00:48 / 20.04.2020
3 170

Koronavirus o‘pka to‘qimalarini «yaxshi ko‘radi»

Koronavirus o‘pka to‘qimalarini «yaxshi ko‘radi»
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Abdulla UBAYDULLAYEV
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, tibbiyot fanlari doktori, professor Abdulla UBAYDULLAYEV O‘zbekistonda pulmonologiya faniga asos solgan va bu borada ilmiy maktab hamda pulmonologiya xizmatini tashkil etgan atoqli olimdir. Umrining yarim asrdan ko‘prog‘ini tibbiyotimiz ravnaqi yo‘lida bag‘ishlagan taniqli olim bilan «SHIFO-info» maxsus muxbiri telefon orqali muloqotda bo‘lib, koronavirus infeksiyasi o‘pkasi xastalangan kishilarga qay darajada ta’sir etishi haqida suhbatlashdi.

— Abdulla aka, koronavirus — yangi infeksiya. Bugungi kunda bu kasallikka barcha shifokorlar ham to‘g‘ri tashxis qo‘ya oladimi?
— Bugungi kunda dunyo olimlari, shifokorlar orasida koronavirus infeksiyasi haqida turli-tuman qarashlar va gap-so‘zlar bor. Ammo shu bilan birga hammaning o‘z so‘zi, o‘z haqiqati mavjud. O‘z ishining ustasi bo‘lgan shifokor pnevmoniya, gripp yoki koronavirus infeksiyasi belgilarini hech ikkilanmay ajrata oladi.

* Koronavirus, eng avvalo, o‘pkaga ko‘p zarar yetkazishini hisobga olgan holda chekuvchilar nihoyatda ehtiyot bo‘lishlari kerak. Bu o‘rinda gap hatto yoshga ham bog‘liq emas. Agar chekuvchi kishi yosh bo‘lsa ham, koronavirus infeksiyasini yuqtirgudek bo‘lsa, ancha aziyat chekishi mumkin.

* Keksalarda esa immun tizimi ancha sust bo‘lgani bois, ularning har qanday infeksiyani yuqtirishi juda oson. Bundan tashqari, ularda qo‘shimcha, yo‘ldosh kasalliklar ham bo‘ladi. Masalan, infarkt miokardi, qon bosimi oshishi, buyrak kasalliklari kabi. Ana shular koronavirus natijasida rivojlanib ketishi mumkin.

Ba’zi shifokorlar bu infeksiya o‘pkani ko‘proq zararlaydi, degan fikrni bildirishyapti. Bilasizmi, gepatit jigar to‘qimalari, ba’zi infeksiyalar esa yurakka ko‘proq ta’sir ko‘rsatadi. Lekin koronavirus eng yaxshi ko‘rgan a’zo — bu o‘pka. Ba’zilar kasallik yengil holatda o‘pkaga o‘tmaydi, deyishmoqda. Bu mutlaqo noto‘g‘ri fikr. Biror kishi pnevmoniya bilan xastalansa, bu darrov o‘pkaga ta’sir etadi. Koronavirus pnevmoniya emas, u tananing barcha a’zolarini zararlaydi.

* Kasallikka chalingan inson qonida limfotsitlar kamayib ketadi, eshitish qobiliyati yo‘qoladi, yuqori nafas yo‘llari, undan keyin bronx yo‘llari zararlanadi. Shu tarzda asta-sekin o‘pka siqilib, shishadi (otyok) va harsillab nafas olish boshlanadi. Ana shundan so‘ng odamlar xastalikka chalinganini anglab yetadi. Ba’zilar buni tushunib yetmasdan o‘zlaricha davolanishga urinishyapti, turli dori preparatlari qabul qilishyapti. Bu bilan ular faqat o‘zlariga zarar yetkazishyapti, xolos.

* Agar biror kishining isitmasi ko‘tarilib, quruq yo‘tal bezovta qila boshlasa, nafasi siqilib, o‘zini behol sezsa, darhol shifokorga murojaat qilishi lozim. Qon tahlillaridan so‘ng shifokor bu insonning shamollagani yoki boshqa xastalikka chalinganini aniqlaydi.

— Kompyuter tomografiyasi o‘pkadagi qanday o‘zgarishlarni ko‘ra oladi?
— COVID-19 yuqtirgan o‘pkani «muzlatilgan oyna» (matoviy steklo) yoki tosh yotqizilgan ko‘prikka o‘xshatish mumkin. Dumaloq shaklning bu oq joylari darhol o‘pkaning chap va o‘ng tomonida paydo bo‘ladi. Agar davolanish o‘z vaqtida amalga oshirilsa, organizm infeksiyani oson yenga oladi.

O‘pkasi xasta kishilar yon-atrofidagi kishilar bilan kamroq muloqotda bo‘lishi, imkon qadar ko‘chaga chiqmasligi zarur. Darvoqe, ba’zilar uylariga kvarsli lampalar qo‘yishayotganini eshityapman. Bunday lampalar virusni umuman yo‘qotmaydi. Aksincha, uning o‘rniga xonalarni tez-tez shamollatib turish kerak. Ko‘chaga chiqib kelgan kishilar esa, albatta, uyga qaytgach, 20 soniya davomida qo‘llarini yuvishi, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etishi darkor.

