18:18 / 07.04.2020
2 875

"O‘zidan tushovi qimmat tushmasin..."

"O‘zidan tushovi qimmat tushmasin..."
Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan yangi hujjat loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi. Ushbu loyihaga taniqli blogerlar o‘z munosabatlarini bildirishga ulgurishdi. «Davletovuz» kanali muallifi shunday yozmoqda:

«Loyihaga ko‘ra, agar kelajakda ushbu hujjat kuchga kirsa, tijorat banklari tomonidan soliq organlariga bir oy davomida jismoniy shaxslarning barcha bank kartalariga kelib tushgan pul mablag‘lari aylanmasi 30 mln.so‘mdan (shu jumladan, chet el valyutasi milliy valyuta ekvivalentida bo‘lgan taqdirda) va tranzaksiyalar soni 10 tadan oshgan P2P (kartadan-kartaga) operatsiyalari to‘g‘risidagi axborotlarni taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Bu uyusholmaydigan, o‘z manfaatlarini himoya qila olmaydigan hamda ilgari surolmaydigan (lobbi) qatlam uchun katta zarba bo‘ladi. To‘g‘ri, hamma soliq to‘lashi kerak, bu qonunlarimizning asosi. Lekin bu hujjat loyihasi doirasiga tushadiganlarni o‘z-o‘zidan hurkitib yuboradi, kartadagi tranzaksiyalarini keskin kamaytirishga olib keladi. O‘tgan yilgi hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatimizda «yashirin iqtisodiyot»ning ulushi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 40-50 foiz atrofida. Bunga asosiy sabab sifatida soliqlar, yig‘imlar va to‘lovlar turining ko‘pligi hamda ularning hajmi ko‘rsatilgan.

O‘zi, Davlat soliq qo‘mitasiga bunday tashabbuslar begona emas. 2018 yilda dekabrda ham soliq qarzini jismoniy shaxslarning bank plastik kartalaridan so‘zsiz undirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori loyihasi joylashtirilgan edi.

O‘shanda Markaziy bank «qanday ezgu maqsad ko‘zlangan bo‘lishidan qat’i nazar, idoraviy manfaatlar boshqa tarmoqlar yoki butun mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishiga salbiy ta’sir yetkazmasligi zarur. Markaziy bank, o‘z navbatida, taklif etilayotgan o‘zgartirishlarga bank siri va bank tizimiga bo‘lgan to‘laqonli ishonchni saqlab qolish zarurligiga alohida e’tibor qaratadi», deb o‘z e’tirozini bildirgan edi.

Bu gal ham shunday bo‘lib chiqishiga umid bildirib qolamiz. Qaror loyihasi bo‘yicha oz sonli izohlarda ham bu loyiha orqaga bir qadam ekanligi qayd etilmoqda
».

Bloger Otabek Bakirovning fikricha, oddiy fuqarolarning bankdagi operatsiyalari lupa ostida tekshiriladi, hamma «pod kolpakom» bo‘ladi, bank tizimidan yana pul qochadi. Yashirin iqtisodiyot ayrimlar istaganidek yana gullab-yashnaydi.

«Nega, maqsad nima desang, butun dunyo praktikasi shu deyishadi. Xo‘p. Butun dunyo praktikasida chinovniklar va ularning qarindoshlari daromad, xarajat va aktivlari majburiy deklaratsiyalanishi ham bor. Nega buni qilmaysizlar? Yo tepadagi ayrim milliarder amaldorlarning oyoqlariga bolta urgilaring kelmaydimi? Nega trillionlar masalasi, hali tayyormasmiz deya paysalga solinaveradi-yu, oddiy fuqarolarning 30 mlnlik operatsiyasi nazorat ostiga olinishi kerak? O‘qing va albatta savol qo‘ying!» - deya postini yakunlagan Otabek Bakirov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "O‘zidan tushovi qimmat tushmasin..."