09:00 / 06.04.2020
3 096

Tog‘amning mansabiga ko‘z tegmasin…

Tog‘amning mansabiga ko‘z tegmasin…
Qishlog‘imizda tug‘ilib o‘sgan, ayni vaqtda viloyatdagi nufuzli tashkilotlardan biriga rahbarlik qilayotgan ustozni men ham hurmat qilaman. Aynan qishlog‘imizdan bo‘lgani uchun emas, o‘zini tutishi, har bir masalaga jiddiy e’tibor qaratishi, teran fikrlashi-yu dunyoqarashi kengligi uchun. Tumandoshlarimizning ko‘pchiligi u kishining yordami, maslahati bilan jamiyatda o‘z o‘rnini topgan. Ko‘pchilik u kishini ustoz deyishining sababi ham shunda. Ammo…

Yaqindagina ustozning ayrim xususiyatlarini ko‘rib, shunday inson bilan bir jamiyatda yashayotganimdan, tanish ekanligimdan afsuslanib ketdim. Boshqalarni bilmadimu, ammo men hech qachon birovni orqa qilib ishimni bajarmayman. O‘z bilimim, saviyam bilan jamiyatda, kasbdoshlarim orasida o‘rnimni topishga harakat qilaman. Kasbimda, oilamda, hayotimda muammolarim bo‘lganidek, «xizmat bo‘lsa ayting» deydigan tanish-bilishlarim ham yetarli. Faqat aytishni o‘zimga ep ko‘rmayman. Yonimga kimnidir orqa qilib keluvchilar ham hurmatimga loyiq bo‘lmaydi…

Xullas, ustozning bir jiyani bor. Institutni-ku bitirgan. Lekin yetarlicha bilim olmagan. Bir-ikki marta hamsuhbat bo‘lganman. Fikrlashi, oddiy hayotiy tushunchasi ham haminqadar. Shu paytgacha jiyan savdo-sotiq qilib yurardi. Bir kuni tumanimizdagi nomi ulug‘ tashkilotlarning birida ishlayotganini ko‘rib hayron qoldim. Egnidagi kostyum-shimi biram yarashgan. Ko‘rsangiz tanimaysiz. Ko‘pning orasida meni ko‘rib, ko‘zlari chaqnab ketdi. Yugurib yonimga kelarkan, salom-alikni ham nasiya qilib,

«Ariza bilan shikoyatning qanday farqi bor, opa? Shu savolga javob berolmadim. Ishga kirganimga olti oy bo‘ldi. Xuddi men hamma narsani biladigandek, turli xil savol beradi. Hali endi kompyuterni o‘rganayotgan bo‘lsam. Qaroru farmonni so‘raydimi-yey» deganidan bildimki, uning faoliyatini o‘rganishga kelishgan. Qarang, ishlayotganiga olti oy bo‘libdi-yu, ariza bilan shikoyatning, qaror bilan farmonning farqini tushunib olmabdi. Unga bilganimcha tushuntirdim. Nazarimda, gaplarimni diqqat bilan tingladi-yu, ammo hech narsani tushunmadi.

O‘ylashga harakat qilmang, sababi juda oddiy. Uning lug‘atida ariza, shikoyat, qaror, farmon va shunga o‘xshash so‘zlar shu payt­gacha bo‘lmagan. «Hasadchi ekansan, bitta jiyan ishlasa ishlabdi-da, senga nima?» dersiz. Mengayam kim qayerda ishlashining ahamiyati katta emas. Faqat o‘sha jiyanning yonida ishlayotgan, uning vazifasini ham zimmasiga olib, katta mas’uliyat bilan kunu tun mehnat qilayotgan ikki-uch xodimni o‘ylayapman-da…

O‘zi aytganidek, olti oy yakuni bo‘yi­cha sinovdan o‘tolmagan jiyan endi ishlamasa kerak, allaqachon ishdan bo‘shatilgandir deb o‘ylagandim. Afsus, chuchvarani xom sanagan ekanman. O‘zining tili bilan aytganda, to‘qqiz oylik yakunida jiyanga savol berishga, uni imtihon qilishga hech kimning yuragi dov bermabdi.