O‘pkasi xastalangan insonlar bir kunda 4 mahal oz-ozdan, o‘z vaqtida taomlangani ma’qul. Ko‘p yeyish, to‘yib ovqatlanish mumkin emas. Sho‘r narsalar, shirinliklar ham zararli. Taomnomadan ko‘proq oqsillar o‘rin olishi kerak. Ya’ni tvorog, go‘sht, ko‘katlar, qizil sabzi va hokazo. Qizil lavlagi ham vitaminlarga juda boy. Uning sharbatini ichish yoki undan bironta salat tayyorlab iste’mol qilish koni foyda.

— Uyda nimalar qilish muhim?
— Bugun ko‘pchilik uyda qoldi va oddiy ish rejimi haqida unutib qo‘ydi. Yurtdoshlarimga erta tongda uyg‘ongan zahoti avvalgidek ish tutishlarini maslahat bergan bo‘lardim. Ya’ni ertalab uyg‘ongach, 20-30 daqiqa jismoniy tarbiya mashqlarini bajarishni, keksalarga esa piyoda (hovlida) yurishni maslahat beraman.

Shundan keyin, albatta, dush qabul qilish darkor. Bu har bir kishi salomatligi uchun juda muhim. Shunga odatlansangiz, har qanday darddan yiroq bo‘lasiz. Shaxsan o‘zim yoshim 80 dan oshganimga qaramay, har kuni 30 daqiqa badantarbiya qilaman. So‘ngra dush qabul qilib, nonushtaga o‘tiraman. Ko‘p yillardan buyon shu qoidaga amal qilib kelaman. Darvoqe, ertalab va kechqurun tishlarni yuvishni ham unutmaslik lozim. Chunki ko‘pgina bakteriyalar inson tanasiga og‘iz, yuqori nafas yo‘llari orqali kiradi.

— Semizlikda parhez muhimmi?
— Ha, aytgancha, to‘la, semiz odamlar ham karantin paytida ancha ehtiyot bo‘lib yurganlari durust. Chunki semizlik o‘pkani siqadi va natijada tanada qon aylanishi yomonlashadi. Qarabsizki, har qanday infeksiya va viruslarga yo‘l ochiladi. Shuning uchun har doim semirib ketmaslikka intilish, sog‘lom turmush tarziga amal qilish lozim.

Zarchava — o‘pka himoyachisi
— Shu kunlarda televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali koronavirus haqidagi yangiliklarni kuzatib boryapman. Yaqinda xorijlik olimlar o‘pkani koronavirusdan himoya qilish uchun choyga zarchava (kurkuma) qo‘shish kerakligini aytishdi.

Chet ellik diyetologlar o‘tkazgan tadqiqotlar natijasida zarchava o‘pkani fibroz, allergik astma, surunkali obstruktiv o‘pka kasalligi va hatto saraton kasalliklaridan himoya qilishi ma’lum bo‘lgan. Bu ziravorda mavjud bo‘lgan kurkumin moddasi o‘pka to‘qimasidagi yallig‘lanishni bartaraf etish xususiyatiga ega ekan.

* Shuningdek, olimlar immunitetni mustahkamlash va koronavirusdan himoyalanish uchun ko‘proq iliq suv va suyuqlik ichishni maslahat berishdi.

Bir so‘z bilan aytganda, hozir ko‘pchilik karantinda, lekin salomatlik har doimgidek juda muhim. Sog‘lik bilan bog‘liq muammolaringizni ertangi kunga qoldirmang, davolanishni bugundan boshlang. Faqat o‘zbilarmonlik bilan emas, balki mutaxassis shifokor tavsiyalariga ko‘ra ish tuting.

Aziz yurtdoshlar! Eng avvalo, barchangizga sog‘lik tilayman. Bugungi kunda oynai jahonda mutaxassislar tomonidan tavsiya etilayotgan shaxsiy gigiyena qoidalariga, albatta, rioya eting. Zarurat tufayli ko‘chaga chiqishingizga to‘g‘ri kelsa, yuzingizga niqob taqing. Yon-atrofingizdagilar bilan 2 metr masofa saqlang. Bu o‘zingiz va yon-atrofdagilarni kasallikka chalinishdan asraydi.

Karantin paytida ko‘proq kitob o‘qing, til o‘rganing, bilimingizni oshiring, farzandlaringiz tarbiyasi bilan shug‘ullaning, darslarini birgalikda tayyorlang, daraxt va gullarni parvarishlang. Xullas, vaqtdan unumli foydalaning. Donishmandlar aytganidek, «Vaqting ketdi – naqding ketdi». Umid qilamanki, koronavirus nomli balo olimlaru zahmatkash hamkasblarim, shifokorlarning mehnati bois qisqa fursatda daf bo‘ladi!

Ma’pura NABIYEVA

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Koronavirus o‘pka to‘qimalarini «yaxshi ko‘radi»