10:40 / 17.04.2020
2 057

Zafar Hoshimov: Tadbirkorlikni tartibga soluvchi hujjatlarni iloji boricha soddalashtirish kerak

Zafar Hoshimov: Tadbirkorlikni tartibga soluvchi hujjatlarni iloji boricha soddalashtirish kerak
Foto: Xalqaro press-klub
Korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i asoschisi va rahbari Zafar Hoshimov «MFaktor» loyihasi mehmoni bo‘lib, inqirozlar va tadbirkorlik haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qanday takliflar bera olasiz, deya berilgan savolga javoban Hoshimov byurokratiya masalasini tilga oldi.
«Tadbirkorlikni tartibga soluvchi turli qonun va qonunosti hujjatlari bor. Hozir mutasaddi davlat tashkilotlari ularni iloji boricha soddalashtirishi kerak. Masalan, savdo, sertifikatlashtirish qoidalari va boshqalar. Bular hammasi – biznes uchun tranzaksion xarajatlarni oshiradigan narsalar. Tranzaksion xarajatlarni pasaytirish ustida davlat muassasalari, deputatlar, kengashlar ishlasa, juda ham yaxshi bo‘lardi.

Bu narsa deyarli u qadar katta pul talab qilmaydi, lekin haqiqatan ham davlatga foydasi yo zarari bo‘lmagan ba’zi rasmiyatchilik, hisobotlar bor. Shu narsalarga hozir barham bersak, maqsadga muvofiq
», – dedi Zafar Hoshimov.

Uning ta’kidicha, biznesni yuritish sohasidagi ko‘plab tizimlarni elektronlashtirish kerak.
«Soliq hisobotini onlayn berish mumkin. Lekin shunday narsalar borki, hali ham qo‘lda bo‘lishi kerak. Masalan, har kuni qog‘oz ishonchnoma, «nakladnoy» berish kerak. Shularning hammasini elektronlashtirish va elektronlashtirilgan tizimlarga o‘tkazish zarur.

Masalan, hozir dolzarb mavzu – onlayn kassalar. Chek berishda ham qandaydir xavf bo‘lishi mumkin. Onlayn kassalar texnik jihatdan deyarli qilingan. Onlayn kassa apparatlariga bo‘ladigan talablar bor. Agar onlayn kassa bo‘ladigan bo‘lsa, chekni soliq serverlariga bera oladigan bo‘lsa, uning [onlayn kassa apparatlariga bo‘ladigan talablarning] nima keragi bor? Shunga o‘xshagan narsalarni maksimal darajada soddalashtirsa bo‘ladi
», – dedi Hoshimov.

U Jahon savdo tashkilotiga kirishni tadbirkorlar uchun keng imkoniyat deb hisoblaydi.
«Favqulodda holatdan foydalanib, Jahon savdo tashkilotiga tezroq kirishimiz lozim.

Buning tartiblari bo‘yicha ma’lumotim yo‘q. Balki shu imkoniyatdan foydalanib, JSTga kirib olishimiz osonroq kechar. Bu ham eksportyor, tadbirkorlarga bozorni kengaytirib berardi. Bu narsalardan maksimal foydalanib olish kerak
», – deydi u.

Tadbirkorning fikricha, sertifikatlashtirish tizimida yengilliklar berilishi kerak.
«Sertifikatlashtirish borasida anchadan beri shikoyatlarim bor. Qaysi ma’noda? Davlat shu mahsulotning zararli yoki zararsizligini yetkazib bersa bo‘ladi. Uning sifatini bozor aniqlaydi. Kimningdir juda sifatli narsaga puli yetmasligi mumkin.

Lekin shu mahsulot zararsiz bo‘lsa, bo‘ldi. Mahsulot zararli bo‘lmasa, turli bahonalar bilan uni sertifikatlamaslik va shunga o‘xshagan narsalarda yengilliklar berish kerak. Bunday o‘zgarishlar aholiga ham, tadbirkorlarga ham yengilliklar beradi
», – dedi Hoshimov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Zafar Hoshimov: Tadbirkorlikni tartibga soluvchi hujjatlarni iloji boricha soddalashtirish kerak