13:33 / 03.05.2020
2 424

Koronavirus va biz. «Urushning so‘nggi qurboni» bo‘lib qolmang

Koronavirus va biz. «Urushning so‘nggi qurboni» bo‘lib qolmang
Foto: AP/TASS
Ehtimollar nazariyasi ko‘pincha bizni aldab qo‘yadi. Biror yomon voqea ehtimolining kam bo‘lishi go‘yoki, xavfning o‘zini ham kichik qilib qo‘yadi go‘yo. Aslida unday emas.

Tasavvur qiling, oltitadan beshtasida o‘q joylashgan to‘pponcha qo‘lingizda turibdi. Peshonangizga tirab, ota olmaysiz, to‘g‘rimi? Ehtimol katta chunki. Ammo agar beshta emas, faqat bittasida o‘q bo‘lsachi? Ehtimol, besh baravar pasaydi. Lekin peshonangizga tirab, ota olasizmi? Yo‘q. Chunki xavf katta – o‘lim. Ehtimol qanchaligi bir tiyin...

Biz asosan dunyo olimlarining, davlatlarning virusga qarshi qanday kurashib, qanday natijalarga erishayotgani haqida ko‘p yozmoqdamiz, o‘qimoqdamiz. Ammo bugun aslida yanada muhimroq bo‘lgan uchinchi front haqida fikr yuritmoqchiman.

Urush haqidagi kinolarni ko‘rganimda, asarlarni o‘qiganimda, so‘nggi kunlardagi yo‘qotishlar ko‘proq ta’sir qiladi. To‘g‘ri, inson hayoti o‘lchanganda, doim qadrli, lekin farqi bor — eng og‘ir davrda, urush o‘chog‘ida vafot etgan inson o‘sha shartlardagi umrini, so‘nggi kunlarda esa, tinchlik davrda o‘tishi mumkin bo‘lgan umrini qurbon qilayotgan bo‘ladi.

Ikkinchi jahon urushida Berlinni bosib olishda qatnashgan general Aleksandr Gorbatov o‘sha operatsiya haqida shunday deydi:
«Harbiy nuqtayi nazardan, Berlinga hujum qilish xato bo‘lgan. Shaharni shunchaki qamal qilish va bir necha kun kutish kifoya edi — oxiri taslim bo‘lishdan boshqa choralari qolmasdi. Biz esa, g‘alaba ostonasida turgan holatda, shahar ko‘chalaridagi qarshilikdan yuz mingga yaqin askar yo‘qotdik. Ularning har biri bu yo‘lda qanday kunlarni boshdan kechirgan, ertaga onamni, ayolimni, bolalarimni ko‘raman, degan orzu bilan yonayotgan oltinga teng insonlar edi».

Odamlar bilan odamlar urushadigan jahon urushlaridan farqli ravishda koronavirus kurashi bir necha frontlarda kechmoqda.

Birinchisi, dunyodagi vaziyat, ikkinchisi, O‘zbekistondagi vaziyat bo‘lsa, uchinchisi, faqat o‘zimiz va koronavirus o‘rtasidagi front — atrofimiz qay darajada virusni yengayotgani yoki yengilayotganidan qat’i nazar, o‘z urushimiz ham bor: o‘zimizni va oilamizni asrashimiz kerak. Masofa saqlaymiz, gigiyenaga rioya qilamiz, o‘zimizni izolyatsiyaga olamiz, qari ota-onalarimizni ehtiyot qilamiz va hokazo.

Dunyoning koronavirusga qarshi kurashi aynan bugun qanday holatda, O‘zbekiston qaysi bosqichga keldi, bu tomoni hech kim uchun aniq emas, axir bu ko‘rinmas dushman — uning kuchini noto‘g‘ri baholash yomon oqibatlarga olib kelishining ham guvohi bo‘ldik. Lekin katta ehtimol bilan mamlakatimizda vaziyat ancha barqarorlashgan, nazoratga olinganidan darakki, turli jabhalarda karantin shartlarini yengillashtirish qarorlari chiqib boryapti.

Ha, balki butun dunyoda ham shunaqadir, virus chekinishni boshlagan, balki biz urushning so‘nggi bosqichidadirmiz.

