23:14 / 25.04.2020
2 474

Komil Allamjonov gazetalar bosh muharrirlariga murojaat qildi

Komil Allamjonov gazetalar bosh muharrirlariga murojaat qildi
Foto: Facebook /Komil Allamjonov
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov bosma nashrlar kelajagi haqida bildirgan fikrlari ortidan ayrim gazeta muharrirlari tomonidan tanqidga uchradi.

«Fikrimcha, matbuot ham og‘ir davrga kirib kelmoqda. Xususan, bosma nashrlarga keladigan bo‘lsak, ularning kelajagini ko‘rmayapman. Aslida, bu inqirozlar boshlanmaganida ham, gazetalar – allaqachon o‘tmish mahsuloti.
… Gazeta tahririyatlari ham kelgusida qiynalib qolmaslik uchun zudlik bilan internetga moslashishlari kerak bo‘ladi
», – degandi fond rahbari.

Ushbu intervyu Kun.uz`da ham e’lon qilinishi ortidan, ijtimoiy tarmoqlarda «Ishonch» – «Doveriye» va «XXI asr» gazetalari bosh muharrirlarining Allamjonov bildirgan fikrlarga keskin munosabati e’lon qilindi.

Komil Allamjonov o‘z Telegram-kanalida ushbu tanqidlarga e’tibor qaratdi.
«Hurmatli, yuzlab jurnalistlarga oylik maosh to‘lab, ularning turmush tarziga mas’ul bo‘lgan bosma nashrlarimizning bosh muharrirlari! Meni rosa koyibsiz, dilingiz og‘riganini bildiribsiz», deb yozadi Allamjonov.

U yuqoridagi gazetalar bosh muharrirlariga qator savollar bilan yuzlangan:
«Qani ayting-chi, bugun iqtisodiy ahvolingiz qanday? Jurnalistlarga o‘z vaqtida oyliklarni to‘lashga qiynalmayapsizmi? Qo‘l ostingizdagi halol va vatanparvar xodimlaringiz kelajagi haqida qayg‘uryapsizlarmi? Mana bir misol, ayni sharoitda gazetalarning qog‘oz variantini qanday qilib o‘qish mumkin? Uni tarqatish ham mumkin emas, mushtariylar ko‘chaga chiqishi ham mumkin emas. Hamma karantinda.

Faqat biz emas, barcha tashkilotlar karantinda dersiz. Unday bo‘lsa o‘quvchilar yangilik va ma’lumotlarni qayerdan olishi kerak? Pandemiya vaqtida xalqni xavfdan kim ogoh etadi, kim aholi orasida targ‘ibot olib boradi? Albatta, veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar yoki teleradiokanallar. Ular tinimsiz ishlab turibdi. Reklamadan ozmi ko‘pmi daromad qilishyapti, xodimlari ro‘zg‘orini tebratmoqda.

Aynan shu karantin davrida o‘quvchilaringiz allaqachon boshqa resurslarda. Ertaga Sizlarga obuna bo‘lgan minglab mushtariylar karantin davomida qog‘oz variantdagi gazetalarni olmaganliklarini, shu sababli ular bilan qayta hisob-kitob qilishingizni talab qilishsa, unda yanada og‘irroq iqtisodiy ahvolga tushib qolmaysizmi?
» – deya savol bergan Komil Allamjonov.

Uning tushuntirishicha, gap bosma matbuotning yopilishi yoki gazetalarning tugatilishi haqida ketmayapti. Gap ularning axborotni aholiga qanday formatda yetkazishi haqida bormoqda.

«Sizga da’vatim, imkon qadar tezroq zamonga moslashing, bosma nashringizni raqamlashtirish choralarini izlang. Xodimlaringiz taqdiriga befarq bo‘lmang. Aks holda moliyaviy ahvolingiz yanada qiyinlashishi mumkin.

Achchiq haqiqat shuki, bugungi kunda butun dunyoda aynan bosma nashrlarning taraqqiyot strategiyasi o‘zgardi. Hattoki gazeta chop etadigan uskunalar ishlab chiqarilishi ham kamaytirilyapti. Manaman degan katta bosma nashrlar qog‘oz versiyasini butunlay to‘xtatib, onlayn formatga o‘tmoqda
», – deydi mass-mediani rivojlantirish fondi rahbari.

U misol sifatida 2 kun oldin Buyuk Britaniyaning The Weekly News nashri may oyidan boshlab qog‘oz variantda chiqishni butunlay to‘xtatishga qaror qilganini ma’lum qilganini eslab o‘tgan.

«Eng konservator va qadriyatlarini o‘ta qattiq hurmat qiluvchi inglizlar ham 165 yildan buyon chop etiladigan ushbu otaxon bosma nashrning qog‘oz variantidan voz kechib, yangi zamon talablariga moslashishni va onlayn formatga o‘tishni bugungi kunning eng to‘g‘ri qarori, degan fikrga kelgan», deb yozadi Allamjonov.

Komil Allamjonov nomdor Newsweek, U.S. News & World Report va La Tribune nashrlari ham allaqachon butunlay qog‘oz formatdan voz kechib, onlaynga o‘tganini qo‘shimcha qilib, bunaqa misollar juda ko‘pligini ta’kidlagan.

«Xullas, maqsadim kimlarningdir dilini og‘ritish emas, barchamizga ko‘rinib turgan xavfdan sizlarni ogohlantirish hamda biznes modelingizni qayta ko‘rib chiqish va zamonga moslashishni tavsiya qilishdir», – deya o‘z munosabatini yakunlagan Komil Allamjonov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Komil Allamjonov gazetalar bosh muharrirlariga murojaat qildi