– Xafa bo‘lmaginu, oddiygina ariza bilan shikoyatning farqiga bormaysan. Bunday nufuzli joyda ishlashing biroz noto‘g‘rimi deyman-da. Bu joyda ishlash o‘ziga yarasha bilim, saviya, dunyoqarash talab qiladi. Sen esa bu dunyoqarashing bilan hech kimga yo‘l-yo‘riq berolmaysan-ku, – dedim suhbatlarning birida.

– E, opa. Nimasini o‘ylaysiz? «Yuqori»da tog‘am bo‘lsa, menga ne g‘am. O‘tgan gal kelganlar mening kimligimni, kimning jiyani ekanligimni bilmasdan allanimalarni so‘radi-da. O‘sha so‘raganlar hozir soyamga salom berayapti. Tog‘amning mansabi bor ekan, hech narsani o‘ylamayman. Bilim, tajriba nimaga kerak? Birozgina «oldi-berdi», «salom-alik»ni bilsam bo‘ldi-da. Opa, keladigan tekshiruvchilarning ham tomog‘i bor.

Siz ozgina maosh bilan oila boqsa bo‘ladi deb o‘ylaysiz. Aslida unday emas. O‘tgan kungi tekshiruvchilarga yaxshiga «yo‘talgandim», bilimimga ham e’tiroz qilmasdan indamay ketishdi. Hozir bilimingiz bo‘lmasa ham, «zar»ingiz bo‘lsa bo‘ldi. Hamma ishingiz «besh» bo‘lib ketaveradi. Mana siz hamma narsani bilasiz. Kallangizda bilim degani g‘ij-g‘ij. Tajribangiz ham yetarli. Har qanday masalaga yechim topib javob berolasiz.

Ammo hech vaqongiz yo‘q. Davlat beradigan arzimas oylik bilan umringiz o‘tib ketayapti. Opa, bu o‘tkinchi dunyoda yashashni o‘rganing. Mana mening hamma narsam bor. Yaqinda minib yurgan mashinamni yangisiga almashtiraman. Shaharning qoq markazidan ikkita uy oldim. Tadbirkorlik qilish uchun tayyor bo‘lgan, hatto daraxtlari ham hosilga kirib bo‘lgan ikkita issiqxonaning qarorini chiqartirib oldim. Bu yog‘i maza. Pulning o‘zi oqib kelaveradi.

– Nima, tayyor issiqxona? Qanday qilib? Hosilga kirgunicha kimdir kunu tun mehnat qilib, endi rohatini ko‘raman deb turgan issiqxonani o‘zlashtirib olishni qanday tushunish mumkin? – dedim ajablanib.

– Qanaqa odamsiz-yey, sizni kim aytadi oliy ma’lumotli jurnalist deb? Hayotda hamma narsaning iloji bor. Besh yil oldin davlatning yeriga issiqxona qilish uchun qaror chiqartirib olganlarning qarorini bekor qildirish unchalik muammo bo‘lmadi. Oddiy qish­loq odamlarini arzimagan pul bilan rozi qildik. Bittasi tixirlik qilib ko‘nmayapti. Idorama-idora chopib yuribdi. Ammo qo‘lidan hech narsa kelmaydi. O‘rtada tog‘am turibdi. U kishiga hech kim qarshi borolmaydi.

Bexijolat so‘zlayotgan jiyanning ko‘zlariga boqdim. Nahotki insonlar shu darajada tubanlashib ketgan bo‘lsa? O‘zaro hurmat, mehr-oqibat qayerda qoldi? Ko‘p emas, birozgina mulohaza qilsangiz, bir-ikkita davlat idoralariga borsangiz, atrofimizda bunday tog‘a-jiyanlarning ko‘pligiga guvoh bo‘lasiz.

…Nima ham derdim? Qishlog‘imiz ko‘rki bo‘lgan ustozga, jiyanning tog‘asiga, ana shunday «baquvvat» tog‘aning jiyaniga insof so‘rayman. Balki biror yilda jiyan ham mas’uliyatni his qilib, ariza bilan shikoyatning farqini bilib olar.

Nigina SHOYEVA,
jurnalist

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tog‘amning mansabiga ko‘z tegmasin…