Ammo, bilasizmi, bu holat dunyoning, davlatlarning ishini birmuncha yengillashtirishi mumkin xolos — kasallar soni, o‘limlar soni, yordamga muhtojlar soni kundan kunga kamayib boradi. Uchinchi front haqida esa, bunday deb bo‘lmaydi.

Aksincha, urush oxirlagan sari, inson hayotining qadri oshib boraveradi. Bekorga Berlin voqeasini esga olmadim — dunyo bir kun virusni yengishi aniq, davlatlar yakunda vaziyatni o‘nglab, eski hayot tarziga qaytishi vaqt masalasi, lekin alohida bir insonning virus bilan kurash natijasi ma’lum emas, xuddi g‘alabani o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, Berlin ostonasida, «ertaga oilamga qaytaman» degan ishonch bilan turib, daydi o‘q qurboni bo‘lgan askar kabi.

Davlat karantin shartlarini yengillata boshlaganini to‘g‘ri anglashni bilishimiz kerak. Bu qarorlar davlat o‘z frontida g‘alaba qozonayotgani belgisi, demak, bundan keyin u tayyor, barchasini nazoratda ushlay oladi.

O‘z navbatida bu qarorlar virus osmonga chiqib, yurtimizni tark etayotganini yoki odamlarning immuniteti oshib, kasal bo‘lmasligini anglatmaydi. Shunchaki, davlat ba’zi jabhalarda virus bilan kurashishni o‘z mas’uliyatimizga yuklamoqda – endi davlat ishlashni taqiqlamayapti, lekin endi, ishga borganda ehtiyot bo‘lishimiz, himoyalanishimiz o‘z qo‘limizda, davlat mashinada yurishga ruxsat beryapti, ammo endi ba’zi narsalarni o‘zimiz uchun taqiqlash o‘z zimmamizda turibdi.

Shaxsan siz uchun o‘sha mashina bilan ko‘chaga chiqish taqiqlangan birinchi kunda xavf qanday bo‘lsa, hozir ham shunday, karantin qoidalari og‘irlashishni boshlagan ilk kunlarda kasallar soni barmoq bilan sanarli bo‘lgan, hozir ikki mingdan oshdi. Ammo odamlar xuddi hammasi ortda qolgandek kayfiyatda bo‘layotgani, davlat «mashinada yuraveringlar» desa, bayram qilib, ko‘chani to‘ldirayotgani biroz g‘alati tuyuladi.

Taqiqlar mas’uliyatni kamaytiradi. Taqiqning olinishi — endi tanlov imkoniyatimizning o‘zimizga havola etilishidir. Ya’ni mas’uliyat o‘z zimmamizga o‘tdi.

Xudo ko‘rsatmasin, virusga chalinib, boshqalarga, o‘z yaqinlaringizga, yoshi katta qarindoshingizga yuqtirsangiz-u, oqibat yomonlik bilan tugasa, karantin tugagani-yu, butun dunyo bir kun virusni yengganining, uyingiz devori orqasida bayram bo‘layotganining sizga qanday ahamiyati qoladi? Axir siz o‘z frontingizda mag‘lub bo‘lasiz, bu eng dahshatlisi emasmi?

Virus bilan kurash davom etadi: ehtiyotkorlikni oshirishimiz, gigiyenik qoidalarga amal qilishimiz, imkon qadar masofa saqlashimiz juda zarur bo‘lgan palla kirib kelmoqda. Virus yuqish ehtimoli pasaygani bilan, xuddi kirish qismida to‘pponcha misoli kabi, uning xavfli kasallik ekani, sizga va yaqinlaringizga zarar keltirish darajasi hamon o‘shanday turibdi.

Ayniqsa hozir. G‘alaba yaqinlashgan sari...

Ko‘chaga chiqish mumkin bo‘lmagan, hamma uyida saqlanib o‘tirgan, kun sayin kasallar va o‘limlar soni ortgani sari vahimaga tushib o‘tiradigan hayot emas, avvalgidek, dam olish, masjidga chiqish, to‘y qilish, sayohatga, futbolga borish bemalol bo‘lgan ajoyib hayotga yaqin qolganda...

Urushning so‘nggi qurboni bo‘lib qolmang... Bu yanada alamliroq.

Qahramon Aslanov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Koronavirus va biz. «Urushning so‘nggi qurboni» bo‘lib qolmang