17:12 / 09.04.2020
2 944

Bahrom Almatov: «Koronavirus sabab O‘zbekistonda boshqa kasalliklar keskin kamaydi»

Bahrom Almatov: «Koronavirus sabab O‘zbekistonda boshqa kasalliklar keskin kamaydi»
Bahor mavsumi – qator kasalliklar ko‘p uchraydigan payt. Hozir butun sog‘liqni saqlash sohasi koronavirus bilan ovoradek taassurot o‘yg‘onadi. Ammo tizim o‘zining kundalik faoliyatini ham bir maromda olib bormoqda.

Kun.uz muxbiri Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov bilan suhbatlashib, turli kasalliklar tarqalishi bo‘yicha bugungi kundagi holat haqida ma’lumot oldi.

– Karantin paytida ehtiyot choralarini ko‘rish bo‘yicha yetarlicha ma’lumot oldik. Ammo ayni shu kunlarda havo harorati keskin pasaydi, bu holat tabiiy ravishda turli kasalliklarni keltirib chiqaradi va ularning belgilari koronavirusga o‘xshashi mumkin. Shu kasalliklar haqida ma’lumot bersangiz?
– Bahor odatda immunitetning susayishi, turli yuqumli kasalliklar ko‘proq uchrashi bilan kechadigan payt. Daraxtlar gulladi, so‘nggi kunlarda havo harorati keskin pasaydi, bu o‘z-o‘zidan an’anaviy kasalliklar – gripp yuqib qolishi, allergiya qo‘zg‘alishi ehtimolini oshiradi.

Gripp va koronavirus infeksiyasining o‘xshash jihatlari ko‘p. Har ikkisida ham harorat ko‘tarilishi, umumiy holsizlik, yo‘tal kabi belgilar bo‘ladi. Ammo baribir farqli jihatlari bor – bular gripp belgilarining tez paydo bo‘lishi va qisqa vaqt ichida o‘tib ketishi, asosan bolalarda uchrashi va og‘ir asoratlarga olib kelmasligi.

Koronavirus esa bolalarda juda kam uchraydi, belgilari ham 14 kun ichida paydo bo‘ladi va eng muhimi – vaqtida davolanilmasa va surunkali kasalliklar bilan birga kelsa, o‘pkada og‘ir asoratlarga olib keladi. Lekin har qanday holatda ham aniq tashxisni mutaxassis laborator tekshiruvlarga asoslangan holda qo‘yishi shart.

Allergiya bilan farq esa ancha tushunarli. Eng birinchisi – allergik bemorlarda anamnez (kasallik qisqa tarixi) aniq bo‘ladi, bemorlarning o‘zlari holatlaridan xabardor bo‘lishadi va odatda nima ularda bu kasallikni qo‘zg‘ashini yaxshi bilishadi. Shuningdek, yo‘tal, nafas qisishi, holsizlik kabi umumiy belgilar bo‘lsa-da, allergiyada koronavirusdagi kabi harorat ko‘tarilishi kuzatilmaydi.

– Siz yuqorida tilga olgan bu kasalliklarning profilaktikasi uchun nimalar qilish lozim va bu choralar koronavirusga qarshi choralarga o‘xshashmi?
– Gripp va koronavirus profilaktikasida o‘xshash jihatlar ko‘p. Niqobdan foydalanish, kasal bo‘lganda va kasalni ko‘rganda masofa saqlash, qo‘llarni muntazam yuvib turish, jamoat joylariga bormaslik kabilar. Aslida bu profilaktika choralari shifokorlar tomonidan muntazam targ‘ib qilib kelingan. Lekin koronavirus vahimasi, hali bu kasallikka davo topilmagani va eng muhimi – qattiq talab qilinishi ortida hamma ehtiyot choralariga e’tibor bera boshladi.

Allergik kasalliklarda esa individual profilaktika choralarini ko‘rish lozim. Ya’ni bu choralar har bir bemor uchun o‘ziga xos bo‘ladi va ko‘p hollarda bemorlarning o‘zi ehtiyot bo‘lib yurishadi.

– Bahor – xalq tilida ichak uzildi payti. Shunday paytda organizm quvvatini oshirish, immunitetni kuchaytirish qanday mahsulotlarni tavsiya qilasiz?
– Bahor, ichak uzildi, degan tushunchalar qisman o‘z ahamiyatini yo‘qotgan, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Dehqonlarimiz, tadbirkorlarimizning ishbilarmonligi tufayli bozorlarimizdan yil bo‘yi sarxil mahsulotlar uzilmaydigan bo‘lgan. Barra ko‘katlarni, yoz ne’matlarini qishda ham topishimiz mumkin.

Lekin baribir, bu naqlning dolzarb jihati ham bor – meva va sabzavotlar yozning quyoshiga to‘yib turgandek, yoki sarxilligidek vitaminlarga boy bo‘lmasligi mumkin.

Bahoriy taomlarning aksariyati aynan mana shu davrda organizmni quvvatlantirishga mo‘ljallangan. Shaxsan men o‘zim mutaxassis sifatida bu paytda ko‘katlarni ko‘p miqdorda va imkon qadar barra holida iste’mol qilishni maslahat bergan bo‘lardim.

– Koronavirus karantini boshqa, jumladan yuqumli kasalliklar tarqalishi va uchrashiga qanchalik ta’sir qildi?
– Bu, mantiqqa zid bo‘lsa-da, koronavirusning ijobiy jihati sifatida qaraladigan masala. Profilaktika choralariga ommaviy rioya qilish gripp, gepatit, ovqatdan zaharlanish kabi kasalliklar soni keskin kamayishiga olib keldi.

Nafaqat yuqumli kasalliklar, balki boshqa kasalliklar bo‘yicha ham qiziq ma’lumotlarga duch kelyapmiz. Birgina Samarqand misolida olaylik, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali 350 kishiga mo‘ljallangan. Qizig‘i, shu kunlarda bu yirik shifoxonada 100 nafarga yaqin bemor davolanmoqda. Maishiy mojarolar, avtohalokatlar ortidan kelib chiqqan jarohatlar, to‘yib ovqatlanishdan bo‘kib qolish, ichkilik tufayli kelib chiqqan kasalliklar deyarli uchramay qolgan.

Aytish mumkinki, biz mana shu sinov davridan o‘zimizga kerakli xulosalar chiqarishimiz va shifokorlarning tavsiyalari bejiz emasligini anglab yetishimiz kerak.

– Bir kishi ham koronavirus, ham mavsumiy kasalliklarga (deylik gripp, tumov, allergiyaga) birdaniga chalinishi ham mumkinmi?
– Albatta, bunday bo‘lishi mumkin. Ammo koronavirusga chalingani qayd etilgan bemorlar juda qattiq karantin holatida saqlanmoqda va davolanmoqda. Ularning shifoxonada davolana turib boshqa yuqumli kasallikka chalinishi ehtimoli deyarli nolga teng.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bahrom Almatov: «Koronavirus sabab O‘zbekistonda boshqa kasalliklar keskin kamaydi»