09:46 / 23.04.2020
2 176

Prezident ishsiz qolgan hamda ehtiyojmand aholini aniqlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi

Prezident ishsiz qolgan hamda ehtiyojmand aholini aniqlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22 aprel kuni aholi bandligini ta’minlash va daromadi keskin kamayishining oldini olish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Koronavirus pandemiyasi sababli dunyodagi millionlab korxona va tashkilotlar o‘z faoliyatini to‘xtatgani 2 milliard 700 million ishchiga ta’sir ko‘rsatdi. Jahonda kambag‘al aholi soni qariyb 2 baravarga yoki 500 million kishiga ko‘payish xavfi yuzaga kelmoqda.

Mamlakatimizda karantin tufayli 196 mingta korxonada ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish hajmi keskin kamaygan. Karantin tufayli, tabiiyki, ishsizlar soni ham oshgan.

Yig‘ilishda karantin cheklovlari sababli vaqtincha ishsiz qolgan fuqarolarni moddiy qo‘llab-quvvatlash masalasi Samarqand va Namangan viloyatlarida amalga oshirilayotgan ishlar misolida muhokama qilindi.

Tadbirkor va fermerlar kambag‘al oilalarga tomorqada ekin ekishga yordam berishi, takroriy ekin uchun o‘z yeridan joy ajratishi, kasanachilikni yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashishi lozimligi ta’kidlandi. Davlat esa bunday sub’ektlarga soliqni bo‘lib-bo‘lib to‘lash, muddatini kechiktirishga ruxsat beradi.

Misol uchun, Samarqand viloyatida “Agromir” korxonasi rahbari bir mingta oilani qaramog‘iga olib, 600 gektarda yangi tokzorlar barpo etish ishlarini boshlagan. 500 dan ziyod kambag‘al oilani kooperativga doimiy ishga olib, yangi tokzorlar orasini ularga bo‘lib bergan va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan. Qirq kunda hosil olsa bo‘ladigan bodring urug‘ini tarqatib, ekish harakatlarini boshlagan. Qurilish ishlariga yana 100 ta odamni ishga olgan.

Yana bir misol: Samarqand shahridagi “Aziya metall prof” korxonasi rahbari mingta oilaga oziq-ovqat tarqatgan, 10 ga yaqin ehtiyojmand oilaga uy qurib berish, 100 nafarini ishga olish tashabbusi bilan chiqqan. Shuningdek, Namangan viloyatidagi “Art soft” klasteri ta’sischilari Namangan shahri, Pop, Mingbuloq va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida 3 ming nafar oilaga yordam berish tashabbusi bilan chiqdilar.

Bu boradagi tadbirlarni samarali tashkil etish maqsadida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Davlat soliq qo‘mitasi mas’ulligida vazirlik va hokimliklar faoliyatini muvofiqlashtirib boruvchi operativ shtab tuziladi.

Barcha tuman va shaharlarda ishsiz qolgan hamda ehtiyojmand aholini nomma-nom aniqlab, shakllantirilgan ro‘yxatlar asosida “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasidagi ishlarni manzilli yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Karantindan oldin ham ishsiz bo‘lgan va kunlik daromad asosida yashab kelgan odamlarni faol mehnat orqali ish bilan ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Xususan, qishloq xo‘jaligi kooperativlari va xonadonlarda issiqxonalar tashkil etish hisobiga 14 mingta yangi ish o‘rni yaratish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. 110 ming kishini mavsumiy, 167 ming fuqaroni jamoat ishlari bilan qamrab olish vazifasi qo‘yildi.

Bugungi kunda ko‘plab yoshlar uyida o‘tirib, internet orqali dizaynerlik, tarjimonlik, dasturlash, reklama, repetitorlik kabi xizmatlar ko‘rsatmoqda. Lekin bunday mutaxassislar, ya’ni frilanserlar uchun masofadan hisob raqami ochish, pochta, to‘lovlarni qabul qilishda qator to‘siqlar mavjud. Oqibatda ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchilarning xarajatlari 2-3 barobar oshib ketmoqda.

Shu bois mutasaddilarga bunday faoliyat turlari uchun imtiyoz va preferensiyalar berish, yoshlarni internetdan foydalanib, aqliy mehnat orqali daromad topishga o‘rgatish, sohani rivojlantirish uchun xorijda ommabop bo‘lgan to‘lov tizimlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident ishsiz qolgan hamda ehtiyojmand aholini aniqlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi