13:30 / 03.04.2020
4 620

Mutaxassis O‘zbekistonda qaysi dori samara keltirayotganini aytdi

Mutaxassis O‘zbekistonda qaysi dori samara keltirayotganini aytdi
OKA huzuridagi shtabda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Brifing davomida mutaxassis fuqarolardan kelgan bir qator savollarga javob berdi.

— Odam kunlik ehtiyoj uchun ko‘chaga chiqqanda (do‘konga, dorixonaga va h.k.) oldidan chiqqan odamdan kasallikni yuqtirib olish va uydagilarga yuqtirib qo‘yish mumkinligi to‘g‘risida fikr (vahima, qo‘rquv) paydo bo‘lsa, uyga qaytib kelgach, o‘zini qanday tutishi kerak, kimga murojaat qilish kerak?
— Karantin paytida ham ehtiyoj tufayli do‘konga yoki dorixonaga chiqishga to‘g‘ri kelsa, qaytib kelgach bolalaringiz bilan ko‘rishish, erkalatish va gaplashishdan oldin qo‘lingizni yaxshilab sovun bilan yuving, og‘zingizni va burningizni suv bilan bir necha marotaba chaying, imkon bo‘lsa antiseptik vositalar bilan qo‘lingizga ishlov bering. Bilingki, qo‘rquv, vahima va hadik ham — kasallanishdan saqlaydigan ma’naviy immunitetlardan biri hisoblanadi.

— Ijtimoiy dorixonalarda dori narxini davlat belgilab beradimi? Kim nazorat qiladi narxlarni?
— Prezident qarori bilan Ijtimoiy dorixonalar dori vositalariga ustamani 10 foizdan oshirmasligi belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi zimmasiga dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar ular narxining davlat tomonidan belgilangan tartibga rioya etishini tizimli asosda nazorat qilish vazifasi yuklangan.

— Virus yuqishining yengil, o‘rtacha, og‘ir yoki shunga o‘xshash darajasi bo‘ladimi, shu haqida ma’lumot bersangiz?
— Virus yuqishi bo‘yicha bu kabi darajalarga bo‘linmaydi. Faqat odamlarda kasallik yengil, o‘rta og‘irlikda, og‘ir holatda kechishi mumkin. Kasallikning bu kabi kechishi organizmga tushgan virusning miqdoriga, uning virulentligi, patogenligi va kasallikni yuqtirib olgan shaxsning immun tizimiga bog‘liq.

— Hozirda davlat ixtiyorida nechta test tizimi mavjud? O‘zimizning mutaxassislar ishlab chiqayotgan test tizimlari qachon foydalanishga beriladi?
— O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda polimeraza zanjirli reaksiyasini aniqlaydigan 200 mingdan ortiq test mavjud. Innovatsion rivojlanish vazirligi ilg‘or texnologiyalar markazi direktori ma’lumot berishicha, ular oy oxirigacha 50 ming test tayyorlashni rejalashtirmoqda. Bunga qadar ular Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligida klinik sinovlarni yakunlab, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga hujjatlarni taqdim etishlari kerak.

— Ma’lum yillar oldin Kubada yaratilgan dori koronavirusga qarshi 100 foiz natija berarkan, hatto AQSHda yoshi kattalar ham ushbu preparat yordamida tuzalibdi. Bu dori koronavirusga qarshi ta’sir qilayotganini AQSH tibbiyot agentligi ham tasdiqlabdi.Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bu xabarga munosabatingiz?
— «INTERFON ALFA B2» dorisining koronavirusga qarshi samarasini tasdiqlovchi klinik protokollar jahon miqyosida mavjud emas. O‘zbekiston Respublikasida hozirgi kunda «XLORAXIN» preparatining organizmning virusdan tozalanishida samarasi yaqqol namoyon bo‘layapti.

Eslatib o‘tamiz, biroz vaqt muqaddam Nurmat Otabekov O‘zbekistonda karantinga olingan fuqarolar soni haqida ma’lumot bergani va ular orasidan yana koronavirusga chalinganlar chiqishiga tayyor turishimiz kerakligini aytgani xabar qilingan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mutaxassis O‘zbekistonda qaysi dori samara keltirayotganini aytdi