Sayfuddinov

«Vabo – bandalarni sinash, jazolash yoki poklash uchun yuboriladi» – Rahmatulloh qori Sayfuddinov
O‘zbekiston va umuman dunyo aholisi noodatiy hayot tarziga asta-sekin ko‘nika boshlayapti.
Kun.uz muxbiri mo‘min-musulmonlar karantin davrida e’tibor qaratishi joiz bo‘lgan masalalar yuzasidan «Mirza Yusuf» jome-masjidi imom xatibi Rahmatulloh qori Sayfuddinov bilan suhbatda bo‘ldi.

Inson hayoti har qanday farzdan oldin turadi
– Darhaqiqat dunyo mamlakatlarini tashvishga solib turgan bu vabo O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmadi. Davlatimiz rahbariyati, hukumat xalqning xavfsizligini, sog‘lig‘ini ta’minlash maqsadida keskin choralarni zudlik bilan yo‘lga qo‘ydi. Musulmonlar idorasi ham diniy masalalarga oid kerakli va muhim fatvolarni e’lon qildi. Xalqimizni va o‘zimni ham ushbu fatvolar va qo‘yilgan talablarga rioya qilishga, itoat qilishga chaqirib qolgan bo‘lardim. Chunki, bu bizga vojib amal bo‘lib turibdi.

«Hayatad insana muqaddamun alal-farz» – bu eng ulug‘ qoidalarimizdan biri. Inson hayoti har qanday farzdan muqaddam turadi. Biz Islomda tijorat odobini zikr qilishdan avval, mo‘min-musulmon odamning ana shunday vaziyatga tushib qolganda o‘zini qanday tutishi haqida gapirib o‘tishimiz kerak. Bu muhim hisoblanadi. Tijoriy holatlar ham shunga bog‘liq.

Vabo – bandalarni sinash, jazolash yoki poklash uchun yuboriladi
– Bizning aqidamizda vabo – Alloh subhanahu taoloning bandalariga ba’zan sinov uchun, ba’zida jazolash uchun va ba’zan ularni poklash uchun yuboradigan narsadir.

Qur’on oyatlarida ham o‘zini ehtiyot qilishga chaqiriqlar bor
– Chumolilar podshohi qavmiga qarata: «Uylaringga kiringlar, Sulaymonning qo‘shini sizlarni bilmagan holda ezib, halok qilib qo‘ymasin», demoqda. Ya’ni, og‘ir vaziyat paydo bo‘lganida, chumolilar podshosi xalqini ogohlantirmoqda.

O‘ynab gapirsang ham o‘ylab gapir, deb bejizga aytilmagan
– «Al balou muakkalun bil mantiq», degan gap ham bor. Balo gapirilgan gapga muvofiq keladi. Masalan, Qur’oni Karimning «Yusuf» surasida, Yusuf alayhissalomning qissasida akalari ukasi Yusufni o‘ynatib kelaylik, deb otalari Ya’qub alayhissalomdan so‘raganlarida, u kishi, «men uni (Yusufni) bo‘ri yeb qo‘yishidan qo‘rqaman», deydilar. Va Yusufga kelgan balo xuddi shu jihatdan keladi. Akalari «Yusufni bo‘ri yedi», deb kelishadi.

Ikkinchi marotaba, Hazrati Yusuf alayhissalom Misrga hokim bo‘lgach, ukasini olib qolganida, akalari «ukamizni olib kelamiz», deb arz qilib turganlarida, yana Hazrati Ya’qub alayhissalom: «Sizlarga bir muammo bo‘lishidan qo‘rqaman», deydilar. Haqiqatdan ham Yusufning huzurida akalari katta bir muammo-makrga duch keladi.

Yoki Hazrati Yusuf alayhissalom zindonga tushishlaridan oldin, Misrning azizi Zulayhoning talabiga javoban, «sizlar taklif qilayotgan narsadan ko‘ra, menga sijin – qamoq yaxshiroq», deydilar. Holbuki, Yusuf alayhissalom Allohdan qamoqqa tushmasdan ham najot istashi mumkin edi. Biroq, «menga sijin yaxshiroq», demoqdalar va balo sijindan keldi.

E’tiqod, ong va gumonni to‘g‘rilash haqida
– Xalqimiz birinchi o‘rinda, e’tiqodini, ongini, gumonini to‘g‘irlasin. Qo‘rqib vahimaga tushadigan bo‘lsa, sarosima-xovliqmalikni olib kelsa, qayerda qurbon bo‘lsa, u yerda, albatta, jallod bo‘ladi.

Shunday qoida bor, inson qo‘rqqan narsasiga tezroq duch keladi. Shuning uchun qo‘rqmaslik kerak, e’tiqodni mustahkam qilish zarur. Hadisi-sharifda: «Vabo mo‘min-musulmonlarga rahmat bo‘lib keladi», dedilar Payg‘ambar alayhissalom. Bu, aslida, Allohning rahmati, ne’mati ekanini tushunmog‘imiz kerak.

Endi mana shunday tushuncha bo‘lmaganligi uchun, ba’zi bir savdogarlar, «xalq baribir olyapti, ko‘proq pul ishlab qolaman», degan o‘y bilan kundalik sotib turgan molining narxini ziyoda orttirib yuborishi ko‘zga tashlanmoqda. Ya’ni, mo‘min-musulmon odam vabo vaqtida o‘zini qanday tutishni bilmaganidan, bugungi kunda ba’zi savdogarlar mahsulotlarning narxini oshirib yubormoqdalar.

Tolib Rahmatov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Vabo – bandalarni sinash, jazolash yoki poklash uchun yuboriladi» – Rahmatulloh qori Sayfuddinov