20:33 / 08.04.2020
5 127

Toshkentda Samarqanddagidek suv toshqini, Qozog‘istondagi bo‘ron bo‘lishi kutilayaptimi?

Toshkentda Samarqanddagidek suv toshqini, Qozog‘istondagi bo‘ron bo‘lishi kutilayaptimi?
To‘xtamasdan yog‘gan bahorning kuchli yomg‘iri Samarqand shahridagi ko‘chalarda suv toshqini keltirib chiqargan, suv hattoki odamlarning turar joylariga ham zarar yetkazgan edi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘istonning ayrim hududlarida qor va bo‘ron kuzatilgani, shamol uylarning tomlarini uchirib ketgani aks etgan videolar ham tarqalmoqda.

Bugun Respublikamizning bir qator hudularida yog‘ayotgan yomg‘ir qorga aylandi. Poytaxtimiz Toshkentda ham havo harorati keskin tushib ketdi. Xo‘sh, poytaxtimizda ham Samarqand va Qozog‘istondagi holatlar sseriysiga tayyormi? Kun.uz nashri mutasaddilardan izoh oldi.

«Mart oyining katta qismi va aprel oyining boshida O‘zbekistonda issiq ob-havo kuzatildi va go‘yoki sovuqlar ortda qolganga o‘xshadi. Biroq sinoptiklar bahor kutilmagan syurprizlarni namoyon qiladigan injiq fasl, deb bejiz ogohlantirishmaydi.

Shu haftada bizni ana shunday ob-havo syuprizlari kutmoqda. 7 aprelt kuni Volgabo‘yi hududlari orqali Rossiyaning Yevropa hududi ustida shakllangan nam va sovuq havo oqimlari O‘zbekiston hududiga kirib keldi. Respublikamiz hududi bo‘ylab vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘moqda. 8 aprel kuni ayrim joylarda kuchli yomg‘ir yog‘ib, qorga aylandi. Ba’zi joylarda yomg‘ir 9 aprel kuni ertalab qorga aylanishi mumkin. Shamolning tezligi kuchayib, sekundiga 15–20 metrgacha, ba’zi joylarda 23–28 metrgacha yetishi mumkin.

8–9 aprel kunilari respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel kelishi xavfi bor. 8 aprel kuni harorat pasayib +10 darajadan +5 darajaga tushdi. 9–10 aprel kunlari kechasi 0...+5 daraja iliq, ayrim joylarda –1 daraja sovuq bo‘ladi.

Har doim bahorda kuzatilganidek bunday sovuq davr uzoq davom etmaydi. 9 aprel kunduzi yog‘incharlik to‘xtaydi. 10 aprelda esa butun respublika hududida ob-havo yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi va kunduzgi harorat ko‘tarila boshlaydi.

11 aprelda harorat +17...+22 darajagacha ko‘tariladi. Bundan keyin ham yana yog‘ingarchilikli davrlar bo‘ladi, lekin ularda harorat foni bunday past bo‘lmaydi
», — dedi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «O‘zgidrometerologiya» markazi axborot xizmati xodimi Malika Mirjamolova.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «O‘zgidrometerologiya» markazining maxsus ogohlantirish xatiga asosan Toshkent shahrida 7–9 aprel kunlari vaqti-vaqti bilan yomg‘ir, 8 aprel kuni kuchli yog‘ingarchilik bo‘lishi, shamolning tezligi 23–28 metrgacha yetishi, ob-havo sovib ketishini inobatga olib, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish maqsadida tezkor choralar ko‘rilgan.

Shahardagi barcha tuman hokimliklari va kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalariga vaziyat bo‘yicha tezkor xabarnoma yuborilgan bo‘lib, unda kommunal soha xizmatlarining avariya-tiklash bo‘linmalari navbatchiligini kuchaytirish, maxsus texnika va asbob-anjomlarni shay holatga keltirish, yonilg‘i-moylash mahsulotlari va ehtiyot qismlar zaxirasini yaratish so‘ralgan.

Bundan tashqari, Toshkent shahri hududidagi kanallar, kollektorlar, hovlilar va ko‘p qavatli uylar atrofidagi irrigatsiya ariqlari hamda trubomostlar, shohbekat va chorrahalar, piyodalar yer osti yo‘llari atrofidagi ariqlar tozaligi, yomg‘ir suvlarini to‘sib qoluvchi chiqindilardan xoli ekani yana bir marta ko‘zdan kechirildi, yig‘ilib qolgan chiqindilar tozalanib, irrigatsiya tarmoqlarining suv o‘tkazishi yaxshilandi.

Kuchli shamol natijasida tumanlar hududida avtomobil yo‘llari atrofida o‘rnatilgan reklama bannerlarining holati o‘zgarishi bilan bog‘liq vaziyat yuzaga kelganda zudlik bilan ularni ta’mirlash va tiklash, shu bilan birga, ko‘p qavatli uylar, bino va inshootlarning qurilishi davom etayotgan joylarida yuqori vaqatlarga o‘rnatilgan qurilsh moslamalari, ko‘tarma kranlar va ulardan foydalanidagan quruvchilarning xafsizligini ta’minlash choralari ko‘rildi.

Shuningdek, avtomobil serqatnov yo‘llari va ko‘p qavatli uylar atrofidagi daraxtlar va daraxt shohlarining sinib ketishi oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Kuchli shamol natijasida sodir bo‘lgan hodisalar bo‘yicha Toshkent shahar hokimligining 1055 qisqa raqamli telefoni orqali ma’lumot berilishini so‘raymiz.

Samarqand shahri hamda Qozog‘istonning ayrim hududlarida ro‘y bergan ko‘ngilsiz holatlar poytaxtimizda ham kuzatilmasligi uchun qo‘limizdan kelgan barcha choralarni ko‘rmoqdamiz», — dedi Toshkent shahar hokimning axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Furqat Mahmudxo‘jayev.

«Ob-havoning keskin o‘zgarishi natijasida yuzaga kelishi kutilayotgan holatlar — haroratning keskin pasayib ketishi, kuchli shamol kuzatilishini inobatga olib, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan hududiy uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmalarga tegishli topshiriqlar yuborilgan.

Vazirlik tasarrufidagi tashkilotlarning mutaxassislari yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olish, oqibatlarini bartaraf etish uchun vakolatlari doirasida faoliyat olib borishadi.

Yomg‘ir mavsumida yo‘llarni suv bosmasligi uchun tegishli irrigatsiya va drenaj tizimi bo‘lishi kerak. Bu masala vazirlik faoliyatiga ketmasa ham joylardagi mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlar tashkil etilmoqda
», — dedi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining matbuot kotibi Alipasha Ahmedov.

«Ob-havo injiqliklari tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha shaxsiy tarkibning tayyorgarligi kuchaytirilgan.

Bu borada mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ishlayapmiz. Shahar va tuman hokimliklari 7–9 aprel kunlari hududdagi holatlar yuzasidan har 3 soatda Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy boshqarmalariga axborot berib turishibdi.

Fuqarolarimiz kuchli shamol natijasida sodir bo‘lgan hodisalar bo‘yicha 1050 qisqa raqamli telefoni orqali qutqaruv xizmatiga murojaat qilishlari mumkin. Mutaxassislarimiz zudlik bilan hodisa ro‘y bergan joyga yetib borib yordam ko‘rsatishadi
», — dedi Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati rahbari Murod Sodiqov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda Samarqanddagidek suv toshqini, Qozog‘istondagi bo‘ron bo‘lishi kutilayaptimi?