18:47 / 24.04.2020
2 163

Koronavirus: “Raqamlarning o‘zgarishi o‘zimizga bog‘liq”

Koronavirus: “Raqamlarning o‘zgarishi o‘zimizga bog‘liq”
Tojdor virus o‘zi bilan birga inson yuragiga vahima virusini ham tarqatayotgani sir emas. Kundan kunga bemorlar sonining ortib borayotgani kishini sergaklantiradi. Bunday paytda har birimiz shaxsiy mas’uliyat bilan virusga qarshi chora-tadbirlarga hissa qo‘shishimiz, belgilangan tartib-qoidalarga jiddiy e’tibor berishimiz lozim. Zero, bir kishining befarqligi ko‘plab insonlar taqdirini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Muxbirimiz yurtimizdagi keksalarning bu boradagi fikr-mulohazalarini yozib oldi.

Olimxoji YO‘LDOSHЕV, mehnat faxriysi:
— Nega ilgarigi zamon odamlari nisbatan uzoq va sog‘lom yashashgan? Sababi havo toza, odamlar esa ko‘p jismoniy harakatda bo‘lgan, ozodalikka, tartibli ishlashga qat’iy rioya qilgan, ko‘cha ovqatini yemagan, fast-fud degan narsalar-ku umuman bo‘lmagan ilgari. Fikrimcha, har qanday kasallik tashqi muhit oqibatida emas, insonning o‘z sog‘lig‘iga o‘zi befarqligidan kelib chiqadi.

Men olti yoshimda ot boqish bilan mehnatni o‘rganganman. Mana bugun 82 yoshdaman va umr bo‘yi qishloq xo‘jaligi sohasida ishladim. Hozir nafaqadaman, ammo uyda ham tinim bilmayman: hovlimizga sabzavotmi, mevali daraxtmi ekib, nevaralarimga nimadir yetishtirishga intilaman. Bugun butun dunyoga tojdor virus xavf solib, ozodalikka qat’iy amal qilishga, ko‘chadan mahsulot olishda ehtiyotkor bo‘lishga da’vat etilayotgan bir paytda bu juda ko‘mak beryapti.

Koronavirus nafaqat xalqimiz, balki butun dunyo xalqlariga Tangri tomonidan berilgan sinov. U biz unutayozgan sog‘lom turmush tarzini yodimizga soldi, o‘zimizga, atrofimizga e’tiborli va ehtiyotkor bo‘lishni o‘rgatdi. U o‘rgatgan qoidalarga karantindagina emas, undan keyin ham amal qilsak, kelgusida bu kabi tahlikali holatlar takrorlanmaydi. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, yurtimizda virus ilk bor aniqlanganida uni yuqtirib olgan bemor bitta edi, ikki hafta ichida ular 133 nafarga yetdi. Bu raqamlarning o‘zgarishi o‘zimizga bog‘liq. Inson nafaqat o‘zining, balki yeydigan, ichadigan, kiyadigan narsalarining tozaligiga e’tiborli bo‘lsa unga hech qanday kasallik yuqmaydi. Shunday qilsa bemorlarning emas, sog‘ayganlarning safi kengayishiga ko‘mak bergan bo‘ladi.

Salima SAYFUDDINOVA, mehnat faxriysi:
— O‘zbekiston ko‘p millatli xalq. Men ham uzoq yillardan buyon Andijonda yashayman. O‘zbek xalqining naqadar insonparvarligiga mana shunday qiyin pallalarda yana bir karra amin bo‘ldim.

To‘g‘risini aytsam, ko‘rinmas dushman hammani vahimaga solgan, ko‘chaga chiqish ta’qiqlangan bir paytda men ham biroz xavotirga tushdim. Sababi farzandlarim Rossiyada, turmush o‘rtog‘im vafot etgan, kamiga anchadan buyon bir oyog‘im yaxshi ishlamay qolgan edi. Ammo Qizil yarim oy jamiyatidan menga qarovchi yuborilganida ko‘nglim taskin topdi, xavotirlarim tarqadi. Bugun qarovchidan tashqari mahalla faollari ham holimdan xabar olib turishibdi.

Bugungi sinovli kunda inson nafaqat o‘ziga, balki atrofidagilarga ham e’tiborli bo‘lishga majbur. Sababi virus ko‘rinmas va sezilmas narsa. U qachon kimning ichiga kirib olganini bilmaymiz. Bilganimizda esa kech bo‘lishi mumkin. Shu sabab odam o‘zini asrasa boshqalarni ham asragan bo‘ladi. Shunday paytda ko‘proq suyuqlik ichishni, badantarbiyaga yanada ko‘proq vaqt sarflashni tavsiya etgan bo‘lar edim. Qolaversa, qirg‘ichdan o‘tkazilgan turp va asal aralashmasi ham immunitetni oshiradi. Aslida meva va sabzavotlarning hammasi ham toza holida iste’mol qilinsa, salomatligimizga koni foyda.

Bemorlar orasida sog‘ayganlar haqida eshitib xursand bo‘ldim. Kelgusida boshqa yurtdoshlarimiz ham shifo topib, bu virus balosi batamom bartaraf etilishi uchun sabr qilishimiz, yakdil bo‘lishmiz, karantin qoidalariga daxldorlik hissi bilan rioya qilishimiz kerak. Ana shunda maqsadga erishamiz.

Yulduz O‘RMONOVA yozib oldi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Koronavirus: “Raqamlarning o‘zgarishi o‘zimizga bog‘liq”