22:17 / 22.04.2020
2 012

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Ramazon bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Ramazon bilan tabrikladi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev global inqiroz va pandemiya sharoitida mamlakat aholisi bandligi masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida butun O‘zbekiston xalqini kirib kelayotgan Ramazon oyi bilan tabrikladi.

«Mana, jonajon Vatanimizga Ramazoni sharif kirib kelmoqda.
Ushbu ulug‘ ayyom munosabati bilan nuroniy otaxon va onaxonlarimizni, qadrli aka-uka, opa-singillarimizni, iymon-e’tiqodli xalqimizni chin qalbimdan muborakbod etaman.

Barchangizga tinchlik-omonlik, oilaviy xotirjamlik, baxt-u saodat yor bo‘lishini tilayman.
Bugungi o‘tkinchi qiyinchiliklarga qaramasdan, Ramazoni sharif har doimgidek xonadonlarimizga, dillarimizga quvonch, yurtimizga fayz-baraka baxsh etadi, bir-birimizga bo‘lgan mehr-oqibatimizni yanada ziyoda qiladi, deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, uzoq-yaqin mamlakatlardagi mo‘min-musulmon birodarlarimizni ham samimiy tabriklab, ularga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan tinchlik va farovonlik tilayman.
Hammamizga ayonki, Alloh taoloning marhamati bilan shahri Ramazonda ezgu niyatlar ijobat bo‘ladi.

Mana shu muborak oyda barchamiz tutgan ro‘zalarimiz, qilayotgan duoi fotihalarimiz, xayrli amallarimiz sharofati bilan barcha mamlakatlar qatori el-yurtimizni ham ushbu ofatdan tezroq xalos etishini Yaratgan Parvardigordan so‘rab qolamiz
», dedi davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda Ramazon oyi 24 apreldan boshlanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Ramazon bilan tabrikladi