19:15 / 06.04.2020
2 426

Koronavirusdan shifo topgan yurtdoshimiz: «Yangi kasallik, davolay olisharmikan, degan hadik bor edi»

Koronavirusdan shifo topgan yurtdoshimiz: «Yangi kasallik, davolay olisharmikan, degan hadik bor edi»
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati
Koronavirusga chalinganlar soni ortib borishi bilan birga, bu kasallikdan shifo topgan yurtdoshlarimiz soni ham ko‘payib boryapti. Kun.uz muxbiri bu dardni ortda qoldirgan 50 yoshli erkak bilan suhbatda bo‘ldi.

– Bu kasallikni qanday yuqtirib olgandingiz?
– Hali karantinga bugungichalik rioya qilinmagan, umuman hali kasallikning o‘zi haqida tushuncha bo‘lmagan paytlarda yuqqan menga. O‘sha birinchilardan bo‘lib kirganlar bilan ko‘rishgan edik. Boshimizda shu sinovlar ham bor ekan...

– Faqat o‘zingizda kechdimi yo oila a’zolaringizdan birortasida ham koronavirus qayd etildimi?
– Ayolim bilan bir vaqtda bu kasallikka chalinib, bir vaqtda davolanib chiqdik. Hozir ham Xudoga shukr birgamiz.

– Oilaviy chalinibsizlar, qo‘rquv ham bo‘lgandir.
– Albatta, axir kasallik bizga endigina kirib kelgan, vahimasi avj ola boshlagan kunlar edi-da. Ayolimni ko‘nglini ko‘taraman deyman, lekin o‘zimning ham ko‘nglimga hadik oralayveradi. Yangi kasallik, davolay olisharmikan, yana kimlarga yuqib qoldi ekan, endi taqdirimiz nima kecharkin, degan savollar qiynagani rost.
Ammo Xudoga shukr, mana sog‘ayib ham chiqdik, reabilitatsiyada ozroq dam olib, nasib qilsa, uyga ham qaytamiz.

– Shifoxonadagi sharoit, ta’minot bo‘yicha nima deya olasiz?
– Yaratganga shukr. Hadikni va umuman kasallik yengishga aynan mana shu jihatlar, shifokorlarning munosabatlari, shart-sharoitlar, uzluksiz yetkazib berib turilgan dori-darmonlar, atrofdagilarning qo‘llab-quvvatlashi katta ta’sir qildi, desam to‘g‘ri bo‘ladi.

Shifokorlarni asrashimiz shart! Buni men kabi shu sinovlarni o‘z boshidan o‘tkazgan odam aytyapti. Davolovchi vrachlar tun-u kun e’tibor bilan kuzatishdi, tushkunlikka tushishimizga yo‘l qo‘ymay dalda berib turishdi. Tunlari dam olayotganimizda ham ohista kirib bizdan xabar olib ketayotganlarini sezib turdim. Axir ular ham shuncha tavakkal qilishdi, biz uchun jonlarini xatarga qo‘yishdi va qo‘yishyapti.

– Hammasi ortda qolgani rost bo‘lsin. Bevosita boshidan o‘tkazgan inson sifatida yurtdoshlarimizga nima degan bo‘lardingiz?
– Rost bo‘lsin ilohim. Avvalo shuncha sharoitlarni yaratib bergan, bu kasallikka qarshi kurashga nihoyatda jiddiy qaragan davlatimiz rahbariga katta rahmat aytaman. Bizni davolagan shifokorlardan tortib hamshiralargacha, kichik tibbiy xodimlargacha salomat bo‘lishlarini tilayman.

Yurtdoshlarimiz ham sog‘ bo‘lishsin. Kasallikdan himoyalanish bo‘yicha tavsiyalarga quloq solishsin. Hammasiga jiddiy qarasak, o‘zimizni, farzandlarimizni himoya qilgan bo‘lamiz. Bu esa birinchi navbatda o‘zimiz uchun kerak.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Koronavirusdan shifo topgan yurtdoshimiz: «Yangi kasallik, davolay olisharmikan, degan hadik bor edi»