14:34 / 09.04.2020
2 872

Bugun Sohibqiron tug‘ilgan kun. 9 aprelda yana qanday voqealar ro‘y bergan?

Bugun Sohibqiron tug‘ilgan kun. 9 aprelda yana qanday voqealar ro‘y bergan?
Bugun sohibqiron Amir Temur tug‘ilgan kun. Ushbu kun tarixda yana bir qator voqeliklar bilan qolgan.

O‘ZBЕKISTON TARIXIDA

1336 yil (bundan 684 yil oldin) – o‘rta asrlarning yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda, kuchli, markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi Amir Temur dunyoga keldi. U hijriy 736 yil 25 sha’bonida (1336 yil 9 aprelida), seshanba kuni, o‘n ikki hayvonli Turk taqvimiga ko‘ra sichqon yilida, Kesh (hozirgi Shahrisabz) shahri yaqinidagi Xoja Ilg‘or qishlog‘i (hozirgi Yakkabog‘ tumani)da tug‘ilgan.

Sohibqiron – Amir Temurga zamondoshlari tomonidan uning toleiga qarab berilgan nom. Mushtariy na Mirrixning bir-biriga yaqinlashgan holati «Qiron burji» deb ataladi, Amir Temur Mushtariy (Yupiter) va Mirrix (Mars)ning bir-biri bilan yaqinlashgan fursatlarida tug‘ilgan, deb hisoblanadi. E’tiqodga ko‘ra, bunday bola kelajakda toj-taxt va baxt-saodat egasi bo‘ladi.

1370 yil (bundan 650 yil oldin) – Sohibqiron milodiy hisobda 34 yoshga to‘lgan kuni Balxda taxtga o‘tirdi va Saroymulkxonimga uylandi. Bu – Qur’oni karim nozil etilgan ramazon oyi o‘n ikkinchisida, chorshanbayi murodbaxshda yuz berdi. Xon qizi bo‘lgan Saroymulkni nikohiga olishi munosabati bilan Temurga «ko‘ragon» (xon kuyovi) unvoni berildi.

1908 yil (bundan 112 yil oldin) – Toshkent shahrida jadidlarning «Osiyo» gazetasi chiqa boshladi. Uning jami beshta soni chiqqan, so‘ngra Chor Rossiyasi ma’murlari tomonidan yopilgan.

1918 yil (bundan 102 yil oldin) – Munavvar Qori Abdurashidxonov tashabbusi bilan Musulmon Xalq dorilfununi (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning 9 kishidan iborat tashkiliy hay’ati ta’sis etildi. Musulmon Xalq dorilfununi 1918 yilning 12 mayida Toshkentning eski shaharida tantanali ravishda ochildi.

1992 yil (bundan 28 yil oldin) – Samarqand viloyatidagi Toyloq, Farg‘ona viloyatidagi Furqat tumanlari tashkil etildi.

1993 yil (bundan 27 yil oldin) – Nukusda Qoraqalpog‘iston Oliy Kengashining XII chaqiriq XII sessiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi, Davlat gerbi qabul qilindi.

1996 yil (bundan 24 yil oldin) – Toshkent, Samarqand va xorijiy mamlakatlarda YUNЕSKO rahbarligida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi keng nishonlandi.

1998 yil (bundan 22 yil oldin) – Toshkentda Gyote nomidagi Germaniya instituti filiali ochildi. Madaniyat, ta’limning turli sohalarida Xalqaro hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash, nemis tili kurslari tashkil etish bu filial faoliyatiga kiruvchi vazifalardan hisoblanadi.

JAHON TARIXIDA
1241 yil (bundan 779 yil oldin) – mo‘g‘ullarning Sharqiy Yevropaga bosqinchilik yurishlari davrida Botuxon boshchiligidagi mo‘g‘ul qo‘shini va salibchilar o‘rtasida Polsha yaqinida Legnitsa jangi bo‘lib o‘tdi. Jang mo‘g‘ullar g‘alabasi bilan tugadi.
1288 yil (bundan 732 yil oldin) – Vetnam qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Chan Xing Dao (1226–1300) rahbarligida Batdang daryosi bo‘yidagi jangda yirik g‘alabaga erishildi. Natijada mo‘g‘ul istilochilari Dayvet (Vetnam) hududidan quvib chiqarildi. Bu sana har yili milliy bayram sifatida nishonlanadi.
1667 yil (bundan 353 yil oldin) – Parijda jahondagi birinchi ommaviy san’at ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
1883 yil (bundan 137 yil oldin) – Afg‘onistonning 1929–1933 yillardagi podshosi, Afg‘onistonda 1973 yilgacha hukmronlik qilgan sulola asoschisi Muhammad Nodirshoh dunyoga keldi (vafoti – 1933 yil).
1940 yil (bundan 80 yil oldin) – Germaniya qo‘shinlari Daniya va Norvegiyaga bostirib kirdi.
1989 yil (bundan 31 yil oldin) – amerikalik Duglas Engelbart (1925–2013) kompyuter sichqonchasini kashf etganligi uchun faxriy mukofot oldi.
1991 yil (bundan 29 yil oldin) – Gruziyaning davlat mustaqilligi tiklandi.

Alisher EGAMBЕRDIYEV, O‘zA

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bugun Sohibqiron tug‘ilgan kun. 9 aprelda yana qanday voqealar ro‘y bergan?