23:21 / 08.04.2020
3 752

Qirg‘iziston vakillari: Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan yangi Markaziy Osiyoni ko‘rmoqdamiz

Qirg‘iziston vakillari: Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan yangi Markaziy Osiyoni ko‘rmoqdamiz
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan qo‘shni Qirg‘izistonga oziq-ovqat mahsulotlari va tibbiy buyumlardan shakllantirilgan insonparvarlik yordami yetkazildi. Qardosh respublikaning jamoatchilik va ekspert doiralari vakillari dunyo bo‘ylab koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq hozirgi murakkab vaziyatda qirg‘iz xalqiga ko‘rsatilgan ushbu birodarlik yordamini uchun do‘st o‘zbek xalqiga minnatdorlik bildirmoqda, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Edil Osmonbetov, Qirg‘iziston tashqi aloqalar va xavfsizlik kengashi hamraisi:
— O‘zbekistonning ayni paytdagi og‘ir vaziyatda ko‘rsatgan yordamini qirg‘iz xalqi olqishlamoqda. Ushbu olijanob qadam mintaqaviy hamkorlik, integratsiya va o‘zaro munosabatlarni yaxshilashga intilayotgan mutlaqo boshqa Markaziy Osiyoni ko‘rayotganimizdan dalolat beradi. Bu ishonch va tushunish muhitidir.

Koronavirus pandemiyasi davrida Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston barcha muammolarni hal qilish uchun har tomonlama o‘rnak bo‘lmoqda. Qirg‘iziston va O‘zbekiston munosabatlari esa o‘zaro ishonch darajasiga ko‘tarilgani muhim ahamiyatga ega.
Gumanitar yordam kelajakda yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro manfaatli munosabatlar va strategik hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Almaz Tajibay, ekspert:
— O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda Qirg‘izistonga o‘z vaqtida gumanitar yordam ko‘rsatdi. O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlaridan birinchi bo‘lib do‘stona yordam yuborganida ham katta ma’no bor. Toshkent yana bir karra qo‘shni davlatlar bilan do‘stlik rishtalarini mustahkamlash niyatida ekanini namoyish etdi.

Shu munosabat bilan, Qirg‘iziston Respublikasi tashqi aloqalar va xavfsizlik kengashi nomidan Prezident Shavkat Mirziyoyevga, O‘zbekiston hukumati va xalqiga bugungi murakkab vaziyatda namoyish etilgan haqiqiy do‘stona qo‘llab-quvvatlov uchun chuqur minnatdorlik bildiraman.

Bakit Baketayev, siyosatshunos va jamoat arbobi:
— Qardosh O‘zbekiston ko‘p asrlik qo‘shnisiga do‘stlik qo‘llarini uzatdi. Qirg‘iziston xalqi yana bir bor ikki davlat o‘rtasidagi qardoshlik va strategik sheriklik rishtalarini hech kim va hech narsa buzolmasligiga amin bo‘ldi.

Koronavirus pandemiyasi davrida qirg‘iz xalqiga ko‘rsatilayotgan gumanitar yordam ikki tomonlama o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish zarurligining yaqqol tasdig‘i bo‘ladi.

Ayrim qo‘shni davlatlar o‘rtasida turli siyosiy mojarolar mavjud bo‘lgan bir davrda, hatto pandemiya paytida ham Prezident Shavkat Mirziyoyev sharqona insonparvarlik namunasi va donoligini namoyish etdi. Bu ko‘pchilik uchun o‘rnak bo‘lishi kerak.

Baxtiyor Qodirov, Qirg‘izistondagi O‘zbek milliy-madaniy markazi raisi:
— O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Qirg‘izistonga yuborilgan insonparvarlik yordami ushbu mamlakatdagi o‘zbek hamjamiyati va boshqa etnik guruhlar tomonidan katta minnatdorlik bilan qabul qilindi.

Qirg‘iziston Respublikasi hukumati COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda va mamlakat aholisini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli choralarni ko‘rishga harakat qilmoqda.

Bugungi qiyin vaziyatda O‘zbekiston qo‘shnisiga zarur bo‘lgan 1000 tonna un, oziq-ovqat mahsulotlari, bir marta ishlatiladigan himoya kiyimlari, respirator, tibbiy qo‘lqop, ko‘zoynak, pirometr va test tizimlari ko‘rinishidagi insonparvarlik yordami poyezdini yuborgan birinchi davlat bo‘ldi.

2019 yilda «Markaziy Osiyo — bizning umumiy uyimiz!» shiorini e’lon qilgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mintaqaning barcha davlatlari nafaqat yaqin qo‘shnilar, balki bir-biriga yelkadosh bo‘la olishini yana bir karra namoyish etdi.

Ayni paytda inson salomatligiga bo‘layotgan umumiy tahdidga qarshi, barchamiz yelkama-yelka turib harakat qilsak, bir-birimizga yordam bersak, albatta bu sinovli kunlardan eson-omon o‘tamiz.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlatlari ana shu qoidaga amal qilib kelmoqda. Bu davlatlarimiz rahbarlarining donoligi va insonparvarligidan dalolatdir.
O‘z navbatida Qirg‘iziston o‘zbek milliy madaniy markazi prezidiumi nomidan, qardosh o‘zbek xalqiga yanada ravnaq, tinchlik va farovonlik tilayman.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qirg‘iziston vakillari: Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan yangi Markaziy Osiyoni ko‘rmoqdamiz