13:03 / 02.05.2020
2 643

Tadbirkorlar avtomobilda harakatlanish uchun stikerni qanday qilib olishi mumkin?

Tadbirkorlar avtomobilda harakatlanish uchun stikerni qanday qilib olishi mumkin?
Davlat soliq qo‘mitasi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlardan faoliyatni tiklash va avtomobillarda harakatlanishga ruxsat berish to‘g‘risida ko‘plab murojaatlar kelib tushayotgani to‘g‘risida ma’lum qildi.

O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 30 apreldan boshlab yangi tartib joriy etildi.

Xususan, fuqarolarga avtoulovlarda 07: 00 dan 10: 00 gacha va 17: 00 dan 20:00 gacha harakatlanishga ruxsat berildi. Ishini vaqtincha to‘xtatib turgan tadbirkorlar iloji boricha tezroq faoliyatini qayta tiklashga harakat qilmoqda.

Transport vositalarining harakatlanishiga va tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini qayta tiklashga ruxsat berish uchun barcha tuman (shahar) hokimliklarida soliq xizmati, ichki ishlar organlari, prokuratura hamda sanitariya va osoyishtalik markazi xodimlaridan iborat maxsus shtablar tashkil etilgan.

DSQ matbuot xizmatining yozishicha, faoliyatini qayta tiklamoqchi bo‘lgan va transport vositalarining harakatlanishiga ruxsat olishni istagan tadbirkorlar soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan tuman (shahar) hokimliklariga, karantin davrida belgilangan vaqt – 07: 00 dan 10: 00 gacha va 17: 00 dan 20: 00 gacha shaxsan tashrif buyurishlari kerak.

Buning uchun tuman hokimliklaridagi maxsus shtabga ariza va tegishli hujjatlarni taqdim etish lozim.
Ariza shtab a’zolari tomonidan bir ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi (tadbirkorlik faoliyati mavjudligi va barcha karantin talablariga javob berishi tekshiriladi).

Ruxsat berish asossiz ravishda rad etilgan taqdirda, shtab tarkibidagi prokuratura vakillariga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Bildirilishicha, faoliyatni qayta tiklash va transport vositalarida harakatlanish uchun ruxsat hamma tadbirkorlik sub’ektlariga ham berilavermaydi.

Inqirozga qarshi Respublika komissiyasining joriy yil 25 apreldagi qaroriga binoan quyidagi sub’ektlarga faoliyatini qayta tiklash va transport vositalarida harakatlanishga ruxsat beriladi:
  • qurilish materiallari bozorlari (qurilish materiallarining chakana va ulgurji savdosi uchun mo‘ljallangan maydon 500 kv.m dan kam bo‘lmaganda);
  • yirik ishlab chiqaruvchi sub’ektlarning o‘z mahsulotlarini sotishga mo‘ljallangan hududlardagi tarmoq do‘konlari (1 nafar xaridorga 10 kv.m. sanitar talablariga rioya etilish sharti bilan);
  • hunarmand va ustalarga (ular tomonidan yasalgan buyumlarni bozorlardan tashqari alohida joylashgan do‘kon/magazinlarda sotish amalga oshirilganda);
  • urug‘ va ko‘chat yetishtirish va ularni sotish bilan shug‘ullanadigan (mulkchilik shaklidan qat’iy nazar) tadbirkorlik sub’ektlari;
  • turli ob’ektlardagi tijorat banklarining (kassalari) shoxobchalari;
  • avtomobillarga ehtiyot qismlar sotish faoliyati bilan shug‘ullanadigan (mulkchilik shaklidan qat’iy nazar) tadbirkorlik sub’ektlari (agar savdo yirik avto bozorlarda alohida joylarda/magazinlarda amalga oshirilsa);
  • avtomobillar, qishloq xo‘jaligi va qurilish texnikalariga servis xizmat ko‘rsatuvchi (maydoni 1000 kv.m dan kam bo‘lmagan) tashkilotlar, shuningdek, vulkanizatsiya xizmatlari ko‘rsatuvchi sub’ektlar;
  • kimyoviy tozalash bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari;
  • notarial idoralar va sug‘urta kompaniyalari;
  • to‘xtatilgan investitsiya loyihalari va ijtimoiy soha ob’ektlari qurilishi.

Karantin sharoitida mazkur korxonalar faoliyatlarida sanitariya-epidemiologiya qoidalariga qat’iy rioya qilishlari shart.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tadbirkorlar avtomobilda harakatlanish uchun stikerni qanday qilib olishi mumkin?