18:23 / 16.04.2020
2 532

Advokatura sohasidagi muammolarni bartaraf etish choralari hamda soha kelajagining kafolatlari

Advokatura sohasidagi muammolarni bartaraf etish choralari hamda soha kelajagining kafolatlari
O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portalida (regulation.gov.uz) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Advokatura institutini yanada takomillashtirish va advokatlar maqomini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori loyihasi ommaviy muhokama uchun e’lon qilindi.

Ta’kidlash lozimki, ushbu Qarori loyihasi advokatura sohasini tubdan isloh qilishga hizmat qiladi va sohadagi mavjud muammolarni bartaraf qilishga ulkan zamin yaratadi. Loyihada bir qator bugungi kunda amaliyotdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf qilishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab berilganki, ular kelajakda advokatura sohasini yanada rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shmasdan qolmaydi.

Xususan, loyihada O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining advokatura institutiga nisbatan nazorat va boshqarish vakolatlarini bekor qilishni hamda kasbga qabul qilinish masalasini ham o‘z ichiga oluvchi advokatlar faoliyatini tartibga solishni Advokatlar palatasiga to‘liq ravishda o‘tkazilishini nazarda tutuvchi advokaturaning chinakam institutsional mustaqilligini ta’minlash belgilanayotganligi advokatlarning chinakam mustaqilligini ta’minlovchi omillardan biri bo‘ldi.

Shuningdek, Qaror loyihasidagi advokatlik so‘roviga advokat orderi nusxasini ilova qilish to‘g‘risidagi talab hamda so‘rovda advokatlik sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni kiritish to‘g‘risidagi talab bekor qilinishi advokatlik faoliyati samaradorligini oshirishga, advokatlik sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni yanada muhofaza etilishiga sabab bo‘luvchi yutuqlardan biri bo‘ladi, deyish mumkin.

Advokat o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan kompyuter, elektron, mobil va boshqa aloqa qurilmalarini hamda texnika vositalarini sudlar, boshqa barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va nodavlat organlari, muassasalari, tashkilotlari binolariga to‘sqinliksiz olib kirish huquqiga ega bo‘lishi to‘g‘risidagi bandning loyihada aks ettirilishi advokatning professional faoliyatini amalga oshirishga bo‘lgan to‘siqlarni bartaraf etdi deyishimiz mumkin. Shu kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018 yil 12 maydagi PF-5441-son Farmoniga asosan advokatlar sud binolarigagina kompyuter, mobil va boshqa aloqa vositalarini olib kirish huquqiga ega edilar.

Ushbu loyiha orqali advokatlarga sud binolaridan tashqari barcha huquqni muhofaza qilvchi organlar, davlat va nodavlat organlari, muassasalari va tashkilotlari binolariga ham o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan kompyuter, elektron, mobil va boshqa aloqa qurilmalarini hamda texnika vositalarini olib kirishga yo‘l ochib berilmoqda. Bu holat esa advokatning professional faoliyatini har qanday joyda amalga oshirishiga zamin yaratadi. Bundan tashqari, ushbu huquqning loyihada aks ettirilishi buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarni tiklash jarayonida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashda beqiyos ahamiyatga ega bo‘ladi.

Loyihada advokatlar advokat so‘rovi bo‘yicha davlat organlari va boshqa organlar, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan advokatning malakali yuridik yordam ko‘rsatishi uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar, axborotlar, ma’lumotnomalar, tavsifnomalar va boshqa hujjatlar taqdim etilganligi uchun davlat boji va boshqa barcha to‘lovlarni to‘lashdan ozod etilishi ko‘zda tutilganligi ham advokatlik faoliyatini amalga oshirishdagi ulkan to‘siqlarni bartaraf etishdagi yo‘l bo‘ldi.

Xususan, advokat ba’zi tashkilotlarga o‘zining professional faoliyatini amalga oshirish yuzasidan advokatlik so‘rovi yuborganida fuqarolar singari turli xil bojlar to‘lashi lozimligi amaliyotda hozirgi kunda ko‘p uchrayotgan holat edi. Loyihadagi ushbu band esa bu kabi professonal faoliyatni amalga oshirishdagi to‘siqlarni bartaraf qilishda katta ahamiyatga ega. Loyiha orqali endilikda advokatlar advokat so‘roviga javoblarni sun’iy to‘siqlarsiz olish imkoniga ega bo‘lmoqdalar. Bu holat ham advokat maqomini va advokatura institutini takomillashtirishga qaratilgan ulkan islohotlardan biri hisoblanadi.

Shu bilan birga, loyihada O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasiga advokatlarning kasbiy huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan da’volarni sudlarga davlat bojini to‘lamasdan kiritish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari, mansabdor shaxslar va boshqa shaxslarning harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish huquqi berilishi ham advokatura institutini takomillashtirish yo‘lidagi ulkan yutuqlardan biri bo‘ldi. Sudlarga advokatlarning kasbiy huquq va manfaatlarini himoya qilib davlat bojisiz murojaat qilish huquqining O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasiga berilishi advokatlar huquqlarini himoya qilishning yangi davrini boshlab beradi. Loyihada ushbu bandning aks etishi advokat huquqlarining yanada himoya qilinishi kafolati hisoblanadi.

Bir so‘z bilan aytganda, Konsepsiyani qabul qilish advokatura sohasini isloh qilishda, sohadagi muammolarni bartaraf etish va jamiyatdagi advokatning huquqlarini kafolatlarini mustahkamlab, ular tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatiladigan huquqiy yordamlarni sifatli hamda samarali bo‘lishini ta’minlashning yangi davrini boshlab beradi.

Ergashev Azamat,
Advokat, Toshkent davlat yuridik universiteti
katta o‘qituvchisi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Advokatura sohasidagi muammolarni bartaraf etish choralari hamda soha kelajagining kafolatlari