08:38 / 06.04.2020
2 176

Karantin – erkinlikni cheklash emas

Karantin – erkinlikni cheklash emas
Foto: pixabay.com
Koronavirus, ya’ni yangi vabo bugun butun insoniyatga xavf solmoqda. Mamlakatimizda bu xatarni bartaraf etish uchun barcha choralar ko‘rilmoqda. Koronavirus aniqlanishi bilan karantin e’lon qilindi. Davlat tomonidan ko‘rilayotgan choralar odamlarimizning kasallikni yuqtirib olish ehtimolini imkon qadar kamaytirish, infeksiyaning tarqalishini jilovlashga qaratilgan.

Bir narsa aniqki, bu baloni daf etish maqsadida davlat qancha-qancha mablag‘ ajratgani, qat’iy kurash olib borgani bilan odamlarimiz shifokorlarning tavsiyasiga amal qilmasa, karantin qoidalariga rioya etmasa, barcha harakatlar behuda ketishi tayin. «…Shu bois karantin qoidalarini buzganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish to‘g‘risida parlamentimiz qabul qilgan qonunni imzoladim. Ushbu qonunga asosan bundan buyon karantin davrida atrofidagi insonlarning sog‘lig‘i va hayotini xavf ostiga qo‘yganlar 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi», – deya ta’kidladi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyo­yev 26 mart kuni koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Senatining uchinchi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun ma’qullangan edi. Mazkur qonun davlatimiz rahbari tomonidan 2020 yil 26 mart kuni imzolanib, 27 mart kuni matbuotda e’lon qilindi va kuchga kirdi.

Karantin qoidalarini buzgan shaxs 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin
Qonunga ko‘ra sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi.

Xususan, sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, shu jumladan karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida davlat sanitariya nazorati organlarining:

— tibbiy tekshiruvdan o‘tish va davolanish;
— karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga yetib borish hamda ushbu joyni belgilangan muddat davomida tark etmaslik;
— kasallik yuqishi mumkin bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi hamda boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaganlik odamlarning ommaviy kasallanishi yoki zaharlanishi real xavfini keltirib chiqarsa yoxud odamlarning ommaviy kasallanishiga yoki zaharlanishiga olib kelsa, 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.

Agar shunday harakatlar odamning o‘limiga sabab bo‘lsa 7 yilgacha, bir qancha odamlarning o‘limiga sabab bo‘lsa 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilanadi.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tamiz, ilgari ushbu muddatlar 3 yildan 5 yilgacha hamda 5 yildan 8 yilgacha bo‘lgan.

Yuqumli kasallik haqida yolg‘on ma’lumot tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi
Shuningdek, qonunga muvofiq karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida aholi orasida asossiz vahima tarqalishining oldini olish, jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda mutasaddi idoralarning normal faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratish maqsadida Jinoyat kodeksi 244-5-modda bilan to‘ldirildi.

Unga ko‘ra karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklarning paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish bazaviy hisoblash miqdori(BHM)ning 200 baravarigacha yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Mazkur ma’lumotlarni nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoki OAV, shuningdek internet orqali tarqatish esa:
— BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima;
— 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
— 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
— 3 yilgacha ozodlikni cheklash;
— 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Tibbiy majburlov chorasi qo‘llanishi mumkin
Bulardan tashqari, karantin sharoitida tibbiy majburlov chorasi qo‘llanishi mumkin. Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi va tarqalishi sharoitida qo‘llashni nazarda tutuvchi 292-modda bilan to‘ldirildi.

Unga ko‘ra karantin sharoitida epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzgan shaxsga nisbatan tibbiy majburlov choralari qo‘llanishi mumkin.
Tibbiy majburlov chorasi 30 sutkagacha bo‘lgan muddatda ma’muriy jazo tayinlash bilan birga qo‘llanadi.

Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarining ijrosi davlat sanitariya nazorati, ichki ishlar va Milliy gvardiya organlari tomonidan ta’minlanadi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tamiz, amaldagi kodeksda sanitariya yoki epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzishga oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan, agar ushbu shaxsda kasallik alomatlari mavjudligi yoki mavjud bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida yetarli asoslar bo‘lgan taqdirda majburiy tibbiy choralar qo‘llash uchun huquqiy asos mavjud emas edi.

Ushbu o‘zgartish esa sanitariya va epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzgan va ayni paytda kasallikning yanada kengroq tarqalishiga sababchi bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxsni jamiyatdan ajratgan holda majburiy ravishda davolash imkoniyatini beradi.

Shuningdek, mazkur qonun bilan ichki ishlar va Milliy gvardiya organlariga epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzgan shaxslarni ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish vakolati berildi.

Bosh prokuratura shtabi tomonidan olib borilgan tadbirlar davomida karantin qoidalariga rioya etmaslik holatlari yuzasidan 5 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, 17668 ta huquqbuzarliklar aniqlanib, ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Hozir dunyoning 190 dan ortiq mamlakatida bo‘lgani kabi biz ham sinovli davrni boshdan kechirmoqdamiz. Bunday vaziyatda jamiyatda o‘rnatilgan tartib-qoidalarga va shifokorlarning tavsiyalariga og‘ishmay amal qilib, o‘zimiz, oilamiz va xalqimiz salomatligini asrashga hissa qo‘shmog‘imiz shart. Karantin erkinlikni cheklash emas, xalqni asrash chorasi ekanligini unutmaylik.

Parda Narziyev,
Bosh prokuratura boshqarma katta prokurori

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Karantin – erkinlikni cheklash emas