14:28 / 06.04.2020
2 440

Alisher Shodmonov: «Yangi kasallar aniqlanishi yomon, lekin aniqlanmasligi undan ham yomon»

Alisher Shodmonov: «Yangi kasallar aniqlanishi yomon, lekin aniqlanmasligi undan ham yomon»
O‘zbekiston koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha AQSH, Niderlandiya, Rossiya, Germaniya, Koreya, Yaponiya mutaxassislari bilan ish olib bormoqda. Bu haqida Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ma’lum qildi.

«O‘zbekiston 24» telekanalidagi chiqishida Alisher Shodmonov so‘nggi 2-3 kunda O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish holatlari ortishi bo‘yicha savolga javob berdi.
«Epidemiologiyaning qonuniyatiga ko‘ra, boshqa davlatlardagi kasallanish dinamikasini kuzatadigan bo‘lsak, virus yuqib, tarqalib, o‘sishi davom etadi. Har bir davlat tibbiyotining oldida turgan masala – kasallanishning keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik», - dedi Shodmonov.

Vazir O‘zbekistonda koronavirus tashxisini amalga oshirish bo‘yicha yaratilgan sharoitlarga to‘xtaldi.
«Koronavirus tashxisini amalga oshirish uchun yetarli sharoit bor. PSR apparatlari yetarli miqdorda ta’minlangan. Diagnostikumlarni qator mamlakatlardan olib kelib, yetarli miqdorda ta’minlaganmiz.

Qaysi mamlakatda kasallikni aniqlash jarayonlari tez amalga oshsa, izolyatsiya qilinsa, shifoxonaga joylansa va davolansa, bu yerda yaxshi natijalarga erishiladi, keng tarqalishiga yo‘l qo‘yilmaydi
», dedi Shodmonov.

U tekshiruvlar kuchaytirilganini ta’kidladi.
«Bugungi kunda barcha karantin zonalarimizda, aholimizning xavf guruhlari ichida tekshiruvlarni kuchaytirganmiz. Kechaning o‘zida biz 4737ta test sinovlarini o‘tkazdik. 76ta holatda kasallikni aniqladik. Yangi kasallar aniqlanganligi yomon holat, lekin aniqlamaganimizda undan ham yomon bo‘lishi mumkin edi», dedi Sog‘liqni saqlash vaziri.

Alisher Shodmonov karantin me’yorlarining 14 kun etib belgilanishiga izoh berdi va kasallik tarqalishining oldini olish borasidagi amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi.

«Me’yorlarni tanlashda hamjamiyat, olimlar, mutaxassislar bilan hamkorlikda, integratsiyada ishlash bo‘yicha prezidentimiz topshiriq berganlar. Ikki marta Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining missiyasi bo‘ldi. Tashkilot vakillari kelib, bizda epidemiologiya nuqtayi nazaridan ishlarni olib borishdi. Amerika qo‘shma shtatlaridan professor ish olib bordi, Niderlandiyadan Urte xonim bizda 2 oy mobaynida ish olib bordi. Bugungi kunda prezident topshirig‘iga muvofiq, Koreyadan professor Choy tashrif buyurgan, u hozirgi kunda mamlakatimizda bo‘lib turibdi. Hozirgi kunda epidemiyaga qarshi choralar bo‘yicha bizga yordam beryapti», dedi Shodmonov.

U koronavirusdan zararlangan 390 nafar kishining holati nazoratda bo‘lishi, sifatli standartlar asosida yordam berilishi nuqtayi nazaridan har bir bemorga davolovchi shifokordan tashqari, ikki nafardan tibbiyot xodimi - oliy ta’lim muassasalari va respublika ilmiy markazlari yetakchi mutaxassislari biriktirilganini aytib o‘tdi.

Bundan tashqari, Rossiya, Germaniya, Koreya, Yaponiya mutaxassislari bilan ish olib borilayotgani, xususan bugun Moskvadagi bosh infeksionist Devyatkin bilan videokonferensiya amalga oshirilishini ma’lum qildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Alisher Shodmonov: «Yangi kasallar aniqlanishi yomon, lekin aniqlanmasligi undan ham yomon»