08:44 / 26.04.2020
4 146

Muhtoj aël polida

Muhtoj aël polida
«Menga yordam kerak. Karantin qoidalariga amal qilib, uyda o‘tiribman. Bugun ikki farzandim bilan dasturxonimizdagi oxirgi nonni yeb bo‘ldik. Bizga yordam bersalaringiz bering, aks xolda ijtimoiy tarmoqqa chiqib, sizlarni obro‘sizlantirishga majbur bo‘laman. Shu bugun menga oziq-ovqat olib keling. Manzilimni mahalla raisidan so‘rasalaringiz aytadi. O‘zi berayotgan mahsulotlaringiz iste’molga yaroqlimi? Menga olib keladigan narsalaringizning dezinfeksiyasini ko‘z o‘ngimda, uyimga olib kelganingizda qilib berishsin».

Tumanda tashkil etilgan xayriyalarni muvofiqlashtirish markaziga kelgan ushbu xabar mutasaddilarni e’tiborsiz qoldirmadi. Xabar egasini astoydil izladik, so‘rab-surishtirmagan mahallamiz qolmadi. Ammo kambag‘al, ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar orasidan murojaatchini topolmadik. Faqat vaqtimiz ketgani, ishimiz samarasiz bo‘lgani uchun asabimiz buzilgani qoldi.

Oradan uch kun o‘tib, xuddi shu raqamdan yana bir xabar keldi. Buni qarang, biz ko‘paylashib izlab topolmagan ayolning 1197 raqamiga qo‘ng‘iroq qilgani ma’lum bo‘ldi. Aniqlangan manzil bo‘yicha murojaatchining uyiga yo‘l oldik. Mahalla raisi boshlab kelgan darvoza yonida turgan so‘nggi rusumdagi avtomashina, dang‘illama xonadon murojaatchiga tegishli ekan. Olib kelgan xayriyamiz bilan darvoza hatlab kirar ekanmiz, hovli chetida bog‘lab qo‘yilgan it akillagach, o‘ziga oro bergan ayol uydan chiqib keldi. Markazda xizmat qilayotgan ko‘ngillilar opaga olib kelingan mahsulotlarni berish chog‘ida dashnom ham eshitib qolishdi.

– Nima, sizlarga qilingan murojaat bir haftada yetib boradimi? Oyog‘im bozorga yetganda, sizlarga xabar yuborib yotmasdim. Shahar markazida yashasak-da, bozorga, do‘konlarga chiqmasdan, karantin qoidalariga amal qilib uyda o‘tiribmiz. Bu mahsulotlaringiz o‘zi sifatlimi? Yaroqlilik muddati tugab qolgani yo‘qmi? Iye, shoshmanglar. Men mahsulotlarni ko‘z o‘ngimda dezinfeksiya qilib beringlar degandim-ku. Chaqiringlar, bu mahsulotlarni dezinfeksiya qilib berganlaringdan keyin olaman. Ungacha sizlar ham ketmaysizlar. O‘zi beradigan narsalaringiz munchagina, yana rasmga tushirishlaring nimasi? Meni, hovlimizni rasmga tushirmanglar. Boz ustiga bergan narsalaring uch kungagina yetadi, menga bir oyga yetadigan mahsulot tashlab ketinglar. Yo‘qsa, yana ijtimoiy tarmoqqa Prezidentimiz qaroriga qarshi bo‘lishayapti, nochor oilalarga hech kim e’tibor bermaydi deb chiqaman-da baringni sharmanda qilaman. Asl basharalaringni butun dunyo ko‘radi. Nochorgina, yordamga muhtoj ayol rolini o‘ynash menga qiyinlik qilmaydi.

To‘g‘risi, ayolning gaplari sabr kosamni to‘ldirib yubordi. Raisning xatti-harakatidan bildimki, ayolga gapirish, vaziyatni tushuntirish befoyda. Markazning bir kunlik ishi haqidagi xisobotni rasmi bilan topshirdim. Navbatdagi topshiriqni bajarar ekanman, mansabdorlardan biri qo‘ng‘iroq qilib yoniga chaqirdi. Qo‘limga oxirgi borgan manzilimizning suratini tutqazar ekan, «Bu suratlarni ilovaga qo‘shmang. Bugungi ma’lumotlar uchun o‘nta surat yetadi. O‘n birinchisi esa ortiqcha» dedi. Tabiiyki, bu gap menga yoqmadi. Shu rasm qolishi, nima uchun olib tashlashim kerakligini so‘rab astoydil tortishdim. Qaysarligimni tushundi shekilli, aka shu xonadon sohibi, ayol esa turmush o‘rtog‘i ekanligini aytishga majbur bo‘ldi.

Ertasiga ayol qilmishidan pushaymonligini aytib, bergan mahsulotlarimizdan ortig‘ini olib kelib, xayriyalarni muvofiqlashtirish markaziga topshirib ketdi. O‘sha kuni tumandagi 38 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaga xayriyalar yetkazib berildi.

Oramizda ijtimoiy tarmoqlarda davlatimiz ko‘rsatayotgan e’tibor va mehrni noto‘g‘ri talqin qilib, noshukurlik qilayotganlar ham yo‘q emas. Koronavirus pandemiyasini yengishimiz uchun yurtimizda yetarlicha e’tibor ko‘rsatilib, xayriyalar qilinayapti. Huquqimizni bilganimizdek, burchimizni ham anglab yetgan holda boriga qanoat qiladigan vaqt keldi nazarimda.

Eh, el boshiga ish tushgan chog‘da ayrim vatandoshlarimizning asl yuzi ochilib qolmoqda. Bizdan faqat uyda qolish so‘ralmoqda. Oddiy xalq karantin qoidalariga imkon qadar amal qilmoqda. Ammo ayrim mansabdorlarning farzandlari, qarindosh-urug‘i-yu tanish-bilishi karantin talablarini bajarishga harakat ham qilayotgani yo‘q.

Nega deysizmi, zarur yumush bilan ko‘chagi chiqqudek bo‘lsangiz katta yo‘lda faqatgina so‘nggi rusumdagi, raqamlari bir xil avtomashinalarni uchratasiz. Yayov ketayotganingizda derazasiga parda tutilgan mashina yoningizda to‘xtab, manzilingizga yetkazib qo‘yish evaziga ikki hissa narx aytadi. Bu nimaning belgisi?! Qachon og‘ir kunda bir-birini talamaydigan, aksincha, qo‘llaydigan xalqqa aylanamiz?

Nigina SHOYEVA,
jurnalist

Manba: Huquq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Muhtoj aël polida