10:32 / 06.04.2020
5 852

Unashtipilgan qiz fojiasi

Unashtipilgan qiz fojiasi
Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi ko‘p qavatli uylarning biridagi xonadonda yigirma yoshli qizning jasadi qotillik alomatlari bilan topildi. Ma’lum bo‘lishicha, qiz o‘tgan yilning fevral oyida oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonlariga tayyorlanish bahonasida shaharga kelgan va shu yerdagi xonadonda bir o‘zi ijarada yashab, kafeda ofitsiant bo‘lib ishlagan.

Marhumning onasi Nodira Kozimovaning (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ta’kidlashicha, qizi O‘lmasoy Abdullayeva 2019 yilning 12 iyun kuni Boyovut tumanidagi uyiga onasidan xabar olgani keladi va ertasi kuni ijarada yashaydigan uyiga qaytib ketadi. N.Kozimova 14-15 iyun kunlari kechqurun qiziga qo‘ng‘iroq qiladi, lekin telefoni o‘chirilgan edi. Shundan so‘ng ertasiga ona qizi ijarada yashayotgan uyga borib, eshikni taqillatadi, hech kim ovoz bermaydi. Qizini biror joyga chiqib ketgan bo‘lsa kerak degan xayolga borgan N.Kozimova uni bir necha soat kutib o‘tiradi. Ammo darak bo‘lmagach, Boyovutga qaytib ketadi.

Shu tariqa ona yana ketma-ket ikki kun O‘.Abdullayevaning ijara uyi eshigiga kelib kunning yarmini qizini kutish bilan o‘tkazadi. Yuragi bezovtalangan ona ortiq chidolmay, uyning egasini chaqirtiradi va eshikni ochib berishini aytadi. Baxtga qarshi uy egasida ham kalit yo‘q ekan. Shundan so‘ng ular favqulodda vaziyatlar idorasiga qo‘ng‘iroq qilib, eshikni buzib ochib berishlarini so‘rashadi. Eshik buzib ochilganda esa ichkaridan O‘lmasoyning jonsiz tanasi topildi.

Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Sirdaryo filiali O‘.Abdullayevaning o‘limi bo‘yinning sirtmoq va qo‘l bilan bo‘g‘ilishi oqibatida sodir bo‘lgani haqida xulosa berdi. Demak, qiz qasddan o‘ldirilgan…

Qotillik sodir bo‘lgan joydan olingan ashyoviy dalillar va barmoq izlari bo‘yicha ikki kishi gumonlanuvchiga aylandi. Ularning biri O‘lmasoyning unashtirilgan qaylig‘i, yigirma olti yashar Ahror Ibodullayev bo‘lsa, ikkinchisi u bilan Guliston shahrida tanishgan Botir Xoliqov edi. O‘lmasoyga o‘z qaylig‘idan ko‘ra oilali bo‘lsa-da B.Xoliqov yaqinroq edi. U qiz shaharga kelganidan buyon ishga joylashishida va moddiy tomondan yordam berib turgani bois O‘lmasoyning ishonchiga kirgandi. Hatto uyning ijara haqini ham ikki oy davomida Botir to‘lagandi. Albatta, bu bejiz emas, gohida bo‘lib turadigan ishqiy munosabatlar evaziga edi.

O‘.Abdullayeva qaylig‘i A.Ibodullayev bilan shu uyda tanishgandi. Ahror mardikorlik qilib kunini o‘tkazardi. U ilgari bir necha marta sudlangan edi. Qiz ijarada turgan uyning tashqi tomonini bo‘yab berishni zimmasiga olgan tashkilot Ahrorni haq evaziga bu ishga yordamchi sifatida yollaydi. Ustalarga shu uyda yashaydigan fuqarolar navbati bilan tushlik tayyorlab berishadi. Navbati kelganda O‘lmasoy ham ustalarga ovqat qilib beradi.

Shu jarayonda qiz Ahror bilan gapi-gapiga qovushib, yaqin bo‘lib qoladi. Qizning mehrini qozonish uchun yigit ijara uydagi kichik ta’mirlash ishlarini rahmatga qilib beraverardi. Shu asnoda yigit qizni yoqtirib qoladi. Qiz ham unga ro‘yxushlik beradi. Yigit qizga sovchi qo‘yadi va ikki tomonning roziligi bilan ular 2019 yilning mart oyida unashtirib qo‘yiladi. Ammo to‘y kuni belgilanmaydi.

Tergov jarayonida ma’lum bo‘lishicha, gumondorlardan biri B.Xoliqov qotillik sodir bo‘lgan kuni uyida bo‘lgan. Qolaversa, ashyoviy dalillar ikkinchi gumondor bu voqeaga ko‘proq aloqadorligiga ishora qilardi. Shuning uchun ham darhol A.Ibodullayev qidirila bosh­landi. Oradan ikki kun o‘tib, u qo‘lga olindi. Ahror tergov jarayonida bu qotillikni sodir qilganiga iqror bo‘ldi.

Ma’lum bo‘lishicha, yigit va qiz unash­tirilgandan keyin doimiy muloqotda bo‘lib turishgan. Kunlarning birida O‘.Abdullayeva unga qo‘ng‘iroq qilib, Turkiyaga ketish uchun viza qilayotganini, ishlab pul topishi kerakligini, onasiga uy sotib olishi lozimligini aytadi. Ahror esa unga qo‘shni tumanda to‘rt xonali kvartirasi borligini, agar kerak bo‘lsa, ushbu uyni onasining nomiga o‘tkazib berishini, xorijda ishlashga hojat yo‘qligini bildiradi. O‘.Abdullayeva unga javoban «Uyingizni onamning emas, mening nomimga o‘tkazib berasiz» deydi.

Ahror bunga ham rozi bo‘ladi. Ammo qiz fikridan qaytmaydi. Hatto bu yo‘lda undan ham voz kechishini aytadi. Shundan so‘ng yigitda qizga nisbatan nafrat uyg‘onadi va uni o‘ldirishni rejalashtiradi. A.Ibodullayev 2019 yil 14 iyun kuni soat 21:30 larda cho‘ntagiga sintetik ip solib O‘.Abdullayeva yashab turgan xonadonga keladi. U bilan oxirgi marta gaplashib, fikridan qaytarishga harakat qiladi. Lekin O‘lmasoyni ko‘ndira olmaydi. Shundan so‘ng tungi soat ikkilarda uxlab yotgan O‘.Abdullayevani ip bilan bo‘g‘ib o‘ldiradi.

Ketar chog‘ida esa marhumga tegishli tilla zirak, zanjir, telefon apparatini, 48000 so‘m pulini, pasporti, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi, maktabni tamomlagani haqidagi shahodatnomasini olib chiqib ketadi. Dalaga chiqib O‘.Abdullayevaning hujjatlarini yoqib yuboradi. So‘ng bozorga boradi va unga tegishli tilla buyumlarni 2 mln. 400 ming so‘mga sotib, maishat qilib yurganida ichki ishlar idorasi xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi.

Sud Ahror Ibodullayevni o‘n sakkiz yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

Rustam Ibragimov,
Bosh prokuratura boshqarma
AMIB tergovchisi

Manba: Huquq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Unashtipilgan qiz fojiasi