15:15 / 26.04.2020
2 834

Samarqand viloyatida koronavirusga chalingan birinchi bemor sog‘aydi (foto)

Samarqand viloyatida koronavirusga chalingan birinchi bemor sog‘aydi (foto)
Foto: «Daryo»
Samarqand viloyatida koronavirusga chalingan birinchi bemor sog‘ayib, shifoxonadan reabilitatsiya markaziga olindi, deya xabar beradi «Daryo».

Kecha, 25 aprel kuni, Samarqand viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanayotgan bemorlarning to‘rt nafari butkul sog‘aygan. Aytilishicha, sog‘ayganlarning ikki nafari erkak, ikki nafari esa voyaga etmagan bola.

«Ikki nafar farzandim va o‘zim shu xastalikka chalindim. Hozir hammamiz darddan forig‘ bo‘ldik. Davolanish chog‘ida shifokorlarning, hukumatning yordamini his qilib turdik. Hali davolanayotganlar orasida qarindoshlarimiz ham bor. Ularning va barcha bemorlarning ushbu xastalikni yengib o‘tishlarini istayman», — deydi koronavirusni yuqtirgan birinchi bemor.

Foto: «Daryo»
Virusga chalinganlar bilan muloqotda kasallikni yuqtirgan yana bir bemorning ta’kidlashicha, u mazkur kasallik alomatlarini sezgach, o‘zini izolyatsiyaga olgan. Bu esa kasallikning oila-a’zolariga yuqishining oldini olishiga sabab bo‘lgan.

«Bugun qayta tug‘ildim. Kasallik menda yengil kechdi. Shifoxonaga haroratim ko‘tarilishi sabab kelgandim. Menga yordam berishgani uchun shifokorlarga, rahmat», — deydi Hasan Kachaliyev.

Foto: «Daryo»
Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokori, tibbiyot fanlari doktori Sa’dulla Vafoqulovning ta’kidlashicha, koronavirusdan davolanayotganlar orasida besh-olti yildan buyon to‘shakda yotgan 80 yoshli bemor ham bo‘lib, hozirda u o‘zini tetik his qilmoqda.

«Shifoxonaga yuqori malakali shifokorlar ham jalb etilgani, doimiy ravishda poytaxtlik, xorijlik mutaxassislar bilan aloqada bo‘lingani tufayli bemorlarga tizimli yordam ko‘rsatilmoqda. Hozirda boshqa bemorlarning ham ahvoli yaxshi. Ular doimiy nazoratda. Yaqin kunlarda ular ham tuzaladi», — deydi Sa’dulla Vafoqulov.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda viloyatda koronavirusga chalinganlar 43 nafarni tashkil etib, 5113 nafar fuqaro karantinga olingan. Shundan 743 nafari statsionar sharoitda tibbiy kuzatuv ostida bo‘lsa, 4370 nafari uy sharoitida karantinda saqlanmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqand viloyatida koronavirusga chalingan birinchi bemor sog‘aydi (foto)