19:23 / 04.05.2020
19 035

Yulduz Usmonova IIV xodimlarini qattiq haqoratladi. Bunga qanday javobgarlik bor?

Yulduz Usmonova IIV xodimlarini qattiq haqoratladi. Bunga qanday javobgarlik bor?
Videodan kadr
Ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Yulduz Usmonovaning ichki ishlar organlari xodimlarini haqorat qilgani, shuningdek, ochiqchasiga karantin qoidalarini buzgani aks etgan videolar tarqaldi. Uning bu harakatlari ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Xo‘sh xonandaning bu harakatlari qanday oqibatlarga ega?

So‘nggi bir yarim oy ichida vakolatli davlat organlari tomonidan karantin qoidalarini buzish, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik va boshqa shu kabi ko‘plab huquqbuzarliklarga oid 100 mingdan oshiq ishlar ko‘rildi. Boshqalarga o‘rnak bo‘lishi uchun qoidabuzarlarga ma’muriy qamoq yoki jinoyat ishi qo‘zg‘atilishigacha bo‘lgan qat’iy choralar ko‘rildi. Hatto ko‘chada tibbiyot niqobisiz yurgan yoshlar 15 sutkaga qamalganiga oid holatlarga ham guvoh bo‘ldik.

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston xalq artisti, xonanda Yulduz Usmonovaning ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan haqoratomuz so‘zlari va harakatlari aks etgan videoroliklar tarqaldi. Ularda xonanda tungi vaqtda ichki ishlar organlari xodimlari tashabbus ko‘rsatib Sardobadagi toshqindan jabr ko‘rgan aholiga yordam ko‘rsatish uchun o‘tkazayotgan xayriya tadbirlarida xavfsizlik choralari va tartib-intizomni ta’minlab bermaganidan noroziligini bayon qiladi.

Videoda Yulduz Usmonova karantin choralari amal qilib turgan bir vaqtda, jamoat joyida tibbiyot niqobisiz yurganini ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, u ichki ishlar organlari xodimlari (aniqrog‘i tizimining) sha’ni, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan so‘zlar aytadi va harakatlar amalga oshiradi.

«GAI keldi, shu trassaga qarayman deb. Odam ber dedim, mana bu yerga qaragani, ko‘rdinglar, xo‘p dedi, ketdi, bermadi. Uchastkovoy shunday yarim soat ***ga bir tepib keldi, yarim soat ko‘rindida og‘zini ochib qochvordi. Endi men bunaqangi bezalabrnostni (palapartishlikni - tahr.) ko‘rmaganman. Yo‘q sizlarga, yo‘q, nol v karboke vi. Ni kakoy uvajeniye, kakoy uvajeniye kakoye lyubvi mojet bit. Vot vam uvajeniye (shu kadrda qo‘l harakati bilan haqorat belgisini ko‘rsatadi - tahr). Uvajeniye nado zaslujivat, uvajayemie lyudi v pogonax. Men mutlaqo aytyapman, jurnalistlarimiz, yozinglar, yoritinglar shunaqa narsani. Vidite spyat oni takogo vremya. Omon bo‘linglar!», deydi xonanda instagramdagi sahifasiga joylashtirilgan videoda.

U yana bir videoda xodimlarning otalarini la’natlaydi.
«Bugun Mirzo Ulug‘bek tumanining melisasining zami (tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin – tahr.) trassaga qarayman dedi. Mayor edi. Bitta melisa bering, GAI bering, eplolmay qoldik dedim, xo‘p dedi, bermadi. Uchastkovoy chiqmadi.

Padarla’nati bo‘ldilaring bugun. Xalq birlashdi, xalqning yonida turmadilaring. Tfu! GAIlarga, melisalarga», deya haqoratini davom ettiradi xonanda.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasiga ko‘ra, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasiga ko‘ra, haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda aylanayotgan video fuqaro Yu.Usmonovaning yuqorida ko‘rsatilgan qonun normalarini buzganini ko‘rsatib turibdi. Shunday ekan, u ham O‘zbekiston Respublikasining boshqa fuqarolari kabi ma’muriy javobgarlikka tortilishi lozim.

Zero, MJtKning 3-moddasiga ko‘ra, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari qonuniylik, fuqarolarning qonun oldida tengligi va ayb uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsiplariga asoslanadi.

Bundan tashqari, unutmaslik kerakki, bir fuqaroning xayrli amallar bilan shug‘ullanib, xalqqa va jamiyatga foydasi tegayotgani unga boshqa bir fuqaro yoki soha vakillarini haqorat qilish huquqini bermaydi.

Ushbu video yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi xonandaga nisbatan o‘z e’tirozlarini bildirdi.

«Yurtimizga kelgan sinovlar paytida Yulduz Usmonova tomonidan bildirilgan fikrlar noo‘rindir, shuningdek, san’atkorning xabari bo‘lmasa kerak, ikki oy davomida o‘z oilasi va uyiga hattoki bormayotgan ichki ishlar xodimlari ijtimoiy tarmoqlarda nolishayotgani yo‘q. Chunki, ular xalqning tinchligi yo‘lida kunni kun, tunni tun demay mehnat qilishyapti», deyiladi vazirlik munosabatida.

4 may kuni Yulduz Usmonova Ichki ishlar vazirligidan uzr so‘ragani aks etgan video ham paydo bo‘ldi. Amaldagi qonun hujjatlariga ko‘ra uzr so‘rash shaxsni sodir etgan huquqbuzarligi uchun javobgarlikdan ozod etishga sabab bo‘lmaydi.

Hozircha Ichki ishlar vazirligi vaziyat yuzasidan munosabat bildirmadi.

Dilshod Abduqodirov
huquqshunos

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yulduz Usmonova IIV xodimlarini qattiq haqoratladi. Bunga qanday javobgarlik bor?