23:05 / 26.04.2020
14 731

Bloger haq bo‘lib chiqdi. Soliq qo‘mitasiga «salomlar bo‘lsin»!

Bloger haq bo‘lib chiqdi. Soliq qo‘mitasiga «salomlar bo‘lsin»!
Videolavhadan skrinshot
Yigirma kun burun bloger va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev navbatdagi chiqishida «Soliq qo‘mitasiga bir gap bo‘layotgani» haqida bong urgandi. Ya’nikim, qo‘mita saytida Chirchiq shahridagi «Aziya» to‘yxonasida 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro M.E. hech qanday hujjatlarsiz tibbiy niqob ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygani, bunga 183 nafar ishchi(!) yollab ishlatayotganiga oid xabarga munosabat bildirib, soliqchilarni keskin tanqid qilgandi.

Bugungi murakkab sharoitda O‘zbekistonda tibbiy niqob yetishmovchiligi juda yuqori bo‘lganligi sababli Hukumat zudlikda qaror qabul qilib, tibbiy niqobni ishlab chiqarish, tayyorlash hamda uni realizatsiya qilish uchun litsenziya talabini bekor qilgan bir paytda soliq organi (tibbiy niqob ishlab chiqaruvchilarni) rag‘batlantirish o‘rniga buning teskarini qilishayotgani e’tibor qaratgan bloger shunday savol qo‘ygandi: «Vijdoninglar bormi o‘zi?»

Blogerning chiqishi jamoatchilikning haqli e’tirofiga, Soliq qo‘mitasining esa e’tiroziga sabab bo‘lgandi. Mazkur voqelik ortidan ijtimoiy tarmoqlarda Xushnud Xudoyberdiyevga nisbatan boshlangan «axborot huruji» muvaffaqiyatsiz yakun topganidan ham ko‘pchilikning xabari bor.

Bugun ma’lum qilindiki, prokuratura tadbirkorning «burnini qonatmabdi». Aksincha, Chirchiq shahar prokuraturasining ko‘magi bilan tadbirkor faoliyatiga qonuniy tus berilib, u boshlagan ish yanayam kengroq ko‘lamda davom etishiga imkoniyat yaratilibdi. Buning natijasida 250 nafar mahalliy aholi ish bilan ta’minlanibdi.

Mana bu boshqa gap!
Blogerning haqli tanqidi mardlarcha tan olinmagan bo‘lsayam, ich-ichdan e’tirof etilganining hosilasi emasmi bu?!

Yaxshi niyatda ish boshlaganni jazolab, borini musodara qilish o‘rniga, uning faoliyatiga yaqindan yordam berilishi nainki tadbirkor, balki mahalliy aholi va hatto davlat uchun foydali emasmi?!

Voqelikka munosabat bildirar ekan, bloger shunday deydi: «Ayrim qonundan dars beruvchi tashkilotlarga eslatma – gap qonunni buzganlarga ko‘z yumish haqida emas, ularga yordam berish haqida ketgan edi. Chunki har qanday qonun xalq farovonligi uchun ishlashi kerak!»

Balli, Xushnudbek!

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bloger haq bo‘lib chiqdi. Soliq qo‘mitasiga «salomlar bo‘lsin»!