18:35 / 26.04.2020
2 356

Gazetalar kelajagi bo‘yicha ikki qarash

Gazetalar kelajagi bo‘yicha ikki qarash
So‘nggi kunlarda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonovning koronavirus pandemiyasining OAV sohasiga ta’siri, xususan, gazetalarning kelgusi taqdiri bilan bog‘liq fikrlari turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

Allamjonov pandemiya OAVga ham katta ta’sir o‘tkazganini ta’kidlar ekan, jumladan, shunday deydi: «Fikrimcha, matbuot ham og‘ir jarayonlar va og‘ir davrga kirib kelmoqda. Gazeta nashrlariga keladigan bo‘lsak, qo‘pol qilib aytgim kelmayapti, ammo men ularning kelajagini ko‘rmayapman. Bu inqirozlar boshlanmagan taqdirda ham gazetalar allaqachon o‘tmishga aylangandi».

Albatta, bu sub’ektiv fikr ifodasi. Zotan, mulohazalarning birinchi shaxs tilidan bayon etilgani, qolaversa, shaxsga ishora qiluvchi modal so‘zlar mavjudligi ham buni tasdiqlab turibdi. Ammo gazetalarning allaqachon o‘tmishga aylangani haqidagi fikr sohadagi asosiy mas’ullardan birining tilidan aytilishi uning hukm o‘laroq yangrashiga ham sabab bo‘ldi, deyish mumkin. Ehtimol, shuning uchun ham ba’zi gazetalar muharrirlari bu gaplarga ehtiros bilan javob qaytarishgandir.

Xo‘sh, Allamjonov bu borada qanchalik haq? Gazetalar chindan ham o‘tmish mulkiga aylanib ulgurdimi?
Keling, dastavval mana shu masalaga oydinlik kiritishga harakat qilamiz.

Gazetalarning kelajagi haqidagi bahslar kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Internet tarmog‘ining ko‘lami kengayib borayotgan dastlabki kunlardayoq bu masala muhokama mavzusiga aylangani bor gap. Bir paytlar kino paydo bo‘lgach, teatrning o‘lishi haqidagi fikrlar aytilganidek, multimediaviy imkoniyatga ega internet paydo bo‘lgach, nafaqat bosma nashrlar, hatto radio va televideniyening kelajagiga ham shubha bilan qarash tendensiyasi vujudga keldi. Ammo vaqt o‘tgani sayin shubha nayzasining uchi ko‘proq bosma nashrlarga qaratila boshladi.

Bizningcha, hozirda gazetalarning kelajagi bilan bog‘liq asosan ikki asosiy qarash mavjud.

1. Optimistik qarash
Yevropada chop etiladigan ayrim yirik bosma nashrlarning muharrirlari gazetalar tarixga aylanadi, degan fikrga qo‘shilishmaydi. To‘g‘ri, bugun dunyoning turli nuqtalarida, xususan, AQSH va Yevropada bosma nashrlar tirajining pasayishi, qo‘shimcha soliqlar, internet bilan raqobatda faoliyat olib borish kabi jarayonlar matbuotga kuchli bosim o‘tkazmoqda. Qolaversa, texnologiyaning jadal rivojlanishi, iste’molchilar tanlovining o‘zgaruvchanligi ham vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda.

Associated Press agentligiga intervyu bergan Yevropa gazetalari muharrirlari hali ham kelajakka umid bilan qarashmoqda. Ularning fikricha, internet media taraqqiyoti gazeta formatini o‘zgartirsa-da, bu bir tahdid emas, balki imkoniyatdir. Ya’ni media inqilobi avvalgidek chuqur va tahliliy jurnalistikaga qaytish uchun imkoniyat yaratishi mumkin.

Fransuzlarning Le Monde gazetasining raqamli loyihalari va internet-menejeri Bruno Patinoning ta’kidlashicha, bosma mahsulot va internet orasida «aniq farq» yuzaga keladi. Ya’ni gazetalar chuqur tahlillarga e’tibor qaratib, o‘z asliga qaytadi va yanada elita-xoslik kasb etadi. Internet nashrlari esa ko‘proq yangiliklar, tezkor xabarlar berishga ixtisoslashadi.

Italiyaning Correra della Sera nashrining internet muharriri Marko Pratellesi ham internet an’anaviy jurnalistikaga qaytish uchun imkoniyat beradigan vositadir, degan fikrda. Pratellesi internetdagi yangilik narxi bosma nashrlarga qaraganda arzonroq ekanligini va bosma nashrlarda bu joyni reklama uchun ajratish mumkinligini eslatib o‘tadi.

Times of London nashrining raqamli media nashriyotchisi Zach Leonardning so‘zlariga ko‘ra, internet bosimi «eski» jurnalistlarni yangi «fokus»larni o‘rganishga majbur qiladi va gazetalar multimedia portallariga aylanadi.

Turk jurnalisti Garbis Keshisho‘g‘li esa raqamli inqilob natijasida vujudga kelgan o‘zgarishlarni raqamli imkoniyatlarga aylantira olgan aqlli gazetachilar «Bosma matbuot o‘ladimi?» degan savolni kechiktirishga muvaffaq bo‘lishadi va ular «gibrid matbuot»ni yaratishadi, degan fikrda. Ya’ni bunda bosma matbuot o‘z mantig‘ini saqlab qoladi va raqamli inqilobning imkoniyatlaridan foydalanadi. Shu asno ularning ikkisi bir-birini to‘ldiradi va rivojlantiradi.

Ta’kidlash joizki, bugun raqamli inqilobga qaramay, Pokiston, Hindiston, Xitoy va Uzoq Sharqda bosma tiraj va reklama hajmini tobora oshirayotgan gazetalar ham mavjud. Masalan, Pokistonda Dawn mediaguruhi tobora ortib borayotgan tirajini qondirish uchun doimiy ravishda tonnalab qog‘oz buyurtma qilmoqda. Biroq bu davlatlarni AQSH va Yevropa bilan taqqoslashga urinish u qadar to‘g‘ri bo‘lmaydi, albatta. Chunki yuqoridagi davlatlarda endigina shakllana boshlagan o‘rta sinf garchi smartfonlar bo‘lsa-da, bosma gazetani o‘qishni afzal ko‘radi. Ular uchun tashqariga chiqish, gazeta olish va bir finjon kofe bilan yangiliklardan xabardor bo‘lish – bu o‘ziga xos tonggi marosimdir.

«Danilo & Black» dizayn kompaniyasi rahbari Roger Blakning fikricha, gazetalar ming yildan keyin ham nashr etiladi. Raqamli ommaviy axborot vositalari va bosma ommaviy axborot vositalari uzoq vaqt do‘st bo‘lib qoladi. Ehtimol, yana 1000 yil... Qachonki OAVsiz aloqa qura olsak, ya’ni, masalan, biror romanni ko‘rganimiz hamon uni xotiramizga joylay olsak, o‘shandagina gazetalar yo‘q bo‘lib ketishi mumkin.

2. Pessimistik qarash
USC Annenbergdagi raqamli kelajak markazi asoschisi va direktori Jeffri Koulning fikricha, bugungi odamlar avvalgi odamlarga qaraganda yangiliklarga ko‘proq qiziqish bildirmoqda. Ammo ular axborot olish uchun gazeta varaqlamaydilar. Shuning uchun gazetalar soni va tirajlari muttasil kamayib bormoqda. Endilikda gazeta o‘zining biror o‘quvchisini yo‘qotsa, uning o‘rinini boshqa o‘quvchi bilan to‘ldira olmaydi.

Tan olish kerak, O‘zbekistonda ham holat havas qilgulik darajada emas. Matbuotchilar «Gazeta o‘qiydigan odam qolmadi» deb nolisa, odamlar «O‘qiydigan gazeta qolmadi» deb yozg‘irmoqda. Har ikki tomon ham o‘zicha haq. Mavjud vaziyat esa bizni masala yuzasidan jiddiy mushohada qilishga undaydi.

Bugun bosma narlar modellarini o‘zgarishni zamonning o‘zi talab qilmoqda. Buni inkor etish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Nafaqat biz, balki butun dunyo bu masalada o‘tish davrini boshdan kechirmoqda. Bu davr biroz beqaror va u moslashish jarayoni bilan bog‘liqdir.

Xo‘sh, nima qilish kerak?

Bugun tahririyatlarimiz 3 narsaga e’tibor qaratishlari lozim:
1. Chuqur tahliliy maqolalar yordamida auditoriyani qaytarish;
2. Reklama va daromad modellarini tubdan isloh qilish;
3. Reklamada vizual vositalardan maksimal foydalanish, grafik dizayn ahamiyatini oshirish.
Soogle mutaxassislari ham matbuot kelgusida barqaror bo‘lishi uchun uchta sohada yangilik yaratishi kerakligini ta’kidlashmoqda: tarqatish, jalb qilish va pul ishlash.

Times gazetasi bosh muharriri George Brokning aytishicha, texnologiyalar tufayli variantlar ko‘payadi, ammo o‘z brendiga sarmoya kiritganlar har qanday formatda ham omon qoladi. Olive Software vitse-prezidenti Shuan Dailning fikricha, gazetalar axborotlarini tezda raqamli makonga uzatishlari lozim. Gazetalar kelajakda ham yashaydi, ammo texnologiya bilan formatini o‘zgartiradi. Oxir-oqibat, ehtimol, 30-35 yildan keyin qog‘oz yo‘qolishi mumkin. Gazetalarning kelajagi elektron siyoh va elektron qog‘ozda bo‘ladi. Shu sababli, tahririyatlar yangi texnologiyalarga mos keladigan raqamli platformalarni qo‘llashga tezda kirishishlari kerak.

Shu o‘rinda yana Allamjonovga qaytamiz. U hozirgi holatni to‘g‘ri prognoz qilish va yangi sharoitga to‘g‘ri moslasha olish tarafdori. Faqat niyat har qancha xolis bo‘lmasin uni ifoda etish tarzi to‘g‘ri bo‘lmadi, nazarimda.

Masala bosma nashrlarimizni qiyin vaziyatdan qutqarish. Komil Allamjonov aytmoqchi, yetkazmoqchi bo‘lgan asosiy fikr ham gazetalarimizning internetga moslashish orqali tezroq oyoqqa turib olishini ta’minlashdan iborat. Tan olish kerak, bu butun dunyoda kuzatilayotgan tendensiya. Zotan, bugun eski ish uslubida davom etish ertaga bundan-da murakkab vaziyatlarning tug‘ilishiga sabab bo‘ladi.

Mana shunday sharoitda bosma nashrlarimizdan yangilikka ochiq bo‘lish, eksperimentlarni qo‘llashdan cho‘chimaslik talab qilinadi. Maslan, The New York Times jurnalistlarni o‘z maqolalarini video va audio tarkib bilan boyitishga chorlamoqda hamda ushbu mavzu bo‘yicha treninglar o‘tkazmoqda. AQSH va Yevropadagi ayrim media kompaniyalar esa reklama daromadlari uchun ko‘proq veb-saytlardan foydalanish usullarini izlamoqda.

Soha mutaxassislari ham kelajakda gazetalar ularning veb-saytlar va mobil qurilmalar (smartfonlar, ipad va boshqalar) orqali foydalanuvchilarga tarqatilishini ta’kidlamoqda. Ushbu davrni yaxshilash uchun gazetalarimiz raqamli muhitda o‘quvchilarga yanada ko‘proq interfaol muhitni taklif qilishlari lozim. Boshqacha aytganda, ular o‘quvchilarni foydalanuvchilarga aylantira olishlari lozim. Shunday qilib, foydalanuvchidan olinadigan o‘rtacha daromad bosma gazetalardagi ko‘rsatkichlarga yaqin bo‘ladi. Shu bilan birga, o‘quvchilar hissalari bilan matbuot yanada demokratlashadi.

Bugun Amerikaning The Wall Street Journal, The New York Times, Angliyaning The Financial Times va Daily Mail nashrlari «gibrid gazeta»lar sifatida faoliyat olib bormoqda. Ushbu gazetalar «bosma+raqamli»ning barcha imkoniyatlaridan foydalangan holda, bosma nashr reklamalaridagi yo‘qotishni raqamli sohadagi reklama bilan to‘ldirishyapti. Albatta, hamma gazeta tahririyati ham «gibrid matbuot» xarajatlarini qoplash imkoniyatiga ega emas. Shundan kelib chiqib, hozirigi sharoitda foyda berishi mumkin bo‘lgan ba’zi tavsiyalarni keltirib o‘tishni lozim topdik:

- vaziyatning og‘irligini kechiktirmasdan anglab, zamonga mos qadam tashlash;
- reklamadan tashqari yangi daromad manbalarini axtarish;
- reklama beruvchilarga ko‘proq va to‘g‘ridan to‘g‘ri xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash. Buning uchun barcha kanallarni faollashtirish;
- «gibrid matbuot»ga o‘tish jarayonida raqamli texnologiya sohasidagi tajribali mutaxassislar yordamidan foydalanish;
- imkon tug‘ilgani hamon gazetaning maxsus mobil ilovasini yaratish;
- sifatli kontent taqdim etilmagan taqdirda eng yaxshi texnik imkoniyatlardan foydalanish ham foyda bermasligini doimo yodda tutish.

Albatta, hal bo‘lmaydigan masalaning o‘zi yo‘q. Ayniqsa, hamjihatlikda ish ko‘rilsa. Hozir bir-biriga achchiq qilish, so‘zni so‘zga urish bilan vaziyat o‘nglanib qolmaydi. Mavjud sharoitdan kelib chiqib, yechim topishga urinish esa oqilona ish bo‘ladi.

So‘zim oxirida Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining jurnalistlar haq-huquqlarini ta’minlash, ularga moddiy-ma’naviy ko‘mak berishdagi xizmatini e’tirof etgan holda, bosma nashrlarimizga beriladigan har qanday moddiy-moliyaviy ko‘makni ularni raqamlashtirishga yo‘naltirilishini, kerak bo‘lsa, mas’ul tashkilotlar birligida mazkur yo‘nalishda umumiy dastur loyihasi ishlab chiqilishini, yetuk ekspertlar ishtirokida ushbu mavzuda treninglar tashkil qilinishini taklif qilgan bo‘lardim. Zotan, bosma nashrlarimizning tezroq oyoqqa turib olishida bu g‘oyat muhim ahamiyatga ega.

Otabek Tillayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Gazetalar kelajagi bo‘yicha ikki qarash